Permda YTHga uchragan avtobus yo‘lovchilari 20 yoshli o‘zbekistonlik yigit tomonidan qutqarildi

Jahon 09:43 / 19.08.2019 45576

17 avgust kuni Permda avtobus ishtirokida yuz bergan YTH oqibatida 32 kishi jarohat oldi. 59.RU nashri xabariga ko‘ra, yo‘lovchilarni birinchi bo‘lib o‘zbekistonlik bokschi, 20 yoshli Danil Yo‘ldoshev qutqargan.

53-yo‘nalish bo‘ylab harakatlangan avtobus boshqaruvni yo‘qotib, do‘kon beton devoriga borib urilgan. Bir nafar yo‘lovchi voqea joyida halok bo‘ldi, qolgan yo‘lovchilar, shuningdek, haydovchi va chiptachi turli darajada tan jarohatlari olishdi.

Danil Yo‘ldoshev mashinada mashg‘ulotga ketayotgan bo‘lgan. U bilan avtobus o‘rtasida yana to‘rtta mashina bo‘lgan, shuning uchun u avariya sodir bo‘lgan paytni ko‘rmagan, ammo nima bo‘lganini anglab yetgach, darhol to‘xtagan. Yigit mashina dvigatelini o‘chirmagan holda, yo‘lovchilarga yordamga shoshilgan.

Danilning 59.RU portaliga ma'lum qilishicha, avariya paytida orqa eshikning bir tomoni ochilgan, ikkinchisi esa qisilib qolgan. Yigit uni surib, avtobusga chiqqan. U yelka va umurtqa pog‘onasi jarohati bo‘lgan yo‘lovchilarga voqea joyida yordam berishga harakat qilib, ularni joyidan qo‘zg‘atmaslikka uringan, qo‘l va oyoqlari singan kishilarni esa tashqariga olib chiqqan.

Danil bilan birga qo‘shni tashkilotning qo‘riqchisi va yosh qiz jabrlanganlarni qutqargan. Avtobus yo‘lovchilarini kasalxonalarga yetkazish uchun Danil mashinalarni to‘xtatgan. Ko‘plab haydovchilarning o‘zi yordam taklif qilishgan.

Perm o‘lkasi Sog‘liqni saqlash vazirligi ma'lumotlariga ko‘ra, 32 nafar jabrlanganlar kasalxonaga yotqizilgan: ular orasida to‘qqiz nafar bola va 23 nafar yoshi katta shaxs o‘rtacha og‘irlikda jarohat olgan. Sakkiz kishining ahvoli og‘ir. 

Danil Yo‘ldoshev yetti yil oldin O‘zbekistondan Permga kelgan, ammo Rossiya fuqaroligini olmagan. U boks bilan shug‘ullanadi va musobaqalarda Perm hamda Perm o‘lkasi sharafini himoya qiladi, deya ta'kidlab o‘tgan nashr.

 

Ko‘proq yangiliklar: