O‘rmon fondi yerlarini ijaraga berish tartibi tasdiqlanadi

O‘zbekiston 15:17 / 14.08.2019 6758

Vazirlar Mahkamasining “O‘rmon fondi yerlarini egalik qilish, foydalanish va davlat-xususiy sheriklik asosida ijaraga berish tartibi to‘g‘risida nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori loyihasi muhokama uchun e'lon qilindi.

Hujjat bilan o‘rmon fondi yerlarini egalik qilish, foydalanish va davlat-xususiy sheriklik asosida ijaraga berish tartibi to‘g‘risida nizom tasdiqlanishi mumkin.

Nizomga ko‘ra, o‘rmon fondi yerlari tarkibidagi quyidagi yerlar davlat-xususiy sheriklik asosida ijaraga berilishi mumkin:

o‘rmon fondining o‘zlashtirilmagan yerlarida yangidan barpo etilgan va kamida bir yilgacha bo‘lgan muddatda parvarishlangan o‘rmonlar joylashgan yerlar;

o‘rmon fondining o‘rmon bilan qoplanmagan va kelgusida o‘rmon barpo etish mumkin bo‘lgan yerlari;

davlat o‘rmon fondi yerlarida o‘rmondan o‘rmon-ovchilik, ovchilik va (yoki) baliqchilik xo‘jaliklari ehtiyojlari uchun, ilmiy-tadqiqot, madaniy-ma'rifiy, tarbiyaviy, sog‘lomlashtirish, rekreatsiya hamda estetik maqsadlarda, shuningdek ekologik turizmni rivojlantirish maqsadida foydalanish mumkin bo‘lgan yerlar;

davlat o‘rmon fondi yerlarida ko‘chatchilikni rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi ekinlari ekish hamda dorivor o‘simliklarni yetishtirish maqsadlarida foydalanish mumkin bo‘lgan yerlar.

O‘rmon fondi uchastkalarida pichan o‘rish, chorva mollarini o‘tlatish va asalari uyalari va qutilarini joylashtirish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan qoidalariga muvofiq amalga oshiriladi.

O‘rmon fondi yerlari yuridik yoki jismoniy shaxslarga o‘rmon xo‘jaligi organlari tomonidan ijara shartnomasiga ko‘ra 50 yilgacha bo‘lgan muddatga davlat-xususiy sheriklik asosida ijaraga beriladi.

Ijaraga beruvchi balansda saqlovchining o‘rmon fondi uchastkasini davlat-xususiy sheriklik asosida ijaraga berish bo‘yicha tanlov o‘tkazib berish to‘g‘risidagi yozma iltimosnomasiga ko‘ra ochiq elektron tanlov e'lon qiladi.

Bir oy davomida elektron tanlovda talabgor bo‘lmagan hollarda, ijaraga beruvchi tomonidan o‘rmon fondi uchastkasini birinchi tashabbuskorga to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma orqali davlat-xususiy sheriklik asosida ijaraga berishga haqli.

O‘zbekiston Respublikasi rezidenti bo‘lmagan yuridik yoki jismoniy shaxslarga o‘rmon fondi uchastkasi Qo‘mita bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri tuzilgan ijara shartnomasi asosida investitsiya kiritish shartlari bilan beriladi.

Davlat sherigi tender yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar natijalari bo‘yicha aniqlanadigan xususiy sherik bilan davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida bitim tuzadi.

Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitimning amal qilish muddati uch yildan kam bo‘lmasligi va qirq to‘qqiz yildan oshmasligi kerak.

Tenderlar bir bosqichli yoki ikki bosqichli bo‘lishi mumkin.

Davlat-xususiy sheriklik obekti joylashgan va (yoki) davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitimda nazarda tutilgan faoliyatni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan yer uchastkasi xususiy sherikka davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitimda belgilanadigan muddatga beriladi.

Yer uchastkasi xususiy sherikka davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitim bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarish uchun shartnoma asosida tanlov o‘tkazmasdan beriladi.

Davlat sherigi tomonidan xususiy sherikka yer uchastkasini yoki unga bo‘lgan huquqlarni berishga doir majburiyatning bajarilmaganligi xususiy sherik tomonidan davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitimni bir tomonlama bekor qilish uchun asos bo‘lishi mumkin.

Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitimning tugatilishi davlat-xususiy sheriklik loyihasini amalga oshirish uchun berilgan yer uchastkasiga nisbatan shartnomaviy munosabatlarni tugatish uchun asos bo‘ladi.

Vakolatli davlat organi (O‘rmon xo‘jaligi organlari) davlat-xususiy sheriklik loyihalari bajarilishining davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitim shartlariga rioya etilishi nuqtai nazaridan monitoringini amalga oshiradi. Xususiy sherik monitoringni amalga oshirish maqsadlari uchun davlat-xususiy sheriklik obektlariga kirilishini va tegishli hujjatlardan foydalanilishini ta'minlashi shart.

O‘rmon fondi uchastkasi quyidagi hollarda, ya'ni ilgari tuzilgan o‘rmon fondi uchastka ijara shartnomasining majburiyatlari bajarilmaganda, ijaraga oluvchining muomalaga layoqatsizligi yoki muomala layoqati cheklanganligi to‘g‘risida ishonchli ma'lumot mavjud bo‘lganda ijaraga berilmaydi.

Ijaraga berilgan o‘rmon fondi uchastkasi (shuningdek, uning bir qismi) bo‘yicha ijaraga oluvchining ijaraga olish huquqi o‘zgaga berilishi, garovga qo‘yilishi yoki boshqacha tarzda ijaraga oluvchi tomonidan uchinchi shaxslarga o‘tkazilishi mumkin emas.

Ijaraga oluvchi ijaraga olingan o‘rmon fondi uchastkasini uchinchi shaxslarga, shu jumladan subijara (ikkilamchi ijara) shartlarida berishga haqli emas.

Ijaraga oluvchi ijaraga olingan o‘rmon fondi uchastkasi hududidagi o‘simlik dunyosiga o‘zboshimchalik bilan zarar keltirishi mumkin emas.

Ijaraga oluvchi ijaraga olingan hududdagi o‘simlik dunyosiga o‘z hisobidan agrotexnik tadbirlarni amalga oshirishi va uni saqlash bo‘yicha xarajatlarni qoplashi shart.

O‘rmon fondi uchastkasini ijaraga berish jarayoni har qanday jismoniy va yuridik shaxslarning tashabbusi asosida boshlanishi mumkin.

Ushbu maqsadlarda tashabbus ko‘rsatuvchi o‘rmon fondi uchastkasi joylashgan joydagi balansda saqlovchiga:

o‘rmon fondi uchastkasining tavsifini va u joylashgan joyni;

balansda saqlovchini (bunday ma'lumotlar mavjud bo‘lgan taqdirda) ko‘rsatgan holda tegishli taklifni taqdim etadi.

Taklif ko‘rib chiqilishi va taklif olingan paytdan boshlab bir hafta muddatda tashabbus ko‘rsatuvchiga asoslangan javob yuborilishi shart.

Ko‘proq yangiliklar: