Hukumatning yoshlarga aloqador yangi qarori qabul qilinadi

O‘zbekiston 17:05 / 13.08.2019 24545

Vazirlar Mahkamasining “Yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish ishlarini muvofiqlashtirish va axborot-kutubxona faoliyatiga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokama uchun e'lon qilindi.

Hujjat bilan quyidagilar:

Yoshlarni axborot-kutubxona muassasalari va umumta'lim maktablari hamda mahalla kutubxonalariga jalb etish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini keng targ‘ib qilish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”;

umumta'lim maktablari o‘quvchilarini, ularga tutash hududdagi mahalla yoshlarini kitobxonlikka jalb etish, darsdan va boshqa faoliyat turidan bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish bo‘yicha tashkil etiladigan to‘garaklar ro‘yxati;

viloyat tuman, shaharlari hokimliklariga kitobxonlik masalalari bo‘yicha biriktirilgan ijodiy maslahatchilar ro‘yxati;

viloyatdagi yoshlarni kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatiga keng jalb etish yo‘nalishida to‘garak rahbari va (ona tili va adabiyoti fanlari) o‘qituvchilarni malaka oshirishga jalb etish jadvali;

“Yo‘l xarita”da belgilangan chora-tadbirlar amalga oshirilishini tashkillashtirish va monitoring olib borish bo‘yicha respublika ishchi guruhi tarkibi tasdiqlanadi.

Belgilanishicha, “Yo‘l xarita”ga muvofiq yoshlarni kitob mutolaasi va kitobxonlikka keng jalb etish, ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish ishlarini amalga oshirishda birinchi navbatda umumta'lim maktablari imkoniyatlaridan keng foydalaniladi.

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi:

a) O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi va Moliya vazirligi bilan birgalikda 2021 yil 1 yanvarga qadar bosqichma-bosqich O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan “Kitob karvoni” loyihasi doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahriga har biri uchun bir million nusxadan kam bo‘lmagan miqdorda badiiy-ma'rifiy va ijtimoiy mavzulardagi, shuningdek bolalar va o‘smirlarga mo‘ljallangan adabiyotlarni chop etilishi va ta'lim muassasalariga yetkazib berilishini ta'minlaydi;

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:

Agentlik bilan birgalikda agentlik tizimidagi axborot kutubxona muassasalari xodimlarining mehnatiga haq to‘lash va rag‘batlantirish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritadi;

Yoshlar ittifoqi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, Xalq ta'limi vazirligi, Madaniyat vazirligi, Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda yoshlarni kitob mutolaasi va kitobxonlikka keng jalb etish borasidagi barcha mavjud imkoniyatlardan samarali va to‘liq foydalangan holda o‘quvchi-yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish maqsadida axborot-kutubxona va umumta'lim maktablarida yoshlarning qiziqishlaridan kelib chiqib, kitobxonlik to‘garaklari faoliyatini yo‘lga qo‘yadi.

Bunda:

a) Yoshlar ittifoqi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Xalq ta'limi vazirligi:

to‘garaklar faoliyatini tashkil etish, to‘garaklarni tegishli kadrlar bilan ta'minlash, axborot-kutubxona va umumta'lim maktablarida muntazam turli tadbirlar, ko‘rik-tanlovlar o‘tkazish, ularning mazmundorligini ta'minlash bo‘yicha;

to‘garaklar faoliyat yuritishi, tadbirlar o‘tkazilishi uchun zarur bo‘ladigan xonalar ajratish va tegishli shart-sharoit yaratish, ularga
o‘quvchi-yoshlar qatnovini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha;

b) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari va Moliya vazirligi axborot-kutubxona va umumta'lim maktablarida to‘garaklarni tashkil etish uchun zarur bo‘ladigan kitob va o‘quv-qo‘llanmalar hamda kerakli jihozlash asosida boshqa inventarlarni budjet mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilishini ta'minlash bo‘yicha mas'ul etib belgilanadi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Xalq ta'limi vazirligi, Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi takliflari asosida to‘garaklar uchun zarur bo‘ladigan kitob va boshqa inventarlarning xarid qilinishi masalalarini hal etadi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, Xalq ta'limi vazirligi, Madaniyat vazirligi bilan birgalikda yoshlarni vatanparvarlik, milliy g‘oyaga sadoqat, mehr-oqibat, ilm-fanga oshno, har tomonlama komil insonlar bo‘lib tarbiyalanishlari uchun ma'naviy-ma'rifiy tadbirlarning tashkil qilinishini ta'minlab boradi.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Xalq ta'limi vazirligi, Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi va “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatining:

shoir va yozuvchilarni har bir viloyat tuman (shahar)lari hokimlariga kitobxonlik masalalari bo‘yicha ijodiy maslahatchi sifatida jamoatchilik asosida biriktirish;

ijodiy maslahatchilarni har oyda bir marotaba joylarga xizmat safariga borib-kelishi uchun bepul temiryo‘l chiptalari bilan ta'minlash to‘g‘risidagi takliflariga rozilik beriladi.

Har bir viloyat tuman (shahar) hokimliklari maslahatchi sifatida biriktirilgan malakali mutaxassislar bilan faol hamkorlikni yo‘lga qo‘ysin hamda ularning joylarda samarali faoliyat yuritishlari uchun yetarli shart-sharoit yaratadi.

Xalq ta'limi vazirligi, Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda joriy o‘quv yilida viloyatdagi umumta'lim maktablarining kitobxonlik yo‘nalishidagi to‘garak rahbarlari va o‘qituvchilarining malaka oshirish kurslarini har bir viloyat xalq ta'limi boshqarmasi qoshidagi pedagog xodimlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazida tashkil etish choralarini ko‘radi.

malaka oshirish kurslarida mashg‘ulot o‘tkazish uchun sohaning malakali, yetuk mutaxassis va o‘qituvchilari jalb etiladi hamda ularning oylik maoshlari o‘rnatilgan tartibda qoplash choralari ko‘riladi.

Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi yoshlarni kitob mutolaasi va kitobxonlikka keng jalb etish, ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish borasidagi vazifalarni amalga oshirishda muntazam ravishda tegishli tahliliy ishlarni olib boradi, yoshlarning axborot-kutubxona va umumta'lim maktablaridagi to‘garaklarga qatnashi, ushbu joylarda o‘tkazilayotgan tadbirlarning mazmundorligini o‘rganish bo‘yicha doimiy monitoring yuritadi hamda natijalari bo‘yicha tegishli idoralarga tavsiyalar berib boradi.

Ko‘proq yangiliklar: