Ispaniyada yangi mavsum boshlanmoqda. Grandlar yangi yulduzlar bilan

Sport 16:48 / 16.08.2019 12296

«Barselona», «Real» va «Atletiko» tarkiblarni yangiladi hamda yangi chorlovlarga tayyor.

Favoritlar

So‘nggi 7yil mobaynida Ispaniya chempionatida sovrindor bo‘lib kelayotgan jamoalar tarkibi o‘zgarmayapti: «Atletiko», «Barselona» va «Real». Bu uchlik navbati bilan shohsupaga ko‘tarilmoqda va boshqa jamoalar bu uchlikka kirishi dargumon. So‘nggi ikki mavsumda «Barselona» chempiona bo‘ldi, ikki safar ham «Atletiko» ikkinchi, «Real» uchinchi o‘rinni egalladi. Hozircha boshqa jamoalar bu uch grandga raqobat ko‘rsatishga qodir emas. O‘zgarmas uchlikka zarba berishni istovchi boshqa jamoalarning istagi ham yildan yilga kuchayib bormoqda.

Avvalgi mavsumda katta farq bilan g‘olib bo‘lgan «Barselona» yozgi transferlar vaqtida ham jim turmasdan tarkibini yanada kuchaytirib oldi. Jamoa safini yulduzli futbolchilar, tajribali Antuan Grizmann va istiqbolli Frenki de Yong to‘ldirdi. Shu bilan birgalikda, ko‘k-anorranglilar bir qator futbolchilardan qutuldi - «Everton»da ijara asosida o‘ynab kelgan Andre Gomesh shu jamoaning o‘ziga transfer qilindi, «Arsenal»da o‘zini ko‘rsata olmagan Denis Suares o‘zining birinchi jamoasi «Selta»ga qaytdi, Pako Alkaser Germaniyada «baxtini topdi» - Dortmundning «Borussiya»si to‘purar hujumchining transfer huquqini sotib olishga qaror qildi. Shuningdek, Duglas va Vermalen ham o‘zlariga yangi jamoa topishdi - braziliyalik erkin agent sifatida «Beshiktosh» bilan bitim tuzdi, belgiyalik Inestaning yoniga, Yaponiyaning «Vissel Kobe» klubiga borib qo‘shildi. Sentyabrgacha yana o‘zgarishlar bo‘lishi mumkin - Neymar qaytarilishi va uning o‘rniga Koutino hamda Rakitich Parijga yo‘l olishi ehtimoli bor. Agar bu almashuv ro‘y bersa, jamoaning yarimhimoya chizig‘idagi futbolchilarga yuklama ko‘payadi, lekin hujum chizig‘i dahshatli ko‘rinishga keladi.

«Atletiko» esa mavsumlar oralig‘ida butunlay yangilandi, deyish mumkin. Jamoani ko‘p yillik sardor Diyego tark etib, «Inter» safiga erkin agent sifatida qo‘shildi, madridliklar Grizmannsiz qolishdi - u asosiy raqib safiga o‘tib ketdi, Rodri endi «Manchester Siti»da, Xosep Gvardiola qo‘li ostida to‘p suradi. Lekin «matraschilar» pozitsiyani berib qo‘ymoqchi emas. Diyego Simeone jamoasi «Real»dan Markos Lorenteni oldi va «Benfika»dan yosh talant Joau Felish keldi - portugaliyalik futbolchi uchun «Atletiko» o‘zi uchun rekord darajada bo‘lgan mablag‘ni to‘ladi - 126 million yevro.

«Real» o‘tgan mavsumda ikki murabbiyni iste'foga chiqardi, bu Florentino Peres boshqaruvidagi eng yomon mavsum bo‘ldi. Jiddiy transferlardan keyin ham jamoa mavsumoldi yig‘inini ko‘ngildagidek o‘tkaza olmadi va Zinedin Zidan tarkibga yana yangi futbolchilar jalb etishi mumkin. Yarimhimoya uchun Pol Pogba, Kristian Eriksen va Donni va de Bek nomzodlari bor, hujum chizig‘ini esa Neymar to‘ldirishi ham mumkin. Bu futbolchilar Madridga kelmagan taqdirda ham jamoa chempionlik uchun asosiy da'vogarlar qatorida qoladi: Zinedin Zidanning bajarilishi kerak bo‘lgan vazifalar ro‘yxatida «barcha turnirlarda g‘alaba qozonish» yozuvi mavjud.

O‘tgan mavsum sovrindorlari

«Barselona» katta farq bilan chempionatni yutgandi, o‘tgan mavsum arafasida «Sevilya»ga qarshi o‘yinda Ispaniya Superkubogi qo‘lga kiritilgandi, kolleksiyaga Ispaniya Kubogini qo‘shib qo‘yish ham rejalashtirilgandi, ammo finalda «Valensiya»ning qo‘li ustun keldi va bu jamoa sakkizinchi marta ushbu kubokka ega chiqdi.

Ispaniya Superkubogining yangi formati

Xorijiy investorlar e'tiborini ichki chempionatga jalb qilish maqsadida ispanlar o‘z tarixida ilk marta Superkubok formatini o‘zgartirishga qaror qilishdi. Endi sovrin avgust oyida emas, mavsum o‘rtasida, Yangi yildan keyin (8-12 yanvar) o‘ynaladi, sovrin uchun avvalgidek ikki jamoa emas, balki to‘rt jamoa (bu safar «Barselona», «Atletiko», «Real» va «Valensiya») kurash olib boradi. Ispaniya chempionati prezidenti Xaver Tebas Superkubok o‘yinlari mamlakatdan tashqarida o‘tkazilishi haqida aytib o‘tgan. Katta ehtimol bilan o‘yinlar Osiyodagi mamlakatlardan birida bo‘lib o‘tadi.

Yuqori divizionga chiqqanlar

Ikki yillik tanaffusdan keyin Primeroga «Osasuna» qaytgan. Yagoba Arraste shogirdlari Segundada birinchi o‘rinni egallashdi, ammo bu jamoa yangi mavsum uchun tarkibini jiddiy kuchaytirishga ulgurmadi. Pamplonaliklar ikki hujumchi - Avilu va Adrian Lopesni safga qo‘shib olishdi, shuningdek, o‘tgan mavsumda jamoada ijara asosida o‘ynagan futbolchilar bilan shartnoma imzolandi. Katta ehtimol bilan «Osasuna» bu mavsumda o‘ziga xos bo‘lgan ishni qiladi - «ligada jon saqlab qolish» uchun kurashadi.

Quyi divizionda ikkinchi o‘rinni egallab, yuqoriga ko‘tarilgan «Granada» bu yozda bir qator yoshi o‘tgan futbolchilari bilan xayrlashdi. Transfer huquqi «Udineze»ga tegishli bo‘lib, o‘tgan mavsumda ijara asosida «Osasuna»da o‘ynagan Machisning transfer huquqi sotib olindi. Lissabonning «Sporting» klubidan himoyachi Duarte xarid qilindi, yarimhimoya chizig‘i uchun «Sevilya»dan Brays va «Leganes»dan Viko transfer qilindi. Ammo asosiy transfer Soldado bo‘ldi, u erkin agent sifatida jamoaga kelib, bir yillik shartnomaga imzo chekdi. Bu tajribali hujumchining gollari jamoani yana bir mavsumga yuqori ligada olib qolishi mumkin.

«Malorka» esa mavsum yakunida quyi divizionga ravona bo‘lishga asosiy nomzod. Ispaniya yuqori divizionidagi eng kambag‘al jamoa bu yozda «Real» yoshlar jamoasidan erkin agent sifatida kelgan Aleish Febas bilan bitim tuzdi. U ayni vaqtda «orolliklar» jamoasining eng qimmatbaho futbolchisidir (atigi 4 million yevro).

Autsayderlar

Umuman, bu mavsum yuqori ligaga chiqqan barcha uch jamoa ham mavsum yakunida ortga qaytib ketishi ehtimoli yuqori. «Malorka», «Granada» va «Osasuna»ning budjeti ligada jon saqlab qolish uchun kurashishdan boshqasiga imkon bermaydi. Bunday uchlik uchun «Valyadolid» ham da'vogar, bu jamoa o‘tgan mavsumda ham ligani tark etishga yaqin bo‘lgandi, ammo yakunda Kataloniyaning «Jirona» klubidan 4 ochko ko‘proq jamg‘ardi va ligada qoldi.

Turnir tizimi

Ispaniya odatdagidek 4 jamoasi bilan Chempionlar ligasida qatnashadi. Bu mavsumda ham katta ehtimol bilan «Atletiko», «Barselona» va «Real» dastlabki uch o‘rinni band etadi, to‘rtinchi o‘rin uchun chempionat ishtirokchilarining qariyb yarmi kurash olib boradi. Beshinchi va oltinchi o‘rinlar Yevropa Ligasiga yo‘llanma beradi, bu turnirda ispanlar doimo yaxshi ishtirok etishadi. Nufuzi jihatidan ikkinchi o‘rinda turuvchi bu xalqaro turnirga yo‘llanmani Ispaniya Kubogi g‘olibi ham olishi mumkin - agar bu jamoa Chempionlar ligasi yo‘llanmasini kafolatlab qo‘ymasa. Mavsum omadsizlari - so‘nggi uch o‘rinni egallagan jamoalar bo‘ladi - ular to‘g‘ridan-to‘g‘ri quyi ligaga ravona bo‘lishadi, hech qanday o‘tish o‘yinlari ko‘zda tutilmagan.

Mavsumlar oralig‘idagi asosiy transferlar

Uch grand va boshqa jamoalar o‘rtasidagi farq yiriklashgandan yiriklashmoqda. «Real», «Atletiko» va «Barselona» hujum chizig‘i uchun yana yulduzli futbolchilarni sotib olishdi. Kataloniyaliklar Antuan Grizmann uchun «Atletiko»ga shartnomada ko‘rsatilgan badal pulini to‘liq to‘ladi, «Real» «Chelsi»ning asosiy futbolchisi Eden Azarni o‘ziniki qildi, «matraschilar» esa «Benfika»dan «yangi Ronaldu» deya ta'riflangan 21 yoshli Joau Felishni Ispaniyaga olib keldi. Bu futbolchilarning har biri uchun kamida 100 million yevrodan to‘landi. Shuningdek, «Barselona» de Yong bilan kuchaydi («Ayaks», 75 million yevro), «Atletiko» Angliyadan Kiran Tripperni va qo‘shnilardan Markos Lorenteni safiga qo‘shib oldi, «Real»da ham «qayta qurish» amalga oshirildi va yozda jamoa 5 nafar futbolchini safga qo‘shib oldi. Bu yozda Ispaniya chempionatidagi eng yirik 10 transferdan 5tasi aynan «Real» transfer qilgan futbolchilardir - Eden Azar («Chelsi», 100 mln yevro), Luka Yovich («Ayntraxt», 60 mln), Eder Militao («Portu», 50 mln), Ferlan Mendi («Lion», 48 mln) va Rodrigu («Santos», 45 mln). Shuningdek, «Betis» kishibilmas tarzda «Lion»dan «arzimagan» 20 million yevro evaziga Fransiya chempionati yulduzlaridan biri Nabil Fekirni safiga qo‘shib oldi. Agar qolgan vaqt davomida ispan jamoalaridan biri Neymarni ham qaytarishga erishsa, mavsum yanada tomoshaboproq bo‘ladi.

Yuqorida aytilganidek, kuchli uchlik o‘rnini berib qo‘ymaydi, turnir jadvali o‘rtasida esa qaqshatqich kurash kechadi. Ispaniya futbolida hamma narsa bo‘lishi mumkin: kamtargina «Eybar» grandlarni mag‘lub etib qolishi, istiqbolli sanalgan «Selta» esa turnir jadvalining quyi qismida ligada qolish uchun kurash olib borishi mumkin, «Betis» loyihasi haqida esa allaqachon xalqaro maydonlarda gapirishmoqda.

Ispan grandlaridagi «qayta qurish» hali yakunlanmadi. Zinedin Zidan «Real»ni yangilashda davom etishni istaydi, u jamoaga Pogba yetishmayapti degan fikrida qat'iy, «Barsa» esa ikkita kuchli tarkibga ega bo‘lish uchun harakatlarini davom ettirmoqda, mavsumlar oralig‘ida juda yorqin o‘yin ko‘rsatgan «Atletiko» («Real» yaqindagina 7:3 hisobida mag‘lub etildi, «Yuventus» ham 2:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratildi) bu ishlarini chempionatda ham davom ettirishga chog‘langan.

Prognoz

Bir mavsumda murabbiy almashtirish bo‘yicha rekordini yangilagan «Real» boshlagan joyiga qaytdi. Katta transferlar va'dalari bilan qaytarilgan Zidan yangi jamoa qurishga kirishdi. Fransiyalik mutaxassisga kart-blansh taqdim etildi. Qatorasiga uch mavsumda Chempionlar ligasida g‘olib chiqqan murabbiy jamoani yana katta yo‘lga boshlamoqda. Ammo bu mavsumda «Real» ichki chempionatda ikkinchi o‘rindan yuqoriga ko‘tarilishi qiyin.

Avlodlar almashinuvi sabab kichik inqirozni boshdan kechirgan «Barselona»ga «yangi qon» quyildi. Ernesto Valverde jamoasi o‘yiniga rang-baranglik yetishmay qola boshlagach, klub rahbariyati Antuan Grizmann va Frenki de Yongni transfer qilishga qaror qildi. Bunday kuchaytirilgan tarkib bilan kataloniyaliklar yana bir bor chempionat g‘olibi bo‘lishga majbur. Boshqa natijani oqlab bo‘lmaydi.

«Atletiko» odatdagi kabi yetakchilarini sotib yuborishdan qo‘rqmadi, ketganlar o‘rniga yangilari kelishdi va jamoa barqaror o‘yin namoyish eta oladi. Agar Diyego Simeone Chempionlar ligasiga emas, ichki chempionatga asosiy e'tiborni qaratsa, «matraschilar» «Barselona» bilan bosh sovrin uchun raqobat qiladi.

To‘rtinchi o‘rin uchun asosiy da'vogarlar Sevilyadagi jamoalardir. Bu mavsumlar oralig‘ida yosh futbolchilar bilan kuchaygan «Sevilya»ning o‘zi bo‘lishi ham mumkin, tomoshabop futbol namoyish etishni o‘rganib olgan «Betis» bo‘lishi ham mumkin. Katta budjetga ega bo‘lmagan jamoalardan syurpriz kutish hamisha yoqimli. Axir puldor klublardan faqat g‘alaba kutiladi, chekka hududdagi kamtar jamoalarning «bosh ko‘tarishi» esa hamisha futbolni qiziqarli qiladi.

1-tur o‘yinlari

16 avgust. «Atletik» — «Barselona» (00:00).

17 avgust. «Selta» — «Real» (20:00), «Valensiya» — «Real Sosedad» (22:00), «Malorka» — «Eybar» (23:00), «Vilyarreal» — «Granada» (00:00), «Leganes» — «Osasuna» (00:00).

18 avgust. «Alaves» — «Levante» (20:00), «Espanol» — «Sevilya» (22:00), «Betis» — «Valyadolid» (00:00), «Atletiko» — «Xetafe» (01:00).

Iqtiboslar

Zinedin Zidan, «Real» bosh murabbiyi:

«Biz mavsumni kuchli o‘tkazishga majburmiz. Jamoa murakkab o‘yinlarga tayyor, biz chempionatga jiddiy kayfiyatda kirib boryapmiz».

Diyego Simeone, «Atletiko» bosh murabbiyi:

«Biz endi Madridning ikkinchi jamoasi emasmiz. Jamoaning o‘z uslubi bor. Ximenes, Saul, Koke, Tomas - bu futbolchilar yetakchilarga aylanishi va boshqalarni o‘z ortidan ergashtirishi kerak».

Ernesto Valverde, «Barselona» bosh murabbiyi:

«Jamoaga Neymar keladimi? Ko‘ramiz. Hozircha men o‘z ixtiyorimdagi futbolchilar bilan ishlayman».

Ko‘proq yangiliklar: