O‘qituvchi mehnatiga qo‘shimcha haq: daftar tekshirishga qancha pul to‘lanadi?

Jamiyat 19:20 / 18.08.2019 62089

O‘qituvchilar bajaradigan asosiy funksiyalar qatorida dars o‘tish, o‘quvchilar bilan ishlash, jurnal to‘ldirish bilan birgalikda sinfdagi har bir o‘quvchining daftarini tekshirish degan muhim vazifa ham bor.

Qaysi fanlardan daftar tekshirish talab etiladi?

Biroq o‘quvchilarning ishlarini yozma tarzda baholash hamma fanlar uchun ham xos emas. Xalq ta'limi vazirligi bergan ma'lumotga ko‘ra,

Boshlang‘ich sinflarda: alifbe, ona tili, o‘zbek tili, rus tili, matematika, 2-4 sinflarda chet tili (ingliz, nemis, fransuz tillari va h.k)

Yuqori sinflarda: ona tili, adabiyot, o‘zbek tili, rus tili va adabiyoti, chet tili (ingliz, nemis, fransuz tillari va h.k), matematika, algebra, geometriya kabi fanlardan daftar tekshirish kerak bo‘ladi.

Ushbu mehnat evaziga haq to‘lash tartibi esa «Xalq ta'limi xodimlari mehnatiga haq to‘lashning takomillashtirilgan tizimini tasdiqlash to‘g‘risida»gi Vazirlar Mahkamasining 2005 yil 21 dekabridagi qarori asosida amalga oshiriladi.

Hujjatga ko‘ra, umumta'lim muassasalari o‘qituvchilariga qo‘shimcha haq to‘lovlari eng kam oylik ish haqiga nisbatan foiz hisobida amalga oshiriladi.

Daftar va yozma ishlarni tekshirganlik uchun - eng kam oylik ish haqining 50 foizi, sinfdagi (sinf komplektdagi) o‘quvchilar soni 15 nafargacha bo‘lgan kam komplektli maktablarda esa 25 foiz miqdorda to‘lanadi.

«O‘qituvchining stavkasiga qarab foiz hisoblanadi» — mutaxassis

Xalq ta'limi vazirligi moliya boshqarmasi boshlig‘i Ilhom Sirajovning ma'lumot berishicha, daftar tekshiruvchi o‘qituvchining ish stavkasiga qarab eng kam ish haqining 50 foizi yoki 25 foizi (o‘quvchi soni bilan bog‘liq) belgilangan tartib bo‘yicha to‘lanadi.

Masalan, ayni paytda eng kam ish haqi 223 ming so‘mni tashkil qiladigan bo‘lsa, uning 50 foizi – 111 ming 500 so‘m. O‘qituvchi agar to‘liq stavkada ishlasa, daftar tekshirgani uchun mana shu pulni to‘liq oladi. Agar 0,75 da ishlayotgan bo‘lsa, uning 75 foizini oladi. Agar yarim stavkada ishlaydigan bo‘lsa, shu miqdorning yarmini – 55 750 so‘m oladi.

Bir stavkada o‘qituvchining haftasiga 36 soat yuklamasi bo‘ladi. Boshlang‘ich sinflarda uning 18 soatini, yuqori sinflarda esa 20 soatini o‘quv yuklamasi tashkil qiladi.

«Kuniga o‘rtacha 200ta daftar tekshiraman» — o‘qituvchi

O‘qituvchi bir kunda qancha daftar tekshiradi va bunga qancha vaqt sarflaydi. Ular ushbu mehnati evaziga to‘lanadigan haqqa qoniqadimi, degan savollarga o‘qituvchilarning o‘zlaridan javob berishdi.

Muhayyo Kadirova,
Yunusobod tumani, 250-maktab boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi: —
Daftar tekshirish ta'lim berishda juda muhim. Chunki bu orqali o‘quvchining bilimini aniqlaymiz. Mening sinfimda 35 nafar o‘quvchi bor. Matematika, ona tili, bundan tashqari, ona tilidan to‘garak daftarlari (shu fandan to‘garak o‘taman) jami bir kunda o‘rtacha 200tacha bo‘ladi.

Daftarlar tarkibini aytadigan bo‘lsam, sinf ishi, uy ishi, ijodiy ish, qoidalar daftari, vunderkind jurnalidan tutilgan daftar kabilar tekshirilishi kerak.  

Bularning hammasini tekshirish uchun bir kunda kamida 2 soat sarflayman. Ba'zida ko‘zim charchab, yoshlanib ketadi. Va shularning hammasi uchun menga jami 46 ming 75 so‘m to‘lanadi.

Fikrimcha, o‘quvchining yaxshi natijaga erishishida yozma ishlarni tekshirish juda muhim. Chunki, ayniqsa, boshlang‘ich sinfda o‘quvchilarni rag‘batlantirish uchun ham ularning har bir qilgan ishi tekshirilmay qolmasligi kerak. Lekin buning uchun to‘lanadigan pul mehnatimizga arziydi deb o‘ylamayman.

Qosimov Umidjon
Samarqand viloyati, Urgut tumani boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi: —
Ayni paytda  2 sinfda o‘qiydigan bolalarga dars o‘taman. 32 nafar o‘quvchim bor. Matematika va ona tili fanining har biridan 2tadan daftar tutishadi. Matematikaning o‘zidan uy vazifani tekshirish uchun kamida 30 daqiqadan ko‘proq sarflayman. Soatlar orasida, darsdan keyin maktabda yoki uyda daftar tekshirishimga to‘g‘ri keladi.

O‘quvchilar 3-4 sinfga o‘tgandan keyin vazifalar ko‘payishi hisobiga bu yuklama yana ortadi. Chunki sal e'tiborsizlik qilib bitta narsani xato tekshirsangiz ham ota-ona nazdida bilimsizga chiqib qolish mumkin.

Ayni paytda menga daftar tekshirganim uchun 73 ming 208 so‘m to‘lanadi. Menimcha, bu mehnatga yarasha haq emas.

Shahlo Murodova
Navoiy shahridagi 11 DIUM o‘qituvchisi: —
Sinfimda 30 nafar o‘quvchi bor. Agar ularning hammasiga bir xil topshiriq berilgan bo‘lsa, 1 soat, qo‘shimcha topshiriqlar bo‘lsa, 2 soat vaqtda daftarlarini tekshiraman. Shunda oyiga o‘rtacha 40 soatdan ko‘proq sarflayman. Buning uchun menga 56 ming 314 so‘m to‘lanadi.

Dilnoza Boqiyeva
Qashqadaryo viloyati, Yakkabog‘ tumani 34 maktab o‘qituvchisi: —
sinfimda 20 nafar bola bor. Har kuni taxminan 1 soat vaqtim daftar tekshirish uchun sarflanadi. Buning uchun menga 56 ming 314 so‘m to‘lanadi.

Iroda Abdullayeva
Urganch shahridagi 6 maktab o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari: —
O‘quvchilar ishini baholash uchun juda muhim. Ularning savodini chiqarish igna bilan quduq qazishday gap. Shuning uchun ularga bu borada rag‘bat kuchaysa, yaxshi bo‘lardi.

Daftar tekshirish uchun to‘lanadigan pul – qo‘shimcha haq, asosiy emas

O‘qituvchilarning e'tirozli fikrlariga Xalq ta'limi vazirligi matbuot xizmati fikr bildira turib, daftar tekshirish uchun to‘lanadigan ushbu to‘lov ular uchun qo‘shimcha haq hisoblanishini va uni asosiy oylik bilan adashtirib yubormaslik kerakligini alohida ta'kidladi.  

Bundan tashqari, qo‘shimcha haq to‘lovlari maxsus ajratiladigan budjet tushumlari hisobidan amalga oshiriladi.

Ayni paytda maktabda oyligi uncha baland bo‘lmagan kutubxonachi, yoshlarni harbiy chaqiriqqa tayyorlash yo‘nalishidagi mutaxassislarning ham maoshi oshirishilishi uchun chora-tadbirlarlar ishlab chiqilmoqda. Shunday vaziyatda daftar tekshirish uchun belgilangan to‘lovning oshishi ham bosqichma- bosqich amalga oshadigan o‘zgarish.

Shuningdek, Xalq ta'limi vazirligi moliya boshqarmasi boshlig‘i Ilhom Sirajovning ta'kidlashicha, xorij tajribasiga e'tibor qaratsak, ko‘p davlatlarda daftar tekshirish uchun alohida ko‘shimcha haq to‘lash degan narsa ham yo‘q. U ko‘pincha o‘quv va pedyuklama tarkibiga kiritib yuboriladi.

Yangi tartibda o‘qituvchi zarar ko‘rmaydi – XTV

Ayni paytda Vazirlar Mahkamasining «Xalq ta'limi tizimi xodimlari mehnatiga haq to‘lash va ularni moddiy rag‘batlantirish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida»gi qarori regulation.gov.uz portaliga joylashtirilgan bo‘lib, qaror-loyiha muhokamasi 29 avgustgacha davom etishi mo‘ljallangan.

Ushbu hujjatda Prezident farmoniga asosan, 2019 yil 1 sentyabrdan boshlab ish haqining eng kam miqdori o‘rniga mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori qo‘llanishi inobatga olinib, o‘qituvchilarga qo‘shimcha haq to‘lovlari mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoriga nisbatan foiz hisobida amalga oshirilishi kerakligi belgilangan.

Bu tartibda daftarlarni va yozma ishlarni tekshirganlik uchun (15 nafar va undan ko‘p o‘quvchi bo‘lganda) – 18 foiz, sinfdagi (sinf komplektdagi) o‘quvchilar soni 15 nafargacha bo‘lgan kam komplektli maktablarda esa – 9 foiz miqdorda qo‘shimcha haq to‘lanishi ko‘zda tutilgan.

Loyiha ostida qoldirilgan izohlarda nega foiz 50/25dan 18/9 ga tushib ketdi degan tushunmovchiliklar ham bor.

«Bu o‘rinda o‘qituvchi zarar ko‘rayotgani yo‘q. Bu mablag‘ oldingiday saqlab qolingan. Faqat ish haqining eng kam miqdori o‘rniga mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori mos ravishda olingan.

Hozir ish haqining eng kam miqdori 223 ming bo‘lsa, mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori 634 ming 887 so‘mni tashkil qiladi. Bu vaziyatda ish haqining eng kam miqdorining 50 foizi – 111 ming 500 so‘m.  Mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 18 foizi EKIHning 50 foiziga teng keladi. Bu vaziyatda o‘qituvchi hech narsa yutqazmaydi», deydi Xalq ta'limi vazirligi moliya boshqarmasi boshlig‘i Ilhom Sirajov.

Garchi daftar tekshirish o‘qituvchining vazifasi bo‘lsa-da, undan qancha mehnat, ko‘z nuri va eng muhimi e'tibor talab qiladi. Ayrim o‘qituvchilar bu borada takliflarini bildira turib, o‘qituvchilarga dars soatlari joylashuvida qulaylik yaratilsa, yaxshi bo‘lar edi degan fikrni bildirishdi.

Masalan, Navoiy viloyati Karmana tumani 30 maktab o‘qituvchisi Gulhayo Qobilova «Daftar tekshiruvchi fanlardan dars beradigan o‘qituvchilarning soatlarini 1-3-5 ko‘rinishida qo‘yib berishsa, yaxshi bo‘lar edi», degan fikr bildirgan. Bundan tashqari, yana bir qancha ustozlar ham o‘z dars jadvalida «okno» - ochiqlik bo‘lishiga e'tibor qaratilsin demoqdalar.

Hali o‘qituvchilarning daftar tekshirishi uchun to‘lanadigan pulni ayni paytda oshirish yoki qayta ko‘rib chiqish masalasi o‘ylanmayotgan bo‘lsa-da, har holda ish jarayonida ustozlarga qulaylik yaratib berishning imkoni bo‘lsa kerak.

Zilola G‘aybullayeva 

Ko‘proq yangiliklar: