O‘zbekistonda «Lyubaya biznes xorosha» nomli firma ro‘yxatdan o‘tdi

Jamiyat 17:30 / 18.08.2019 47418

O‘zbekistonda “LYUBAYA BIZNES XOROSHA” nomli yuridik shaxs tashkil etildi. Bu haqda Davlat xizmatlari agentligi xabar bermoqda.

DXA xabarida aytilishicha, O‘zbekiston Respublikasi “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunining 33-moddasiga asosan, yuridik shaxs bo‘lgan tadbirkorlik faoliyati sub'yekti firma nomiga bo‘lgan huquqqa ega, bu nomni uning o‘zi mustaqil ravishda belgilaydi va o‘z ta'sis hujjatlarida ko‘rsatadi.

Mas'uliyati cheklangan jamiyatni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni 2 ta usul bilan amalga oshirish mumkin:

- my.gov.uz yoki fo.birdarcha.uz orqali;
- Davlat xizmatlari markazlariga tashrif buyurgan holda.

Yuqorida nomi qayd etilgan MChJ davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. Ammo mazkur jarayon Davlat xizmatlari markazlari orqali emas, balki tadbirkorning o‘zi onlayn tarzda fo.birdarcha.uz sayti orqali amalga oshirilgan.

Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 9 fevraldagi 66-son qarori bilan tasdiqlangan Tadbirkorlik sub'yektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomning 9-bandiga asosan, mas'uliyati cheklangan jamiyatni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun ariza beruvchi o‘zining shaxsiy kabineti yoki “tadbirkorlik sub'yektining shaxsiy kabineti”dan erkin foydalanish imkoniga ega bo‘lgandan so‘ng:

-  “biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish” — davlat xizmatini tanlaydi;
-  tadbirkorlik sub'yektlari — yuridik shaxslarga tegishli so‘rovnomani shakllantiradi;
-  so‘rovnoma shakllantirish jarayonida ariza beruvchi tomonidan firma nomini tanlash va bir xilligining tekshirilishi Tizim tomonidan avtomatik tarzda amalga oshiriladi;
-  so‘rovnomaga davlat tilidagi ta'sis hujjatlari (ariza beruvchi ta'sis hujjatlarini o‘z ixtiyoriga ko‘ra qonun hujjatlari talablarini inobatga olgan holda namunaviy shakllar asosida yoki boshqa shakllarda rasmiylashtirish huquqiga ega) ilova qilinadi;
-  so‘rovnoma oxiriga yetganidan so‘ng davlat boji to‘lovi amalga oshiriladi.

Ma'lumot tariqasida, O‘zbekiston Respublikasi “Firma nomlari to‘g‘risida”gi Qonunining 4-moddasiga asosan Firma nomida:

1) davlatning rasmiy nomi, xalqaro, hukumatlararo yoki nodavlat notijorat tashkilotining qisqartirilgan yoki to‘liq nomi;
2) tarixiy yoki O‘zbekiston Respublikasida mashhur bo‘lgan shaxsning to‘liq yoki qisqartirilgan ismi, belgilangan tartibda beriladigan ruxsatsiz;
3) firma nomining egasi, uning faoliyat turi yoki u kelib chiqqan mamlakat xususidagi soxta yoki iste'molchini chalg‘itishi mumkin bo‘lgan belgilar;
4) jamiyat manfaatlariga, insonparvarlik va axloq prinsiplariga zid bo‘lgan belgilar ko‘rsatilmasligi kerak.

«Lyubaya biznes xorosha» MChJ ixtisoslashtirilmagan ulgurji savdo bilan shug‘ullanadi, uning ustav kapitali uch milliard so‘mni tashkil etadi.

Eslatib o‘tamiz, Toshkent shahri hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev may oyida Alter Ego dasturiga bergan intervyusida «Lyubaya biznes xorosha» jumlasini qo‘llagan va bu ibora ijtimoiy tarmoqda ommalashib ketgan edi.

Ko‘proq yangiliklar: