Rossiyaga meva-sabzavot mahsulotlari olib kirishning yangi qoidalari amal qila boshladi

Jahon 11:38 / 19.08.2019 18643

Joriy yilning 19 avgustidan boshlab, Rossiya hududiga meva, sabzavot va gullar olib kirish bo‘yicha yangi qoidalar rasmiy ravishda kuchga kirdi.

Hukumat qaroriga binoan, endi fitosanitariya guvohnomasini rasmiylashtirmagan holda bagaj va qo‘l yukida 5 kilogrammdan ortiq bo‘lmagan meva-sabzavot mahsulotlari, uchta guldastadan ko‘p bo‘lmagan gullarni olib kirish mumkin.

Gullarning katta partiyalari uchun fitosanitariya sertifikatlari talab etiladi, deb xabar bermoqda TASS.

Karantin ostidagi mahsulotlar ro‘yxatiga dukkakli o‘simliklar, yong‘oqlar, sabzavotlar (masalan, pomidor, har xil turdagi karam, sabzi, turp, bodring, har xil turdagi piyoz va ildizmevali ekinlar), archalar hamda ignabargli daraxtlar kiritildi.

Yangi qoidalar transportning barcha turlariga, shu jumladan, suv, havo, temir yo‘l va avtomobil transporti, shuningdek, pochta jo‘natmalariga nisbatan qo‘llaniladi.

Ilgari, karantin ostidagi mahsulotlarni bagaj va qo‘l yukida olib o‘tishda jismoniy shaxslarga fitosanitariya guvohnomalari rasmiylashtirish, agar gap urug‘lik materiallari, shuningdek kartoshka haqida ketayotgan bo‘lmasa, talab qilinmagan.

Rosselxoznadzorning tushuntirishicha, ushbu chora Rossiya qonunchiligi normalarini uyg‘unlashtirishga qaratilgan. Shunga o‘xshash qoidalar 2017 yil iyul oyidan boshlab YeOIIda amal qilmoqda. 

Ko‘proq yangiliklar: