O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Davlat moliyaviy nazorati departamenti va uning hududiy boshqarmalari tomonidan joriy yilning I yarim yilligida olib borilgan nazorat tadbirlari natijasida ayrim budjet muassasalari tomonidan budjet mablag‘larini sarflanishida tizimli ravishda budjet qonun buzilish holatlariga yo‘l qo‘yilayotganligi aniqlandi.
Xalq ta'limi vazirligi tizimidagi umumta'lim maktablarida haqiqatda ishga kelmagan va xizmat vazifasini bajarmagan xodimlarga yoki umuman ishlamaydigan fuqarolar nomiga ish haqi hisoblanishi homiladorlik va tug‘ish nafaqalarini, shuningdek mehnat ta'tili, mukofot va moddiy yordam mablag‘larining asossiz hisoblanishi va to‘lanishi natijasida budjet mablag‘larini noqonuniy sarflanishiga yo‘l qo‘yilgan.
Jumladan, Jizzax shahar 22-sonli umumta'lim maktabida haqiqatda ishlamaydigan 11 nafar fuqarolar nomiga homiladorlik va tug‘ish nafaqalarini, shuningdek mehnat ta'tili, mukofot va moddiy yordam mablag‘larining asossiz hisoblanishi va to‘lanishi natijasida 448,2 mln. so‘m budjet mablag‘lari asossiz sarflab yuborilgan.
Haqiqatda ishlamagan fuqarolarga ish haqi hisoblash yo‘li bilan Bo‘z tumanidagi 5-sonli umumta'lim maktabida 99,3 mln. so‘m, Jarqo‘rg‘on tumanidagi 4-sonli umumta'lim maktabida 65,3 mln. so‘m budjet mablag‘lari o‘zlashtirilgan.
Kegeyli tumanidagi 1-son umumta'lim maktabida 54,7 mln. so‘m va Buxoro shahridagi 1-son umumta'lim maktabida 31,2 mln. so‘m miqdoridagi budjet mablag‘lari haqiqatda ishga kelmagan va xizmat vazifasini bajarmagan xodimlarga ish haqi hisoblanishi natijasida asossiz sarflab yuborilgan.
Sho‘rchi tumanidagi 10-son umumta'lim maktabida xodimlarining plastik kartochkalarga asossiz mablag‘ o‘tkazish yo‘li bilan 36,1 mln. so‘mlik budjet mablag‘lari noqonuniy o‘zlashtirilgan.
Yashnobod tumanidagi Ko‘zi ojizlar maxsus maktab internatida bosh hisobchi tasdiqlangan shtatlar jadvalidagi o‘zining oylik lavozim maoshiga ortiqcha ish haqi qo‘shib yozishi natijasida budjetdan 77,6 mln. so‘m asossiz ortiqcha to‘lab yuborilgan.
Bulardan tashqari, Bog‘dod tumanidagi 50-sonli umumta'lim maktabida pudratchi «Farg‘ona sayqal servis» xususiy korxonasi tomonidan «Obod qishloq» dasturi doirasida bajarilgan ta'mirlash ishlari joyida nazorat o‘lchovidan o‘tkazilib, moliyalashtirish uchun taqdim etilgan hisob faktura ma'lumotlari bilan haqiqatda bajarilgan ishlar solishtirilganda 129,9 mln. so‘mlik bajarilmagan ish hajmlari qo‘shib yozilganligi ma'lum bo‘ldi.
Maktabgacha ta'lim vazirligi tizimida Sh.Rashidov tumanidagi 9-son maktabgacha ta'lim muassasasida haqiqatda ishlamagan 31 nafar fuqarolarga ish haqi hisoblash yo‘li bilan 955,5 mln. so‘m miqdoridagi budjet mablag‘lari o‘zlashtirilishiga yo‘l qo‘yilgan.
Shuningdek, Buxoro shahar 46-son maktabgacha ta'lim muassasasida haqiqatda ishga kelmagan va xizmat vazifasini bajarmagan 8 nafar xodimlarga 88,4 mln. so‘mlik ish haqi to‘lovlari ortiqcha hisoblanib, asossiz to‘lab yuborilgan.
Uychi tumanidagi 11-sonli maktabgacha ta'lim muassasasi mudirasi tomonidan 23 nafar xodimga 21,5 mln. so‘m avans pullari yozilib, ushbu mablag‘ xodimlarga tarqatilmasdan o‘zlashtirilgan.
Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi Sirdaryo viloyat Ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida bosh hisobchi va g‘aznachi tomonidan pullik xizmat hisobidan kirim qilingan 231,5 mln. so‘m naqd pul mablag‘larini to‘lov qaydnomalarni qalbakilashtirilgan yo‘li bilan o‘zlashtirib yuborilgan.
Toshkent tuman tibbiyot birlashmasida avans to‘lovlarini ish haqidan ushlamaslik, ortiqcha mukofot pullarining hisoblanishi va shifokorlar tomonidan bajarilmagan ish uchun ish haqi hisoblanishi natijasida 148,2 mln. so‘m budjet mablag‘i asossiz sarflangan.
Qo‘qon shahar Tibbiyot birlashmasida xodimlarga ish haqi, mehnat ta'tili va boshqa turdagi ish haqiga tenglashtirilgan to‘lovlarini shtatlar jadvali va tarifikatsiya ro‘yxatida ko‘rsatilgan miqdorlarga nisbatan ortiqcha va amalda ishlamagan kunlari uchun hisob-kitoblarni noto‘g‘ri amalga oshirilishi natijasida 119,8 mln. so‘m ortiqcha to‘lovlarga yo‘l qo‘yilgan.
Mirobod tuman tibbiyot birlashmasida bosh hisobchi tomonidan birlashmada ishlamagan yoki o‘tgan yillarda ishdan bo‘shab ketgan 4 nafar xodimlarga ish haqi hisoblanib, ularning nomiga ochilgan bank plastik kartochkalariga o‘tkazish yo‘li bilan jami 87,1 mln. so‘m to‘lab yuborilgan.
Uchqo‘rg‘on tuman Davlat sanitariya epidemiologiya nazorat markazi tomonidan budjet muassasalarida ishlovchi xodimlarga ko‘rsatilgan 75,6 mln. so‘m miqdoridagi pullik xizmat haqlari muassasa hisob-raqamiga kirim qilinmagan.
Farg‘ona shahar Davlat sanitariya epidemiologiya nazorat markazida birlamchi hujjatlarni o‘zgartirish yo‘li bilan 29 mln. so‘m naqd pul mablag‘lari kirim qilmasdan boshqa maqsadlarga sarflab yuborilgan.
Tuman (shahar) Obodonlashtirish boshqarmalarida o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida budjet mablag‘larini asossiz o‘zlashtirish, noqonuniy sarflash, tovar moddiy qiymatliklar kamomadiga yo‘l qo‘yish, bajarilmagan ishlarni qo‘shib yozish holatlariga yo‘l qo‘yilganligi aniqladi, jumladan:
Kattaqo‘rg‘on tuman Obodonlashtirish boshqarmasi bosh hisobchisi tomonidan 373,5 mln. so‘m budjet mablag‘ini o‘zining va 2 nafar qabriston nazoratchilarining plastik kartochkasiga asossiz o‘tkazib yuborilgan.
Nurafshon shahar Obodonlashtirish boshqarmasida 297,3 mln. so‘mlik asosiy vositalar va tovar moddiy boyliklar kamomadiga yo‘l qo‘yilgan.
Nishon tuman xokimligi Obodonlashtirish boshqarmasiga qarashli «Yuksalish MFY» hududidagi chiqindi joylashtirish poligoni atrofini o‘rash ishlari loyiha smeta hujjatlari asosida amalga oshirilmaganligi va yakuniga yetkazilmaganligi natijasida 88,4 mln. so‘mlik bajarilmagan ishlar qo‘shib yozilgan.
Urganch tuman obodonlashtirish boshqarmasida shtat birliklari razryadlari yuqori belgilanishi, ishchi xodimlarga ish haqlari asossiz ortiqcha hisoblanishi, moddiy yordam pullarining ortiqcha tayinlanishi natijasida jami 51,1 mln. so‘mlik budjet mablag‘lari ortiqcha sarflangan bo‘lsa, «Asosiy vositalarni balansdan chiqarish tartibi to‘g‘risida nizom» talablariga rioya qilinmasdan 2018 yilda xarid qilingan 37,4 mln. so‘mlik asosiy vositalar hisobdan chiqarib yuborilgan.
Yangiyer shahar obodonlashtirish boshqarmasida amaldagi me'yoriy hujjatlar talablariga rioya qilinmasdan ishchi xodimlarga ustama tayinlanishi natijasida 37,3 mln. so‘m ustama pullari ortiqcha to‘langan.