Joze Mourino o‘z kasbini o‘zgartiradi. Bu qiziq

Sport 14:39 / 13.08.2019 26936

Angliyadagi bu mavsum «Liverpul» va «Manchester Siti»ning raqobatidan (buni biz ko‘rganmiz) ham ko‘ra, boshqa jihati bilan rosa qiziq bo‘lsa kerak – Joze Mourino Sky Spors`da ishlay boshladi va o‘yinlarni studiyadan turib tahlil qiladigan bo‘ldi.

Hatto murabbiy sifatida, ma'lum bir cheklovlar va qoidalar ichidan turib, ajoyib iqtiboslar-u, original yondoshuvlari bilan mashhur Joze Mourino nisbatan ancha erkin studiyada qanday bo‘lishi mumkinligini hozircha tasavvur qilib ko‘ravering.

Debyut esa, tasodifni qarangki, «Old Trafford»ga, yanayam qizig‘i, o‘zining ikki sobiq jamoasining to‘qnashuviga to‘g‘ri keldi. Mourino «Old Trafford»ning o‘zidan turib, studiyada qatnashdi. «Manchester Yunayted» muxlislari esa, uni oynadan ko‘rib qolib, uzoq vaqt olqishlashdi.

Bir tarafda, yaqindagina iste'foga chiqqan jamoasi uning o‘rniga kelgan Sulsher bilan, naryog‘da begona bo‘lmagan «Chelsi» sobiq shogirdi Frenk Lempard qo‘l ostida...

Darvoqe, Joze allaqachon Lempard bilan orasini buzib ham bo‘ldi. Gap shundaki, o‘yindan keyin Mourino «Chelsi» tanlagan tarkib borasida keskin fikrlarni bildirdi. Asosiy tarkibda Kante, Jiru, Pulishich, Villian kabi tajribali futbolchilarning tushmaganiga urg‘u berib, bu «Manchester»ga qarshi o‘ynashni biladiganlarni tushirish kerakligini aytdi. Bu esa, yirik hisobda mag‘lubiyatga uchrab, ilk turdanoq bosim ostida qolgan Lempardga yoqmadi:

«Unga Mauntning o‘yini yoqmabdimi? Rostan shunaqa dedimi? Vau. Demak, tajribasi bor ekan, deb jarohatlangan futbolchilarni tushirish kerak ekan-da? Men o‘ynatgan futbolchilar 45-60 daqiqa mobaynida raqibdan yaxshiroq o‘ynashdi. Men ekspertlarning fikrlariga e'tibor berib o‘tirishim shart emas, ularning ishi – gapirish», – deb, xuddi bir yil oldingi Mourino uslubida javob berdi Lempard.

Mourino g‘olib jamoani ham ayab o‘tirmadi:

«Bu mavsumni «Manchester Yunayted» muvaffaqiyatli yakunlash uchun Yevropa Ligasini yutish kerak. Bu turnir «MYu»niki emas, to‘g‘rimi, Gari (Nevill), sen necha marta o‘ynagansan UYeFA kubogida? Demak, bunday turnirlarga tushib qoldingmi, unda g‘alaba qozonish shart. Kuchli to‘rtlikka kirish esa, «Yunayted» uchun juda juda qiyin bo‘ladi».

Sobiq shogirdi Shouga ham igna sanchdi:

«Maguayr juda ko‘p vaziyatlarda Shouning xatolarini yopishga yugurdi va natijada markaziy himoya bo‘sh qoldi. Endi doim shunaqa bo‘ladi va Harri buni bilib olishi lozim».

Gvardiola bilan o‘rtasidagi farqni tushuntirdi:

«U to‘pni nazorat qilishga harakat qiladi. Men esa, zonalarni nazorat qilishga intilaman».

Shuningdek, futbol nazariyasi haqida ham tushunchalar berdi:

«Himoyaviy va hujumkor, qarshi va pozitsion hujum deganda nimani tushunish mumkin? Muhimi bu emas, eng muhimi jamoa imkon qadar zich o‘ynashi kerak. Yuqori himoya bilan o‘ynaysanmi, orqaga qaytasanmi, farqi yo‘q – zich o‘ynash kerak, busiz iloji yo‘q. Himoyani tartibga solmay turib, eng yaxshi jamoa bo‘lish qiyin. Mana, o‘tgan yili Angliyada eng zo‘r jamoa qaysi edi? «Manchester Siti», to‘g‘rimi? Biz bu jamoaning himoyalanishga usta emas, deya olamizmi? Albatta, yo‘q. 

Jamoani to‘rt faza bilan baholash mumkin: to‘p nazorati, to‘psiz harakat, shu ikki faza orasidagi o‘tish davri va standart vaziyatlar. Bu to‘rt jihatda zo‘r bo‘lmay turib, turnirda g‘alaba qozonish mumkin emas».

Mourinoning bu yilgi mavsumda chempionlikka da'vogarlar haqidagi fikri esa, butun internet tarmoqlarini aylanib yuribdi. U to‘rt da'vogar deb turib, aslida uch jamoani sanadi:

«Manchester Siti», «Liverpul», «Tottenhem» va «Manchester Siti»ning ikkinchi tarkibi. Rostan ham, siz «Vest Hem»ga qarshi o‘yindagi zaxira o‘rindig‘ini ko‘rdingizmi? O‘sha jamoa ham bemalol chempionlik uchun kurashgan bo‘lardi. Bu jamoa «Manchester Yunayted» va «Chelsi»dan kuchliroq».

Bu – endi boshlanishi. Mourino murabbiy bo‘lmasdan avval, Portugaliya gazetalaridan birida kolumnist bo‘lgani va matnlar yozganini bilamiz, lekin yangi ampluadagi ilk chiqish bu qadar yorqin bo‘lgani, hali bizni yanada qiziqarli fikrlar, tahlillar, iqtiboslar kutib turganini ko‘rsatyapti.

Bunga eng zo‘r bahoni esa, Mourinoning eski «do‘sti» Gari Lineker berdi:

«Mourinoning «Old Trafford»dagi eng zo‘r chiqishi bo‘ldi» – deb hazillashdi Gari, o‘zining tvitterdagi sahifasida. 

Qahramon Aslanov

Ko‘proq yangiliklar: