Besh kunlik o‘qish va oliy maktab. Shavkat Mirziyoyev Agrar universiteti bo‘yicha qaror imzoladi

O‘zbekiston 07:53 / 20.08.2019 70067

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Toshkent davlat agrar universiteti faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Hujjat matni O‘zA tomonidan keltirilgan.

Toshkent davlat agrar universiteti va uning filiallarida qishloq xo‘jaligi ta'limi va ilm-fanini yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilandi:

qishloq xo‘jaligida innovatsion resurstejamkor texnologiyalarni qo‘llash, “aqlli qishloq xo‘jaligi” (Smart agriculture) va raqamlashtirilgan agrotexnologiyalarni joriy qilish bo‘yicha zamonaviy bilimlarga ega bo‘lgan kadrlar tayyorlash;

o‘quv-laboratoriya bazasini modernizatsiyalash, fan dasturlarida soha bo‘yicha zamonaviy ishlab chiqarish jarayonlari, yuqori unumli va resurstejamkor ilg‘or texnologiyalar sohasidagi bilimlarni shakllantirishga qaratilgan vazifalarni aks ettirish;

xorijiy ilmiy-tadqiqot va oliy ta'lim muassasalarida professor-o‘qituvchilar, ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarning malakasini oshirish va stajirovkalarini tashkil etish;

ilmiy-tadqiqot institutlari, manfaatdor vazirlik, idora va tashkilotlar hamkorligida fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlar olib borish hamda ularning natijalarini ishlab chiqarishga keng joriy etish;

Universitet va uning filiallari axborot-maslahat markazlari (extension center) orqali qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishidagi tizimli muammolarni aniqlash hamda ularni bartaraf etish bo‘yicha “axborot – maslahat markazi – kafedra – qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchisi” tizimini joriy etish;

professor-o‘qituvchilar, ilmiy-tadqiqotchilar va talabalarning innovatsion texnologiyalarni yaratish hamda joriy etish borasidagi tashabbuskorligi va moddiy manfaatdorligini oshirish;

o‘quv mashg‘ulotlari, malakaviy amaliyotlarni o‘tishda talabalarni innovatsion va yangicha fikrlashga yo‘naltiradigan yangi o‘qitish texnologiyalari hamda interfaol uslublarni, shu jumladan, talabalarning mustaqil izlanishini ta'minlovchi mexanizmlarni keng joriy etish;

qishloq xo‘jaligi va uning tarmoqlari uchun kadrlar tayyorlashning uzviy tizimini yaratish, biriktirilgan akademik litsey va kasb-hunar kollejlari ta'lim dasturlarining uzluksizligi va izchilligini ta'minlash.

Qishloq xo‘jaligi sohasida fan, ta'lim va ishlab chiqarishni integratsiyalash bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi kengash tarkibi tasdiqlandi hamda uning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:

ma'muriy bo‘ysunishidan qat'iy nazar qishloq xo‘jaligi sohasi hamda uning tarmoqlari bo‘yicha izlanishlar olib borayotgan, kadrlar tayyorlovchi ilmiy-tadqiqot va oliy ta'lim muassasalarining o‘zaro hamkorligini ta'minlash;

qishloq xo‘jaligi sohasi mutaxassislarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni tashkil etish;

qishloq xo‘jaligi sohasidagi talab va ilg‘or xorijiy tajribalar asosida oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi muassasalarida Davlat ta'lim standartlari, o‘quv reja va dasturlari tizimli ravishda takomillashtirilishini ta'minlash.

Belgilanishicha, Universitet qishloq xo‘jaligi sohasida yuqori malakali ilmiy-pedagog kadrlar va mutaxassislarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha tayanch oliy ta'lim muassasasi hamda Qishloq xo‘jaligi sohasida fan, ta'lim va ishlab chiqarishni integratsiyalash bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi kengashning ishchi organi hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi va Innovatsion rivojlanish vazirligining 2019/2020 o‘quv yilidan boshlab:

tajriba-sinov tariqasida Universitetning 5411500 – O‘simliklar va qishloq xo‘jalik mahsulotlari karantini bakalavriat ta'lim yo‘nalishida ta'limning kredit tizimini bosqichma-bosqich joriy etish;

Universitetning 2-bosqich talabalari orasidan saralab olingan iqtidorli talabalar uchun ta'limning alohida dasturlari asosida o‘qitiladigan maxsus guruhlar tashkil etish. Bunda davlat ta'lim standartlari, malaka talablari, o‘quv rejalari va fan dasturlari xorijiy mutaxassislarni jalb qilgan holda ishlab chiqiladi;

qishloq xo‘jaligida agrotexnik tadbirlarning mavsumiyligini inobatga olib, dissertatsiyalarda ikki yillik ilmiy-amaliy dala tajribasi natijalarining qamrab olinishini ta'minlash maqsadida qishloq xo‘jaligi sohasidagi magistratura mutaxassisliklari o‘quv jarayonini yanvar oyidan boshlash to‘g‘risidagi takliflari ma'qullandi.

Bunda ta'limning kredit tizimida talabalar uchun haftada besh kunlik o‘qish hamda haftaning shanba kuni mustaqil o‘zlashtirish kuni deb belgilandi.

Belgilab qo‘yilishicha:

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan uning asoslangan takliflari asosida qishloq xo‘jaligi sohasidagi bakalavriat ta'lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklarining ishlab chiqilgan Davlat ta'lim standartlari, malaka talablari, o‘quv rejalari va fan dasturlarini tasdiqlash hamda o‘quv jarayoniga bosqichma-bosqich joriy etish Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi;

Universitet va uning filiallari professor-o‘qituvchilari o‘quv, ilmiy-tadqiqot, ma'naviy-ma'rifiy, tashkiliy-metodik ishlardan tashqari vazirlik hamda idoralarning boshqa ishlariga jalb etilmaydi, shartnoma doirasida ko‘rsatiladigan xizmatlar bundan mustasno.

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi:

a) Toshkent davlat agrar universiteti va Nukus, Andijon, Termiz filiallari tuzilmasini qayta ko‘rib chiqib, tasdiqlanishini ta'minlaydi;

b) Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi hamda Samarqand viloyati hokimligi bilan birgalikda ikki oy muddatda Toshkent davlat agrar universitetining Samarqand filialini tashkil etish bo‘yicha hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritadi;

v) Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi bilan birgalikda:

Universitet qoshidagi Qibray akademik litseyi hamda Qishloq xo‘jaligi vazirligi tizimiga o‘tkazilayotgan qishloq xo‘jaligi kasb-hunar kollejlari negizida oliy ta'lim tizimi bilan integratsiyalashgan oliy maktablar tashkil etish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritadi;

2020 yil 1 avgustga qadar oliy maktablarni tamomlagan bitiruvchilar uchun bakalavriatning 3 yillik maxsus ta'lim dasturlarini ishlab chiqsin va amaliyotga joriy etadi;

g) manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda:

Universitet va uning filiallari talabalarining malakaviy amaliyotlari yetakchi korxona, tashkilot va qishloq xo‘jaligi klasterlarida sifatli o‘tkazilishini ta'minlaydi va monitoringini olib boradi;

ikki oy muddatda agrosanoat majmui tarkibidagi korxona, tashkilot va muassasalarni rahbar kadrlar bilan ta'minlash maqsadida Universitetda “Agrobiznes va boshqaruv” yo‘nalishida zaxira kadrlar tayyorlashni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritadi;

bir oy muddatda Universitet va uning filiallarida kirish uchun belgilangan qabul chegarasidan kam ball to‘plagan abituriyentlar uchun oshirilgan to‘lov-kontrakt miqdorini ikki baravarga kamaytirish to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasiga taklif kiritadi.

Belgilab qo‘yilishicha, oliy maktabda:

o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi darajasida kunduzgi, kechki va sirtqi ta'lim shakllarida kadrlar tayyorlanadi va oliy ta'limning bakalavriat ta'lim yo‘nalishlari bilan integratsiyalashgan kichik bakalavrlar (Associate degree) tayyorlash bo‘yicha ta'lim dasturlari amaliyotga joriy etiladi;

kichik bakalavr (Associate degree) ta'lim dasturlarini tamomlagan bitiruvchilar 2023/2024 o‘quv yilidan boshlab mos bakalavriat ta'lim yo‘nalishlari bo‘yicha kirish sinovlarisiz suhbat o‘tkazish orqali bakalavrlar tayyorlashning maxsus uch yillik dasturi bo‘yicha va o‘qish tugaganidan so‘ng taqsimotga muvofiq uch yil davomida uzluksiz ishlab berish majburiyatini olgan holda Universitet va uning filiallariga o‘qishga kirish huquqiga ega bo‘ladi;

faoliyatni moliyalashtirishning asosiy manbalari etib O‘zbekiston Respublikasi davlat budjeti, vazirlik, idoralar, yirik ish beruvchilar hamda buyurtmachilarning budjetdan tashqari mablag‘lari, xalqaro moliya institutlarining mablag‘lari va o‘quvchilarni to‘lov-kontrakt asosida o‘qitishdan tushadigan mablag‘lar hisoblanadi;

yakuniy davlat attestatsiyasidan muvaffaqiyatli o‘tgan bitiruvchilarga davlat namunasidagi diplom va tegishli kasblar bo‘yicha belgilangan tartibda razryadlar beriladi;

o‘quvchilarni qabul qilish parametrlari O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida, tashabbuskorlar mablag‘lari hisobiga Universitet va uning filiallarida “Kichik innovatsion korxona”larni tajriba-sinov tariqasida tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berildi.

Universitet:

xorijiy davlatlarning yetakchi oliy ta'lim muassasalarida sinovdan o‘tgan tajribalarni o‘rgangan holda 2019/2020 o‘quv yilidan boshlab universitetda rahbar kadrlar hamda professor-o‘qituvchilar faoliyati samaradorligining baholash tizimini joriy etadi;

uch oy muddatda Universitetni 2025 yilga qadar dunyoning nufuzli 1000 ta oliy ta'lim muassasalari ro‘yxati (QS reyting tizimi)ga kiritish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqib, tasdiqlash uchun Qishloq xo‘jaligi vazirligiga taqdim etadi;

bir oy muddatda Universitet va uning filiallari ustavlari tasdiqlanishini va belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini ta'minlaydi;

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda universitetning 5411500 – O‘simliklar va qishloq xo‘jalik mahsulotlari karantini ta'lim yo‘nalishida ta'limning kredit tizimini joriy qilish to‘g‘risidagi nizomni ishlab chiqadi va belgilangan tartibda tasdiqlanishini ta'minlaydi;

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Moliya vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi va Adliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda tajriba-sinov tariqasida Agrobiologiya fakultetini Toshkent davlat agrar universiteti tarkibida mustaqil faoliyat yuritadigan yuridik shaxs sifatida tashkil etish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritadi;

Universitet va uning filiallari huzurida tashkil etiladigan “Kichik innovatsion korxona”lar o‘rtasida tuziladigan shartnomaning namunaviy shaklini ishlab chiqadi.

Ko‘proq yangiliklar: