Shomurodov golini «Paxtakor-79» xotirasiga bag‘ishladi, Karpin uni qancha narxga qo‘yib yuborishga tayyorligini aytdi

Sport 08:51 / 13.08.2019 68219

Rossiya Premer-ligasining 5-turida «Rostov» «Krilya Sovetov»ni qabul qilib, 1:0 hisobida ustun keldi. G‘alaba goliga 33-daqiqada Eldor Shomurodov mualliflik qildi.

Bu g‘alaba bilan rostovliklar musobaqa jadvalida 2-o‘ringa ko‘tarilgan bo‘lsa, jamoaning o‘zbekistonlik hujumchisi to‘purarlar ro‘yxatida Artyom Dzyuba («Zenit») va Aleksandr Sobolevga («Krilya Sovetov») yetib oldi. To‘rtala golini ham o‘yindan kiritgan Eldor bitta golini penaltidan urgan raqiblaridan oldinda bormoqda.

Shomurodov o‘yindan keyingi intervyusida golini «Paxtakor-79» xotirasiga bag‘ishlaganini aytdi.

«Menga barcha gollarim yoqadi, ayniqsa, jamoam g‘alaba qozonganda. Shuning uchun, «Krilya» darvozasiga urgan golim ham ahamiyatli.

Gol urilgan vaziyatda Ionov ajoyib harakat qildi – to‘pni yaxshi uzatdi. Xorik Bayramyan to‘pni menga o‘tkazib yubordi, men esa oyog‘imni qo‘yishga ulgurdim. Men uchun gol urish juda muhim. Men hujumchiman, gol urish – mening ishim.

Golni «Paxtakor-79» xotirasiga bag‘ishlayman», – deya Eldorning so‘zlarini keltirdi «Match TV». 

Image
Foto: Chempionat.com

Rossiya chempionatining yangi mavsumi kashfiyotlaridan biri sifatida ko‘rilayotgan 24 yoshli hujumchiga endilikda «Galatasaroy» ham befarq emasligi ma'lum bo‘ldi.

Futbol sharhlovchisi Nobel Arustamyanning xabar berishicha, Istanbul klubi skautlari «Rostov»-«Krilya Sovetov» o‘yini paytida mezbonlar hujumchisi Eldor Shomurodov va RPLda porlayotgan boshqa bir kashfiyot – «Krilya Sovetov» hujumchisi Aleksandr Sobolevni kuzatishgan.

«Hamkasblarim efir paytida Rostovga Turkiyadan skautlar kelganini aytishdi, ammo aynan qaysi futbolchilarni kuzatgani kelishganini aniqlab berishmadi. Qo‘shimcha qilaman, «Galatasaroy» skautlari Sobolev va Shomurodovni kuzatishgan. Ammo turklar hozir o‘zbekistonlik hujumchini sotib olisholmaydi, chunki Eldorning narxi juda qimmat. «Rostov» hujumchisini sotmoqchi emas», – deb yozdi Arustamyan «tvitter»da.

Bundan oldin 14-raqam egasi Moskvaning TsSKA jamoasi e'tiboriga tushgani, harbiylar klubi uni Fyodor Chalovga o‘rinbosar sifatida ko‘rayotgani xabar qilingan edi.

Image
Foto: Valery Matytsin/TASS

Biroq, Shomurodovning agenti Qahhor Mo‘minovning so‘zlariga ko‘ra, Eldor rus klublariga o‘tmoqchi emas.

«TsSKA – Rossiyaning eng obro‘li jamoalaridan, lekin biz RPL klublari takliflarini ko‘rib chiqmaslikka kelishib olganmiz. U o‘zini Yevropada sinab ko‘rmoqchi.

Bunday takliflar bor. Ammo biz «Rostov»ni hurmat qilgan holda transfer shartlari va vaqti bo‘yicha qarorni ular qabul qilishlari kerak, deb hisoblaymiz», – degandi agent «Sport-Ekspress» muxbiri bilan suhbatda.

O‘z navbatida Eldorning o‘zi «Match TV»ga bergan intervyusida Yevropaning kuchli beshlik chempionatlarida o‘ynash orzusida ekanini aytgan, lekin hozirgi jamoasi bilan 4 yillik shartnomasi borligi, ketish haqida o‘ylamayotganini qo‘shimcha qilgan.

Foto: "Rostov" FK

«Krilya Sovetov» bilan uchrashuvdan keyin «Rostov» bosh murabbiyi Valeriy Karpin klub bu yil yozda hech qaysi futbolchisini sotmoqchi emasligini ta'kidladi.

«Qaysidir futbolchimizni yo‘qotishimiz mumkinligidan xavotirda emasmiz. Hech kimni sotmoqchimasligimiz haqida aytganmiz. Lekin bordiyu 50 million taklif qilishsa, o‘zim u o‘yinchini o‘sha klubga olib borib qo‘yaman», – dedi Karpin «Match Premer» telekanali efirida.

Yuqorida qayd etilganidek, «sariq-ko‘klar» 5-turdan keyin 11 ochko bilan turnir jadvalida 2-o‘rinni egallab turishibdi. Peshqadam «Zenit» hisobida 13 ochko bor. «Rostov»ni avgust oyida chempionat doirasida «Ufa», «Rubin» va «Lokomotiv»ga qarshi bahslar kutmoqda.

 

Ko‘proq yangiliklar: