Atom energiyasi agentligi vakili «Chernobil» serialini tanqid qildi va yadroviy energetikaga qarshi chiqishlar ortida kim turganini aytdi

O‘zbekiston 19:28 / 19.08.2019 11739

Antiyadroviy chiqishlar ortida neft-gaz kompaniyalari turibdi. Toshkentda bo‘lib turgan Xalqaro atom energiyasi agentligi bosh direktori o‘rinbosari Mixail Chudakov ana shunday bayonot berdi, deb xabar qildi Kun.uz muxbiri.

O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Yadro fizikasi institutiga tashrifidan so‘ng jurnalistlar oldida chiqish qilgan Chudakov «Chernobil» serialini tanqid qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Chernobil fojiasi va Yaponiyadagi Fukusima AESi halokatining inson salomatligiga ta'siri «juda bo‘rttirib ko‘rsatilgan». Chudakovning ta'kidlashicha, Yaponiyada radiatsiyadan hech kim o‘lmagan, ikki kishi sunami oqibatida halok bo‘lgan.

«Chernobilda 28 kishi halok bo‘lgan – tezkor tarkib va o‘t o‘chiruvchilar, yana bir necha o‘n kishining halok bo‘lgani bahsli. Hollivudning Chernobil haqidagi filmida ko‘rsatilganidek minglab odamlar emas. Unda haqiqatga mos keladigan chiroyli manzaralar berilgan, ammo har doimgi antisovetcha xulosa qilinganidek, yuz minglab kishilar jabrlangani aytilgan», – dedi Chudakov jurnalistlarga.

«Aslida, ishonchim komilki, bu barcha antiyadroviy chiqishlar ortida kelajaklarini atom energetikasi ko‘mib tashlashini yaxshi tushunib turgan uglerod energiyasi manbalari turibdi. Shu bois butun dunyoda va O‘zbekistonda atom energetikasi ulkan istiqbolga ega ekanligiga ishonaman», – dedi u.

Buyuk Britaniya va AQSh hamkorligidagi «Chernobil» mini-seriali HBO kanali orqali may oyida namoyish etilgandi. Serialda 1986 yil 26 aprelda sodir bo‘lgan Chernobil AESi voqeasi va uning oqibatlari haqida hikoya qilinadi.

Ko‘proq yangiliklar: