Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati faoliyatida yangi tizim joriy etiladi

O‘zbekiston 15:18 / 13.08.2019 54310

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati faoliyatida avtomobil transporti va ulardan foydalanishga oid huquqbuzarlik xavfini tahlil etish tizimini joriy etish to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi hujjat loyihasi joylashtirildi.

Nizomga asosan avtomobil transportidan foydalanishga oid qoidabuzarlik va huquqbuzarlik xavfini tahlil etish tizimi Ichki ishlar vazirligi Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati (DYHXX) va uning hududiy boshqarmalari tomonidan amaliyotga joriy etilgan “Tahlika-tahlil” dasturiy mahsuloti asosida nazorat ostidagi tadbirkorlik sub'yektlarini elektron tarzda inson omili aralashmagan holda tahlil qilish orqali amalga oshiriladi.

Dasturiy mahsulot xavfni tahlil etish tizimini DYHXXdagi mavjud ichki ma'lumotlar bazasiga asosan quyidagi yo‘nalishlarda:

yo‘l-transport hodisalarining oldini olish;

yo‘nalishga chiqayotgan avtotransport vositalarining texnik holatini o‘rganilmasligi;

yo‘nalishga chiqayotgan haydovchilarning reys oldi tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilmasligi;

haydovchilarning davriy tibbiy ko‘rikdan o‘tishi ta'minlanmasligi;

inson hayoti va sog‘ligiga tahdid soluvchi holatlarning oldini olish;

transport xizmatiga faqat malakali tashuvchilarning jalb etilishi, texnik reglament, standartlar, qoidalar va yo‘l harakati xavfsizligi me'yorlariga mos va texnik jihatdan soz bo‘lgan transport vositalari qo‘yilganligini tahlil qiladi.

Dasturiy mahsulot, belgilangan yo‘nalishlarga asosan, transport vositalarida xizmat ko‘rsatuvchi tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatini to‘liq tahlil qiladi hamda yakuniy natijalarni ballik tizim orqali, avtomobil transporti va ulardan foydalanishga oid huquqbuzarlik xavfi darajasi doirasida baholaydi.

Dasturiy mahsulot orqali ballik tizim tahlili natijalariga ko‘ra transport xizmati sohasiga oid qoidabuzarlik va huquqbuzarlik sodir etish xavfi darajasi quyidagi uch toifaga ajratiladi:

transport xizmati sohasiga oid qoidabuzarlik yoki huquqbuzarlik sodir etish xavfi kichik bo‘lgan tadbirkorlik sub'yektlari;

transport xizmati sohasiga oid qoidabuzarlik yoki huquqbuzarlik sodir etish xavfi o‘rtacha bo‘lgan tadbirkorlik sub'yektlari;

transport xizmati sohasiga oid qoidabuzarlik yoki huquqbuzarlik sodir etish xavfi yuqori bo‘lgan tadbirkorlik sub'yektlari.

Yo‘l-transport hodisalari hamda inson hayoti va sog‘ligiga tahdid ehtimoli, shuningdek yetkazilgan moddiy zarar va tashuvlar turiga asosan xavf-xatar darajasi aniqlanib xulosa qilinadi.

Aniqlangan holatlar yuzasidan DYHXX hududiy organlari tomonidan tadbirkorlik sub'yektlarida avtomobil transportida harakat xavfsizligini ta'minlashga oid qoidabuzarlik yoki huquqbuzarlik sodir etish xavfi darajasidan kelib chiqib, bir kunlik tekshiruvlar uchun vakolatli organga tekshiruv o‘tkazish to‘g‘risida tashabbus bilan murojaat etiladi.
 
DYHXX tomonidan transport xizmati sohasiga oid qoidabuzarlik yoki huquqbuzarlik sodir etish xavfi yuqori bo‘lgan tadbirkorlik sub'yektlari ma'lumotlar bazasidan avtotransport vositalari soni 1 tadan 10 tagacha, 11 tadan 25 tagacha, 26 tadan 50 va undan ortiq bo‘lgan tadbirkorlik sub'yektlari ro‘yxati shakllantirib boriladi.

DYHXX hududiy organlari tomonidan tadbirkorlik sub'yektlarida prokuratura, tergov idoralari, hukumat topshirig‘i asosida tekshirish o‘tkazilishi mumkin.

Avtomobil transportida harakat xavfsizligini ta'minlashga oid huquqbuzarlik sodir etish xavfi yuqori bo‘lgan tadbirkorlik sub'yektlarida prokuror nazoratini o‘rnatish uchun aniqlangan ma'lumotlar DYHXX tomonidan prokuratura organlariga taqdim etib boriladi.

Avtotransport xizmati sohasiga oid qoidabuzarlik yoki huquqbuzarlik sodir etish xavfini tahlil etish natijalaridan norozi bo‘lgan shaxslar qonunda belgilangan tartibda yuqori turuvchi organga yoki sudga shikoyat qilishga haqli.

Ko‘proq yangiliklar: