20 avgustdan tijorat banklari naqd valuta sotishni boshladi

Iqtisodiyot 10:19 / 20.08.2019 110394

Valuta bozorini yanada erkinlashtirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish doirasida joriy yilning 20 avgustidan boshlab tijorat banklari valuta ayirboshlash shoxobchalari orqali naqd xorijiy valuta sotishni boshladi. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati xabar bermoqda.

«So‘nggi kunlarda ichki banklararo valuta bozori savdolarida almashuv kursi o‘zgaruvchanligi ortishi kuzatilmoqda. Xususan, 2019 yil 20 avgustdagi birja savdolarida so‘mning AQSh dollariga nisbatan almashuv kursi 9384 so‘mni tashkil qildi.

Valuta kursi holatidagi ushbu o‘zgarishlar valuta bozorida mavjud talab va taklifning o‘zaro nisbatini inobatga olgan holda kursning keskin tebranishlari oldini olish maqsadida o‘rnatilgan joriy almashuv kursi tebranish koridori bekor qilinishiga sabab bo‘ldi.

Avval xabar qilinganidek, so‘nggi oylarda ayirboshlash kursi dinamikasi quyidagi omillar ta'sirida shakllandi.

Birinchidan, jahon iqtisodiyotidagi xatarlar ortishi va tashqi savdo munosabatlarida o‘zaro kelishmovchiliklar keskinlashuvi AQSh, Xitoy, Yevrohudud va boshqa mamlakatlarda iqtisodiy o‘sish sur'atlari pasayishiga olib keldi.

Bunda, ko‘plab mamlakatlar, jumladan, O‘zbekistonning asosiy savdo sheriklari bo‘lgan davlatlar moliya bozorlarida mazkur o‘zgarishlar milliy valuta kursi o‘zgaruvchanligi va qadrsizlanishi kuchayishiga sabab bo‘lmoqda. Ushbu mamlakatlardagi milliy valutalarning qadrsizlanish darajasi inflatsiya darajasidan yuqoriroq bo‘lib, bu o‘z navbatida, so‘m qadrining real ma'noda oshishiga olib kelmoqda.

Ikkinchidan, yuqoridagi omillar iqtisodiyotdagi investitsion va kreditlash faolligining oshishi bilan bir qatorda eksport «narx ko‘tarilishi» va import jozibadorligi oshishi ko‘rinishida mahalliy ishlab chiqaruvchilarning tashqi va ichki bozorlarda narx raqobatbardoshligi pasayishiga sabab bo‘lmoqda.

Natijada, so‘nggi yillarda ichki valuta bozorida talabning barqaror o‘sishi kuzatilmoqda.

Jahon iqtisodiyotining joriy rivojlanish tendensiyasi sharoitida Markaziy bank valuta kursi shakllanishiga tashqi omillar ta'sirining kuchayish ehtimoli mavjudligini inobatga oladi.

Shu bilan birga, Markaziy bank ichki valuta bozoridagi vaziyatni diqqat bilan kuzatishda davom etadi hamda tashqi omillar ta'sirini kamaytirish va asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar muvozanatini ta'minlash maqsadida bozor mexanizmlaridan foydalanadi.

Xususan, Moliya vazirligi bilan birgalikda ekspansion kreditlash va fiskal siyosatini cheklash orqali inflatsiya va valuta kursiga qo‘shimcha bosimni pasaytirish bo‘yicha choralar ko‘rib boriladi.

Valuta bozorini yanada erkinlashtirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish doirasida joriy yilning 20 avgustidan boshlab tijorat banklari tomonidan naqd xorijiy valutani sotish yo‘lga qo‘yiladi», deyiladi xabarda.

Bundan avvalroq, O‘zbekiston banklarida dollar kursi 9450 so‘mgacha ko‘tarilgani xabar qilingandi. Dollar banklarda ham 9450 so‘mdan sotilib, 9200 — 9350 so‘mdan sotib olinayotgandi. 

Endi esa chet el valutasini valuta ayirboshlash shoxobchalarida ham sotib olish mumkin.

O‘tgan haftada Markaziy bank dollarning rasmiy kursini e'lon qilgan edi. Unga ko‘ra, 16 avgustdan 1 AQSh dollari 9 avgust kuni e'lon qilingan kursga nisbatan 179 so‘mga ko‘tarilgan va 1 dollar 9061 so‘mga yetgandi. Bugun kurs 323 so‘mga qimmatlab, 1 dollar 9384 so‘mga yetdi.

Eslatib o‘tamiz, Markaziy bankning joriy yil 9 avgustdagi xabarida ichki valuta bozorida yuz berayotgan o‘zgarishlarning sabablari bayon qilingandi.

Ko‘proq yangiliklar: