«Tanholik tantanasi» - dunyoni zalolatga yetaklayotgan illatlar haqida yangi asar

Jamiyat 14:48 / 17.08.2019 14872

Iste'dodli yozuvchi Surxon Bo‘riyevning «Tanholik tantanasi» nomli yangi asari nashr qilinib, sotuvga chiqarildi.

Bugungi kunda AQShda yashab, ijod qilayotgan muallifning mazkur romani shakliga ko‘ra trilogiya bo‘lib, «Quyoshga ergashganlar», «Yo‘qlik simfoniyasi», «Qirmizi yo‘l» kabi fasllarni o‘z ichiga oladi.

Asar mavzusi bugungi kunda G‘arb-u Sharqni zalolat yoqasiga olib borib qo‘ygan illatlar: dunyoqarashning torligi, ma'naviy so‘qirlik, poraxo‘rlik, Yaratgan ne'matlariga kufroniy munosabat, hazrati erkakning ayol bo‘lishga intilishi, ayollarning munofiqona aldovlari... umuman, bani odamning dunyoga kelib qilayotgan azim gunohlari, ularning yashashdan ma'no-maqsadlari qalamga olinadi. Yozuvchi dunyoviy mavzular haqida fikr yuritar ekan, asarga yuzlab obrazlar kiritadi. Obrazlarning ijobiy yoki salbiy qutbda emasligi esa hech biri kamchilik yoki xatolardan xoli bo‘lmagan tirik insonlar kabi tasavvur qoldiradi o‘qirman ongida.

Adibning uslubiga ko‘ra romandagi har qanday tasvir milliy, hajviy tasavvur hosilasi kabi beriladi. Asarda boshqa bironta ijodkorda uchramaydigan, eslasang, olis bolaligingni sog‘intirib yuboradigan o‘rinlar bisyor. Masalan, Sabohat xolaning uyi tasviri, kambag‘alning ko‘hna boshpanasida tayyorlangan bichak, o‘zbek janoza marosimi, Gulsara bulbulning butun boshli hovliga belkurak bilan ishlov berib chiqishi, o‘zbek to‘ylariga odamlarning mototsiklda jar solib taklif qilinishi va  tuyga chunonam ko‘p kishi yig‘ilganlari sabab joy kutib tik turib qolishlari, eshak ko‘pkari, qizchalarining tappi-tappi o‘yini... Xullas, qishloqlarning tasviri asarning hamma o‘rinlarida maroq bilan o‘qiladi. Kitobxon “nega biz shularni eslamaymiz-a», deb jilmayib, maza qilib, pokiza hislar bilan, dam olib o‘qiydi. Xuddi kengliklarga chiqib kelganday bo‘ladi.

Shunday bulsa-da mutolaa jarayonida mazkur asarni anglash uchun hislardan ko‘ra tafakkur ustunligi zarurati seziladi. Aytish mumkinki, yozuvchi hayot haqiqatlaridan, real tasvirlardan chekinmagan tarzda ramziylik, psixologik tasvir usuliga tayanadi, lekin bunday o‘rinlarning barchasini kitobxon tabiiy qabul qiladi: majlis bo‘layotgan zalning so‘nggi qatorlarida ayol o‘qituvchilarning vafot etgan direktor o‘rinbosariga bag‘ishlab go‘yandalik qilib sadr tepishlari, Irodaning bokira holida sharmandalarcha badnom bo‘lib qolishi, bir xizmatchining suyuq ovqatga yasama ko‘zining tushib ketishi, nonxonada xushomadgo‘y xodimning axlatga botirilib daqiqalar ichida qo‘lining irib qolishi, chiqindidan tashib keltirilgan narsalar hisobiga oyoq bosishga joy qolmagan xonadon tutumi, kalamushlar va taxtakanalar bilan to‘lgan Chinoraning uyi; adib tasavvuri o‘laroq yuzaga kelgan Qo‘raqishloq, Padargoh kabi o‘rin-joylar shular jumlasidandir.

Asarda nihoyatda mukammal obrazlar galereyasi shakllantirilgan. Masalan, munisgina ona timsolidan qahrli rahbar darajasiga ko‘tarilgan Onaboshi, ermakka bag‘rikenglik qiluvchi Abbat, g‘ayritabiiy oilaning boshlig‘i Padar, saksondan oshib juvonlikni orzulovchi Dora, hayotning ayanch yaratig‘i Jayniz, Jabborga doimiy ruhiy hamroh Salim, demokratlikka intilib badburush bo‘lib qolgan Shodiya, nafsi uchun tuban ketgan Mahmud kabi asar qahramonlari, aytish mumkinki, o‘ziga xosligiga ko‘ra adabiyotda birinchi marta uchramoqda. Jumladan, asar bosh qahramonlaridan biri-Zebo. Bir qarashda u ijobiy obraz. U jabrdiyda. U hayotsevar. U aqlli. U xushmuomala. U aldangan. U ko‘nikuvchan, juda nozik, dilbar ayol. Unda dag‘allik, qo‘pollik mutlaqo yo‘q. Unda yurak bor. U mehrga zor, andisha va hislari o‘rtasida sarson xilqat. Xatolari soddaligi va his-tuyg‘ularidan. U nazokatli hamda o‘qimishli deb o‘ylaymiz. Lekin...

Asarning uchta qismini bog‘lab turuvchi qahramon Jabbor obrazidir. Mazkur qahramon tugun asosida yaratilgan bo‘lib, yozuvchi u haqidagi eng muhim ma'lumotlarni asar so‘ngiga qadar qadam-baqadam ochib boradi va kitobxon tasavvurini tubdan o‘zgartirib yuboradi. Biz esa bu o‘rinda asar tugunlarini ochmaslik uchun mazkur obraz haqida batafsil to‘xtalmadik.

Surxon Bo‘riyev

Surxon Bo‘riyev - zamonaviy yozuvchi. Uning hislari dunyo kezgan, o‘ychan insonning hislari, lekin u o‘zbekona fikrlaydi. Masalan, ommaviy madaniyatning insoniyatga xuruji oddiy, xalqona o‘ylar qatida beriladi. Shuningdek, bu gaplar adibning o‘ziga xos tili bilan, sal mazax va yumor aralash qilib tasvirlangan. Asarda ramziylik o‘ta kuchli, shu orqali juda ko‘p gaplar aytib olingan: qishloqdagilarning rang ajratolmaganligi; hamma amaldorlarni qornidan tanib olinishi, Jasurning tushida hojatxonada axlatga bulg‘anayotgan odamga mutasaddilarning ko‘plashib, hech ish qilmay faqat maslahat berib turishi; qo‘raqishloqliklarning to‘da bo‘lib yashashi, faqat tirikchilikdan xursand bo‘lishi va o‘zga yurtdan qandaydir dorining kelishiga umid bog‘lashi... 

Xullas, ushbu roman sara kitobxonlar orzulagan, kutgan asar!

Kitobni respublikamizdagi «Kitob olami», «Sharq ziyokori», «O‘zkitob» kabi kitob do‘konlarida topishingiz mumkin.

                                                                                 Reklama huquqi asosida (18+)

Ko‘proq yangiliklar: