«Volontyorlik» deganda ko‘ngilli bo‘lib jamoat ishlarida qatnashish nazarda tutiladi. Boshqacha aytganda, volontyorlar o‘zining shaxsiy manfaatidan tashqariga chiqib, jamiyatdagi muammolarni hal qilishga ko‘maklashadi. Juda ko‘p hollarda buni noto‘g‘ri talqin qilishadi va majburiy faoliyat turi sifatida talqin qilinadi. O‘zbekistonda majburiy-ixtiyoriy volontyorlik asosan umumxalq bayramlarida hashar shaklida tashkil etiladi. Hozirgi paytda yoshlar ko‘ngilli bo‘lib ma'lum joyda o‘z fuqarolik pozitsiyasini ko‘rsatishdan qochishga harakat qilishadi. Nega shunday? Chunki bu yo‘nalishning mohiyati to‘liq anglashilmagan. Natijada, tushuncha noto‘g‘ri shakllangan va yoshlarga ham shu taxlitda singdirilgan.
«Ko‘ngilli bo‘lib jamoat ishlarida qatnashish boqimandalik kayfiyatini yo‘qotishga yordam beradi»
Harvard Tibbiyot maktabi tadqiqotchisi Jamshid Jambulov:
— AQSh maktablaridan birida o‘qib yurgan paytimda volontyorlik dasturlariga qatnashganman. Darslardan keyin kambag‘allarga ovqat, kiyim-kechak tarqatish, atrof-muhit tozaligiga ko‘maklashish kabi ishlarni bajarganmiz. Misol uchun, har hafta kambag‘allar uyiga borib, kiyim tarqatish, taom tayyorlash, tozalik ishlarini olib borishda yordamlashardik. Shu tariqa volontyorlik soatlari hisoblab borilardi. Yig‘ilgan miqdorga qarab mukofot belgilanadi (oltin, kumush, bronza medal). Oq uy qoshida Milliy va jamoatchilik xizmati bor. Shu tashkilot volontyorlarni rag‘batlantirish uchun prezidentning volontyorlik xizmati mukofotini berishda vakillik organi hisoblanadi. Jamoat ishlarida faollik ko‘rsatganlarga alohida e'tibor berishdan maqsad yoshlarda jamiyatga daxldorlik hissini uyg‘otishdir. Volontyorlikning yana bir ahamiyatli tomoni shundaki, oliy o‘quv yurtiga hujjat topshirayotganda yoki ishga kirishda bu alohida hisobga olinadi.
Volontyorlikning foydali jihatlari: mahalliy hamjihatlikni qaror toptiradi, odamlar orasida do‘stona munosabatlarni shakllantiradi. Bizda ham volontyorlik xizmatlarini tashkil qilish maqsadga muvofiq bo‘lardi. Tasavvur qiling: Prezident Shavkat Mirziyoyev nomidan shaxsan yozilgan maktubni qabul qilsangiz, qanchalik faxrga to‘lasiz. Buning ortida bir ma'no bor: siz jamiyatning bir bo‘lagi ekanligingiz, e'tibordan chetda emasligingizni anglatib turadi. O‘zbekistonda volontyorlik asosan hashar ko‘rinishida tashkil qilinadi. Uning boshqa yo‘nalishlarini ham tashkillashtirish lozim. Eng muhimi, volontyorlarga qilgan ishlari uchun kichkina bo‘lsa ham rag‘bat bo‘lishi kerak.
Yoshlar volontyorlikdan qanday foyda ko‘rishi mumkin? Ularda boqimandalik kayfiyati biroz bo‘lsa-da, chekinadi. Hammasini davlat qilib berishi kerak, degan tushuncha yo‘qoladi. Men ham jamiyatning bir bo‘lagi ekanman, deb o‘ylay boshlaydi, mustaqil fikrlashga chorlaydi, ijtimoiy mas'uliyatni oshiradi.
«Volontyorlik jamoatchilik nazorati tizimini mustahkam bo‘g‘inga aylantiroladi»
Yoshlar Ittifoqi talaba-yoshlar va volontyorlar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Oybek Rahmonberdiyev:
— O‘zbekistonda volontyorlik tizimlashtirilmagan tarzda ishlaydi. Bu faoliyat faqatgina qariyalar, bolalar, nogironlar uyiga borish yoki hashar ko‘rinishi bilan cheklanib qolyapti. Xolbuki, sohaning tarmoqlari va imkoniyatlari keng. Masalan, xalqaro anjuman, sport musobaqalarida tarjimonlik qilish, moderatorlik bilan shug‘ullanadigan kadrlarga ehtiyoj seziladi. Bu paytda tashkilotchilar o‘zlarining xodimlarini jalb etishadi. Buning ikkita salbiy tarafi bor: Birinchidan, xodim o‘zining idoradagi kunlik vazifasidan chetlashadi. Buning oqibatida o‘sha korxonada ma'lum muddat ish samaradorligi pasayadi. Ikkinchidan, u tashkilotchilik ishini sidqidildan bajarmaydi, negaki bu majburiylik omiliga borib taqaladi.
Volontyor esa o‘z xohishi bilan ishini sidqidildan bajaradi, chunki u katta tajriba, bilim, imkoniyatlarga ega bo‘lishini biladi. Volontyorlikning boshqa yo‘nalishlaridan biri ma'lum tashkilotda amaliyot o‘tashdir. Bunda eng katta erishiladigan yutuq – tajriba. Yana atrofdagilar bilan jonli muloqot, ma'lum sohaning yetakchi mutaxassislari bilan tanishib, aloqa o‘rnatish. Umumiy qilib aytganda, volontyorlik inson resurslarini to‘g‘ri tomonga yo‘naltira oladi. Uning quyidagi afzalliklari bor:
· qo‘shimcha inson resurslari;
· xarajatlarni iqtisod qilish;
· tashkilot nufuzini oshirish;
· yangi tajriba, bilim, g‘oyalarga ega bo‘lish.
O‘zbekistonda bu tizim joriy etiladimi?
Oybek Rahmonberdiyevning so‘zlariga ko‘ra, Yoshlar Ittifoqining viloyat va tuman kengashlari tarkibida volontyorlikni tashkillashtiradigan maxsus bo‘limlar tuziladi. Bu ish bilan koordinatorlar shug‘ullanadi. «Volontyorlar maktabi»ni ham tashkil etish rejalashtirilgan. Yuqorida aytilganidek, volontyorlar jamoatchilik nazorati kuchayishiga yordam beradi.
Bu qanday tartibda amalga oshiriladi? Avvalo, ularga ijtimoiy muammolarni o‘rganib tahlil qilishni o‘rgatish lozim. Keyin esa jamiyatdagi kamchilig-u nuqsonlarga munosabat bildirish instinkti shakllanadi. Agar shunaqa kadrlar ko‘proq yetishtirilsa, volontyorlar tomonidan joylardagi muammolar aniqlanib, yuqori organlarga yetkazilsa, qanchadan-qancha masalalar ijobiy yechimini topgan bo‘lardi. Volontyorlikni bitta tizimga qamrab olish nima uchun kerak? Volontyorlik xizmatlari nodavlat-notijorat tashkilot sifatida assotsiatsiyaga birlashadigan bo‘lsa, keng masshtabdagi loyihalarni amalga oshirishga sharoit yaratiladi. Shuningdek, ijtimoiy muammolarni yuqori organlarga yetkazishda platforma vazifasini bajaradi. Yana bir muhim jihatni e'tiborga olish muhim: volontyorning aniq maqomi belgilanishi kerak. Bu bo‘yicha qonun loyihasi ishlab chiqilishi ayni vaqtdagi va keyinchalik yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan tushunmovchiliklarni hal qilgan bo‘lardi.
«Volontyor imkoniyatlarni qo‘lga kiritish uchun o‘z dunyosining eshigidan chiqib, imkoniyatlar darvozasidan bir o‘tib ko‘rishi kerak»
YUNISEFning Yu-Report xalqaro yoshlar loyihasi rahbari Jamila Nurjanova:
— Nega bizda volontyorlik qilishni unchalik xohlashmaydi? Buning sababi, fikrimcha, volontyorlik mohiyatini yetarlicha tushunmaslik va ayrim sabablarga ko‘ra, jamiyatimizda biroz salbiy ko‘rinishga kelib qolganidir. Volontyorlik deganda, majburiyat yoki borib «massovka» qilib berish tushuniladi. Shunday fikr bor: «Ishim, o‘qishim bor, uyda buni qilishim kerak. Yelkamga yana bitta toshni olib nima qilaman». Aslini olganda, volontyorlikka yuk sifatida qarash – xato. Unga imkoniyatlar nazaridan boqish darkor.
O‘zim 8 yilga yaqin volontyorlik faoliyati bilan shug‘ullanganman. Hozirda esa xalqaro yoshlar loyihasi rahbariman va jamoamda 200 nafardan ortiq faol volontyorlar bor. Tajribamdan kelib chiqib, uning uchta eng muhim afzalliklarini aytsam:
1. Netvorking. Oddiy qilib aytganda, yangi odamlar, tanishuvlar va yon atrofdagi doirangiz kengayishi. Kundalik hayotimizda o‘zimizning kichik «kontakt jamiyat»imiz shakllanadi va undan uzoqqa chiqib ketishingiz imkoniyati juda past. Qanchalik ko‘p volontyorlikda faol bo‘lsangiz, shunchalik ko‘proq insonlar bilan uchrashish va turli soxalarga kirib borish imkoniyatini qo‘lga kiritasiz. Balki, aynan volontyorlik ortidan bo‘lgan tanishuv hayotingizga keskin burilish yasashi, eng qadrli insonlarni tuhfa qilishi yoki muhim yutuqlarga ega bo‘lishga turtki bo‘lar.
2. Shaxsiy o‘sish. Auditoriyada o‘qitilmaydigan tajriba, ko‘nikma va bilimlarni qo‘lga kirita olasiz. Bu insonlar bilan muloqot qilish, omma oldida chiqish qilish, notiqlik mahoratini oshirish imkoniyatini beradi. O‘z volontyorlik jamoamdagilarga hamisha aytaman: «Volontyorlik qilish bu katta hayot oldidan kichkina repititsiyalardir. Qanchalik ko‘proq repetitsiya qilsangiz, shunchalik kuchliroq bo‘lib, katta hayot sahnasiga kirib borasizlar. Volontyorlik bu kelajak tomon yo‘naltirilgan tuganmas investitsiyadir».
3. Hayotda ijobiy o‘zgarishlarga sababchi bo‘lish, ya'ni biron narsaning ustida ishlab, natijasidan zavq olish – bu juda muhim tajriba. O‘zini jamiyatga kerakli his qilish, kimgadir yordam bera olish.
Volontyorlikni rivojlantirish uchun aslida ko‘p narsa kerak emas: hukumatdan volontyorlikni tartibga soluvchi huquqiy-tashkiliy mexanizm (yig‘ilishlarini bemalol o‘tkazishi uchun, beradigan takliflarini amalga oshirishda paydo bo‘lishi mumkin bo‘ladigan sun'iy to‘siqlarni olib tashlash uchun va h.k.), jamiyatdan faollik va g‘oyalar, insonlardan esa chin dildan o‘zi va atrofidagilar uchun biror ijobiy o‘zgarishlarni qo‘lga kiritish ishtiyoqi. Volontyorlik haqida gapirganda, Maslou ehtiyojlar piramidasini ham unutmaslik kerak. Lekin imkoniyatlarni qo‘lga kiritish uchun o‘z dunyosining eshigidan chiqib, imkoniyatlar darvozasidan bir o‘tib ko‘rish lozim.
Muhabbat Ma'mirova