Har qanday «snos»ni sud qarorisiz amalga oshirishga chek qo‘yish fursati yetmadimi? - ekspertlar fikri

O‘zbekiston 14:35 / 19.08.2019 37890

Mamlakatimizda so‘nggi yillarda ijtimoiy hayotning turli jabhalarida sezilarli ijobiy o‘zgarishlar ro‘y bermoqda. Ulardan biri — ommaviy axborot vositalarining, ayniqsa, elektron ommaviy axborot vositalarining «to‘rtinchi hokimiyat» sifatidagi mavqeyi to‘laqonli namoyon bo‘layotganidir.

Bu ayniqsa «snos»lar, ya'ni mulkdorning ko‘chmas mol-mulklarini hokimliklarning qarori bilan buzilishi masalasida yaqqol ko‘rindi.

Mamlakatimiz rahbari tomonidan ushbu masala bo‘yicha tegishli tartiblar va qoidalar tasdiqlandi, biroq, bu muammo oxirgi yechimini topgan emas. Prezidentning 2019 yil 13 avgustdagi «Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlarini kuchaytirish, tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlarni tashkil qilish tizimini tubdan takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar shuningdek, tadbirkorlik sub'yektlarining moliyaviy resurslarining va ishlab chiqarish infratuzilmasidan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish to‘g‘risidagi» farmonida bu holat yaqqol o‘z ifodasini topdi.

Farmonning 2-bandida Vazirlar Mahkamasiga ikki oy muddatda ushbu farmon qoidalarini hisobga olgan holda qonun hujjatlariga, shu jumladan, «Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari to‘g‘risidagi» O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga mulkdorlarning xususiy mulk daxlsizligi, o‘ziga tegishli bo‘lgan mol-mulkka mustaqil egalik qilish, foydalanish va tasarruf etish huquqlarini himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish, mulkdorlarga davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilgan yer maydonining bozor qiymatida to‘liq qoplanishini nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida takliflar kiritish vazifasi yuklatildi.

Shu munosabat bilan «snos»lar muammosining uzil-kesil yechimini yaratish — kun tartibidagi eng dolzarb masala.

«Snos»lar masalasini hal qilishning amaldagi tartibi bo‘yicha oxirgi nuqtani tuman shahar hokimliklari qo‘ya olmaydi, bu masala mamlakat miqyosida qo‘rib chiqiladi va hal etiladi. Bunda agar «snos» bo‘lishi lozim deb topilsa, unga beriladigan tovon puli masalasi hal etiladi. Biroq uning ham zaif nuqtalari bor: respublikaning turli hududlaridagi mulkdorlar bilan ularning mol-mulkini buzish haqida qarorlar qabul qiluvchi idoralar o‘rtasida uzoq masofa mavjudligi sababli bevosita muloqot imkoniyatlari qiyinlashadi.

Shu sababli ham Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayevning «snos» masalasi huquqiy maydonda hal etilishi lozim va bunda oxirgi nuqtani sud qo‘yishi kerak, degan fikr-mulohazasini jo‘yali, deb aytish mumkin.

Umuman, «snos»lar masalasi xalq bilan mahalliy hokimliklar o‘rtasidagi eng keskin masalalardan biri bo‘lib kelgan. Bu o‘rinda bir narsani eslatib o‘tmoqchimiz: turli joylarda turli hokimliklar tomonidan har to‘rt-besh yilda bozorlarni rekonstruksiya qilish katta janjallar bilan amalga oshirilgani, bu tizimli holatga aylangani hech kimga sir emas. Ehtimol, bunda ba'zi holatlarda rekonstruksiya o‘rinli bo‘lgandir, lekin ba'zi «noinsof» rahbarlar undan boshqa maqsadlarda foydalanganini endi anglab yetmoqdamiz. «Snos»lar huquqiy maydonda hal etilmas ekan, bu o‘ziga xos korrupsiyaviy vosita bo‘lib qolaveradi.

Xo‘sh, hozirgi huquqiy maydon snoslar masalasini oqilona, adolatli hal etish uchun yetarlimi?

«Xususiy mulkni himoya qilish, mulkdorlar huquqlarining kafolati to‘g‘risida»gi Qonunning 19-moddasiga ko‘ra «snos»lar to‘g‘risidagi masala sudda ko‘rilganda sud birinchi galda «snos» haqida qabul qilingan qarorlarning qonuniyligini, ya'ni «snos» to‘g‘risidagi qaror qabul qilgan organ yoki mansabdor shaxs qonunda belgilangan o‘z vakolati doirasida va qonunda belgilangan asoslarga ko‘ra qabul qilinganini tekshiradi.

Ushbu masala doirasida sud mulkdor manfaatini to‘laqonli himoya qila olmaydi. Chunki, qaror qabul qilgan organ yoki mansabdor shaxs malakali huquqshunoslar xizmatidan foydalangan holda qaror qabul qiladi. Beixtiyor «Maysaraning ishi» filmidagi Mullado‘stning qoziga aytgan gapi yodga keladi «Nimagadir sizlar nima qilsangizlar hammasi qonunga to‘g‘ri kelaveradi-a?!».

Sud tekshirayotgan ikkinchi masala — «snos» natijasida mulkdorga yetkazilayotgan zararlar to‘liq qoplanayotgani. Qonun bunda bozor narxini mezon qilib qo‘yadi. Biroq, bozor narxini baholovchi tashkilotlar, ekspert xulosalari belgilaydi. Ko‘pincha, bunda davlatning tegishli mutasaddi tashkilotlari ekspert xulosasini beradi va bunda albatta «budjetga og‘irlik tushmaydigan» narx-navo belgilanadi.

Afsuski, shuning o‘zigina yetarli emas. Xorijiy mamlakatlarda sudlar ushbu masalani tekshirganda birinchi mezon qonuniyligini tekshirish, ikkinchi mezon maqsadga muvofiqligini tekshirish va uchinchi mezon mulkdorga yetkazilgan zararlar bozor bahosida to‘liq qoplanishini tekshirish mezonlari hisoblanadi.

Maqsadga muvofiqlik mezoni to‘g‘risida gap ketganda, «snos» bo‘yicha qaror qabul qilgan organ qabul qilingan qaror maqsadga muvofiqligini, uning boshqa muqobil variantlari yo‘qligini yoki mavjud bo‘lsa ular ko‘proq zarar keltirishini yoki ko‘pchilikning manfaatiga zidligini isbotlab berishi lozim.

«Nima uchun aynan Eshmat akaning hovlisidan yo‘l o‘tishi kerak?». Hokimlik «agarda yo‘l yo‘nalishini o‘zgartirsak yo‘l egri bo‘lib qoladi», «harakat xavfsizligi uchun xavfli bo‘lib qoladi» yoxud «tepalikka duch kelinadi, uni olib tashlash uchun katta xarajat talab etiladi» yoki yana «boshqa variant bo‘yicha bir emas bir necha odamning hovlisi buzilishi kerak bo‘ladi» kabi variantlarni izohlab berishi shart.

Maqsadga muvofiqlik mezoni amaldorlarni eng oqilona, adolatli, insofli qarorlar qabul qilishga majbur qiladi. Amaldor «Men shuni xohladim, gap tamom-vassalom» qabilida ish tuta olmaydi va O‘zbekiston Respublikasining 2018 yil 8 yanvardagi «Ma'muriy tartib-taomillar to‘g‘risida»gi Qonuni doirasida faoliyat yuritishga majbur etadi.

Shu sababli ham O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2019 yil 13 avgustdagi Farmoni 2-bandi ijrosini ta'minlashda «Xususiy mulkni himoya qilish, mulkdorlar huquqlarining kafolati to‘g‘risidagi» Qonunning 19-moddasi oxirgi qismini quyidagicha tahrirda berish maqsadga muvofiqdir:

«Mulkdor xususiy mulk huquqi bekor bo‘lishiga olib keluvchi qarordan norozi bo‘lsa NIZO SUD TOMONIDAN HAL ETILGUNGA QADAR u amalga oshirilishi mumkin emas. Nizoni hal etishda sud qarorning qonuniyligini, maqsadga muvofiqligini va mulkdorga yetkazilgan zararlar bozor bahosida to‘liq qoplanishi masalalarini atroflicha muhokama qilishi shart. Ushbu masalalarni hal etishda isbotlash burchi mulk huquqini bekor qilishga olib keluvchi qaror qabul qilgan organ zimmasiga yuklanadi».

Albatta, bu bilan masala o‘z o‘zidan hal bo‘lmaydi, bu o‘rinda ko‘p narsa sudning xolisligi, mustaqilligiga bog‘liq. Sudlar mustaqil hokimiyat tarmog‘i ekanini, ular kimlarningdir manfaatiga xizmat qiluvchi «cho‘ntak sudlari» emasligini ham anglab yetgan bo‘lishlari shart.

«Snos»lar masalasi bo‘yicha jiddiy jamoatchilik nazorati o‘rnatilishi shart. Bu bo‘yicha fuqarolik jamiyati tuzilmalari, ayniqsa mulkdor uyushmalari faoliyatini ham jonlantirish lozim va umid qilamizki, ommaviy axborot vositalari, ayniqsa, elektron nashrlar bu sohada o‘z faolliklarini saqlab qolibgina qolmasdan, balki yana kuchaytiradilar ham.

Elektron OAVning xususiy mulkdorlarning haq-huquqlarini himoya qiluvchi, ularning arz-dodlarini prezidentga bevosita yetkazuvchi ko‘prik sifatidagi mavqeyi bu sohada endi korrupsiya, o‘zboshimchalik va kibr-manmanlikning tagini qirquvchi kuchli samarali vosita bo‘lib xizmat qilishidan umidvormiz.

P.S. «Snos» iborasi matbuotda keng qo‘llanmoqda. U ixcham va masalaning mohiyatini yaqqol ifodalaydi. Albatta, o‘zbek tilining sofligini saqlash nuqtai nazaridan, bu — biroz o‘ng‘aysiz. Uning yuridik ta'rifi qonunlarda mavjud, biroq u bir necha jumlalarda, mavhumroq tarzda belgilab qo‘yilgan. O‘zbekchada «buzish», «buzdirish», «sindirish» kabi so‘zlarda ham berilishi mumkin. Ilmiy adabiyotlarda yuridik ta'rifi yoxud o‘zbekcha muqobili orqali qo‘llanadi.

O.OKYuLOV,

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yurist, yuridik fanlari doktori, TDYuI professori.

X.OKYuLOV,

TMI ijtimoiy fanlar kafedrasi o‘qituvchisi.

Ko‘proq yangiliklar: