Innovatsion rivojlanish vazirligida “E-Line Kazakhstan” kompaniyasi bilan hamkorlikda elektromobillarni ishlab chiqarishni tashkil etish maqsadida vazir o‘rinbosari Oybek Norinboyev va kompaniya bosh direktori R.Dyusenov bilan uchrashuv o‘tkazildi. Bunda elektromobillarni ishlab chiqarish borasida o‘zaro hamkorlikda ishlarni olib borishga kelishib olindi.
Vazirlik xabarida aytilishicha, mazkur loyiha mamlakatda avtomobilsozlik sanoatini rivojlantirish bilan birga, atrof-muhit ifloslanishining oldini olishga hamda muqobil energiya manbalarini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Jahon bozorida elektromobillar savdosi 2017 yilda 2012 yilga nisbatan 10 martaga oshgan bo‘lib, “Thomson Reuters” tahlilchilarining prognozlariga ko‘ra 2040 yilga borib elektromobillar transport vositalarining yarmidan ko‘pini tashkil qiladi.
Elektromobillar quyidagi bir qancha afzalliklarga ega:
elektromobillar dvigateli atrof muhitga zararli gazlarni chiqarmasligi hisobiga atrof-muhit ifloslanishining kamayishiga olib keladi;
elektromobil dvigateli elektr energiyasidan (muqobil energiyalar hisobiga) quvvat olishi sababli an'anaviy yoqilg‘i sarfini kamaytiradi;
elektromobillar bilan to‘qnashuv sodir etilganda to‘qnashuv sensori tomonidan batareyalar o‘chirilishi bilan elektromobilning avtomatik tarzda to‘xtashi va boshqa afzalliklarga egaligi sababli Tesla Model-S elektromobili 2013 yilda AQShda sinovdan o‘tgan barcha avtomobillar orasida eng yuqori xavfsizlik reytingiga sazovor bo‘lgan;
ehtiyot qismlarining soni kamroq bo‘lganligi elektromobilning ishonchliligini oshiradi va natijada ta'mirlash hamda texnik xizmat ko‘rsatish xarajatlari kamayadi;
uzoq muddatli foydalanish paytida dvigatelning nisbatan ishonchliligi va chidamliligi hamda oddiy avtoulovlarning dvigatellariga nisbatan yuqori samaradorlik koeffitsiyenti;
batareyalarni standart elektr tarmog‘idan quvvat olish imkoniyatining mavjudligi xarajatlarni sezilarli darajada kamaytirish imkonini beradi;
avtomashina o‘t oldirilgan hamda harakatlanayotgan vaqtda kamroq shovqin paydo bo‘ladi;
elektr dvigatelning elektromagnit tormoz rejimida bo‘lishi favqulodda tormozlanish imkoniyatini beradi.