SSV: Paxtachi tuman tibbiyot birlashmasi yuqumli kasalliklar bo‘limi investitsiya dasturi doirasida qayta ta'mirlanadi

O‘zbekiston 19:00 / 19.08.2019 1854

Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyati Paxtachi tuman tibbiyot birlashmasi yuqumli kasalliklar bo‘limining antisanitariya holati, bino ta'mirtalab ahvolga kelib qolgani hamda bu yerda bemorlarning davolanishi uchun yetarli sharoitlar mavjud emasligi haqida videolavha tarqaldi. Holat yuzasidan Sog‘liqni saqlash vazirligi va tegishli mutasaddilar ishtirokida o‘rganish ishlari olib borildi va quyidagilar aniqlandi.

Paxtachi tuman tibbiyot birlashmasining yuqumli kasalliklar bo‘limi binosi 2012 yilda investitsiya dasturi asosida qurilgan. Bino toza ichimlik suvi, suv isitgich qurilmalari yordamida issiq suv hamda kanalizatsiya tizimi bilan ta'minlangan. Ichimlik suvi va kanalizatsiya quvurlari devor va pol qismidagi tuz miqdori hisobiga zanglagan. Hozirda ushbu quvurlardan suv sizib chiqishi natijasida binoning asosiy tayanch devorlari zaxlagan, suvoqlari ko‘chib tushmoqda. Shunga qaramasdan binoning devor suvoqlari, suv va kanalizatsiya tizimida bir necha bor joriy ta'mirlash ishlari olib borilgan.

Joriy yil boshida mazkur holatga oydinlik kiritish maqsadida tegishli soha mutaxassislar ishtirokida o‘rganish ishlari olib borildi. Natijalarga ko‘ra, binoning poydevor qismi atrofini ochish, uni zaxlashdan himoyalash bo‘yicha takliflar berildi.

Jumladan, Paxtachi tuman tibbiyot birlashmasi tomonidan mavjud kamchiliklarni bartaraf etish uchun binoni kapital ta'mirlash hisobiga uning poydevor qismini yer osti suvidan himoyalash, izolyatsiya qilish, ichimlik suvi tizimidagi barcha quvurlarni almashtirish, kanalizatsiya tizimini markaziy shifoxonaning markazlashgan kanalizatsiya tizimiga ulash, devorlarning ko‘chib tushayotgan suvoqlarini tushirish, ularni zaxdan himoya qiladigan maxsus vositalar bilan ta'minlash bo‘yicha yo‘l xaritasi ishlab chiqildi. Uning ijrosini ta'minlash maqsadida investitsiya dasturi doirasida 13,7 milliard so‘m mablag‘ sarflanishi belgilangan. Yaqin vaqt oralig‘ida mazkur binoni qaytadan ta'mirlash ishlari boshlab yuboriladi.

Shu o‘rinda ta'kidlash lozimki, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolavhada mazkur binoning ishlamay turgan qismi aks etgan. Tuman Davlat sanitariya va epidemiologiya nazorat markazi bosh shifokori Sh.Boboyevaning xulosasiga ko‘ra, binoning hozirgi holati aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatishda hamda shifoxona ichi infeksiyalari yuqtirilishi va tarqatilishiga asos bo‘lmaydi.

Ko‘proq yangiliklar: