O‘zbekiston mudofaa vaziri Moskvada g‘olib tankchilarni qutladi

O‘zbekiston 21:53 / 17.08.2019 17309

3 avgustdan 17 avgustga qadar davom etgan beshinchi Xalqaro armiya o‘yinlarida O‘zbekiston Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari munosib ishtirok etdi, deb xabar berdi Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti. Xususan, “Tank biatloni” musobaqasining 2-divizionida ilk bor qatnashgan vakillarimiz barcha raqiblarini ortda qoldirib, birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

O‘zbekiston mudofaa vaziri general-mayor Bahodir Qurbonov armiya o‘yinlarining yopilish marosimida ishtirok etish uchun Rossiya Federatsiyasiga tashrif buyurdi. Mudofaa vaziri yurtimiz sharafini munosib himoya qilgan “Tank biatloni” jamoasi bilan uchrashib, ularni qizg‘in muborakbod etdi.

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

– Sizlarni nufuzli musobaqada yuksak marrani egallab, davlatimiz bayrog‘ini baland ko‘targaningiz bilan qutlayman! Sizlar haqiqiy vatanparvarlarsiz! O‘zbekning quch-qudrati, mahorati va hech kimdan kam emasligini yana bir bor isbotladingiz! Sizlar bilan butun O‘zbekiston faxrlanadi!

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati
Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Shundan so‘ng mudofaa vaziri general-mayor Bahodir Qurbonov Rossiya mudofaa vaziri armiya generali Sergey Shoygu hamrohligida “Do‘stlik uyi”da tashkil etilgan, mamlakatimiz haqida yetarlicha taassurot uyg‘otadigan O‘zbekiston Respublikasi ko‘rgazmasi bilan tanishdi.

Xalqaro armiya o‘yinlarining yopilish marosimi “Tank biatloni” musobaqasining 1-divizion final bahsidan so‘ng Moskva viloyatidagi “Patriot” parkida bo‘lib o‘tadi.

Ko‘proq yangiliklar: