Boks bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasining Jahon chempionatida qatnashadigan tarkibi e'lon qilindi

Sport 18:08 / 18.08.2019 25169

Milliy olimpiya qo‘mitasida O‘zbekiston boks federatsiyasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda qo‘mita prezidenti Rustam Shoabdurahmonov, Jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi o‘rinbosari Oybek Kasimov, O‘zbekiston Respublikasi prezidenti adminstratsiyasi mas'ul xodimi Shavkat Sultonov, MOQ vitse-prezidenti va O‘zbekiston boks federatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Saken Polatov, sport federatsiyalari mutasaddilari, jahon chempionatida ishtirok etadigan bokschilar, murabbiylar va OAV xodimlari ishtirok etdi.

Foto: O‘zbekiston boks federatsiyasi

Boks federatsiyasi matbuot xizmatining ma'lum qilishicha, yig‘ilishni O‘zbekiston boks federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Saken Polatov ochib berdi. So‘ngra bosh kotib Murodjon Mamadaliyev federatsiya hisoboti va rejalari taqdimotini o‘tkazdi. Unda federatsiya tomonidan Tokio-2020 Olimpiadasi uchun ishlab chiqilgan strategiya bilan tanishtirildi.

Shundan so‘ng Yekaterinburgdagi jahon chempionatida ishtirok etadigan O‘zbekiston terma jamoasi tarkibi e'lon qilindi:

-52 kg: Shahobiddin Zoirov
-57 kg: Miraziz Mirzahalilov
-63 kg: Elnur Abduraimov
-69 kg: Bobousmon Baturov
-75 kg: Fanat Qahramonov
-81 kg: Dilshodbek Ro‘zmetov
-91 kg: Sanjar Tursunov
+91 kg: Bahodir Jalolov

Foto: O‘zbekiston boks federatsiyasi

Tarkib e'lon qilingach, terma jamoa bosh murabbiyi Marat Qurbonov so‘zga chiqib, musobaqaga olib borilgan tayyorgarlik, rejalar haqida gapirib berdi. Shundan so‘ng ilmiy kengash vakili o‘z fikrini bildirdi.

Jamoa sardori Bahodir Jalolov ham tadbir davomida so‘zga chiqib, bokschilar JChda o‘zlariga bildirilgan ishonchni oqlashga astoydil harakat qilishlarini ta'kidlab o‘tdi.

Shuningdek, tadbir davomida O‘zbekiston boks federatsiyasining texnik homiysi hisoblangan «Buka Boxing» sport brendi tomonidan musobaqa uchun taqdim etilgan liboslar ham namoyish etildi. Yangi dizaynda ishlangan kiyimlar Rossiyaning Yekaterinburg shahri iqlim sharoitiga moslab chiqarilgan.

Foto: O‘zbekiston boks federatsiyasi

Yig‘ilishda mutasaddilar Shavkat Sultonov, Oybek Kasimov ham so‘zga chiqib, oldinda turgan jahon chempionatida bokschilarga omad tilashdi. Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti Rustam Shoabdurahmonov so‘zga chiqar ekan, jahon chempionati oldidan jamoaga ishonishini, qo‘lga kiritilayotgan yutuqlarda bosh murabbiy Marat Qurbonovning o‘rni katta ekanligini qayd etib o‘tdi.

Foto: O‘zbekiston boks federatsiyasi
Ko‘proq yangiliklar: