Yadro urushidan keyin yer yuzida nima yuz berishi ma'lum qilindi 

Jahon 12:15 / 18.08.2019 106460

AQSh va Rossiya o‘rtasidagi katta ko‘lamli yadro urushi natijasida nafaqat ikki davlat hududi to‘liq yo‘q bo‘ladi, balki Yer shari kamida 10 yilga yadro qishiga cho‘madi.

Bunday xulosaga AQShning atmosfera tadqiqotlari milliy markazi va Kolorado universiteti olimlari kelishdi. Ularning tadqiqotlari Journal of Geophysical Research nashrida chop etilgan.

Iqlimshunoslar ikki davlat yadro qurollariga asoslanib, yadro urushi oqibatlarini modellashtirishgan. Agar bu qurollar qo‘llansa, sayyoramiz atmosferasiga 147 mln tonna qurum ko‘tarilib, u bulutlar shakllantiradi va quyosh nurini to‘sib qo‘yadi. Bu jarayon oqibatida Yer sirtining o‘rtacha harorati 9 darajaga pasayib ketadi.

“Stratosferadagi shamollar bu qurum bilan butun Yer sharini qoplab olishi uchun bir necha haftagina talab etiladi”, deyilgan tadqiqotda. 

Ushbu qurumni tarqatib yuborish uchun kamida 7 yil kerak bo‘ladi. Yana 3 yil quyosh nurining normal darajasining tiklanishi uchun ketadi.

Foto: AP Photo/Charlie Riedel

Yadro urushi shuningdek kuchli mussonlar, Tinch okeani ekvotarial qismi sirti harorati va El-Nino sikllari o‘zgarishiga olib keladi. Bu hodisalar ham iqlimga ta'sir ko‘rsatadi. 

Iqlimshunos Joshua Kupning ta'kidlashicha, ushbu tadqiqot sayyoramizda yadro urushidan keyingi voqealar rivojining 4-ehtimoliy ssenariysi hisoblanadi. Olimlar uning natijalarini NASA’ning Goddard nomidagi kosmik tadqiqotlar instituti o‘tkazgan modellashtirish bilan taqqoslashgan. Biroq yangi ish yadro portlashlarining atmosferaga ta'sir qilishining kengroq maydonini (60 kmga) qamrab olgan va qurum tarqashi haqida aniqroq ma'lumotlar beradi.

Olimlarning ta'kidlashicha, bunday tadqiqotlar yadro quroliga ega davlatlar siyosatchilari yadro urushining ehtimoliy oqibatlari haqida tasavvurga ega bo‘lishlari, qarorlar qabul qilishda ularni hisobga olishlari va yadro qurolini qisqartirish choralari ustida ishlashlari uchun zarur.

Ko‘proq yangiliklar: