To‘lagan Isoqov: «40 yildirki, yuragimda qora dog‘ bilan yashayman»

Sport 11:11 / 11.08.2019 64106

Bugun, 11 avgust kuni «Paxtakor» fojiasiga roppa-rosa 40 yil to‘ldi. Shu munosabat bilan Tribuna.uz o‘zbek futbolining tirik afsonasi, o‘sha halokatdan baxtli voqelik sabab omon qolgan To‘lagan Isoqov bilan intervyu tashkil qildi.

Shu yil aprelda 70 yoshini qarshi olgan To‘lagan ota bu sana arafasidagi tadbirlardan arang vaqt topib, suhbatga rozilik berdi. 9 nevaraning bobosi O‘FA qoshidagi Faxriylar kengashi raisi o‘rinbosari sifatida hamon futbol ichida. Shu bois ham 11 avgust sanasidagi tadbirlar tashkilotchiligi bilan bog‘liq masalalarga bevosita mas'ul. Suhbatimiz ana shu Faxriylar kengashining ish faoliyatidan boshlanib, so‘ng To‘lagan otaning «Paxtakor»da o‘ynagan yillariga ko‘chdi.

«Men «Paxtakor»ning uchta avlodini ko‘rdim. Birinchi avlod ­– men kelganimda Pshenichnikov, Krasnitskiy, Abduraimov, Rahmatullayev kabi ulug‘ futbolchilar bor edi. Keyingisi ­­- Ibrohimov, Varyuxin... Undan keyingi, oxirgi avlod deymiz, o‘sha – 17 yigit, o‘zimizdan chiqqan futbolchilar.

Avvalgi va hozirgi futbolni solishtirganda, nega avvallari 60 ming kishi futbol ko‘rishga tushgan-u, hozir 5 mingta ham kirmayapti, degan savollar tug‘iladi. Chunki biz o‘sha paytda futbol uchun futbol o‘ynardik, pul uchun o‘ynamasdik. «Paxtakor» tarkibida tushishning o‘zi bo‘lmasdi. 17 yoshimda komandaga kelganimda qanaqa hujumchilar bo‘lgan «Paxtakor»da – Krasnitskiy, Abduraimov, Bektashev, Belkumov, Ibragimov... O‘sha asosiy sostavdan o‘rin olish uchun nima qilishim kerak edi? Intilib, ularning bittasining o‘rnini olib qo‘yishim kerak edi. Haqiqatda bir yilning ichida o‘z harakatlarim bilan asosiy sostavga tushganman», - deydi u.

Suhbatning bevosita «Paxtakor» halokatiga doir qismida oradan 40 yil o‘tgan bo‘lsa-da xotiralar kechagidek, bu xotiralar bilan bog‘liq iztirob ham hali hamon unutilmaganiga yana bir bor amin bo‘ldik.

«Ular bilan kamida 7-8 yil o‘ynadim. Xuddi aka-ukadek bo‘lib qolgandik. O‘sha bolalar nimani ko‘rishdi? Boshqa shaharlarga borardik: gostinitsa, ovqatlanish, o‘yin, samolyot... Bir kunga uyga qaytib kelib, yana ketding... Hayotda shuni ko‘rishdi.

Orzulari ko‘p edi-ku ularning ham? Nega o‘shandan keyin futbolni tashlab yuborganman? Sharof Rashidov uch marta chaqirgan: «O‘g‘lim, o‘ynaysan yana», deb uch marta aytgan. «Yo‘q, men o‘ynay olmayman boshqa...» O‘sha bazaga boraman, yotaman, ko‘zimga faqat o‘shalar ko‘rinadi... Ular yo‘q. Ertalab turaman – boshqa jamoa.

Iltimos qilishganida ham, «Men boshqa futbol o‘ynay olmayman, buni ko‘tara olmayman», deb futbolni tashlaganman.

Lekin o‘shanda yoshlarga murabbiy qilib olib qolishdi. Keyin Moskvaga, oliy maktab trenerlar kursiga o‘qishga ketdim. Ikki yil u yerda o‘qib, qaytib kelib, har xil jamoalarda, ikki marta «Paxtakor»da ishladim.

Image
To‘lagan Isoqov

Nima deymiz, bu taqdir ekan menga. 40 yil, yuragimda qora dog‘ bilan yashayman. O‘sha do‘stlarimni... Ko‘rib turibsiz, sochlarimiz oqarib qolgan. Agar ular tirik bo‘lganda qanaqa qarirdi, deb xayolimga keltiraman. Qariganda qanaqa insonlar bo‘lishardi? Ulardan ham murabbiy chiqishi mumkin edi-ku? Ular ham yana 5-6 futbolchi tayyorlab berardi-ku O‘zbekiston xalqiga...

40 yildan buyon shu qora dog‘ bilan yashaymiz. Men o‘shanda, ko‘mish kuni – 18 avgustda... (O‘shanda ham «Paxtakor» komandasi bo‘lmaganda samolyot halokatga uchraganini hech kim bilmasdi. U paytlarda bunday gaplar aytilmasdi. Xalqaro aeroportimizda xalq bilmasin deb ertalab soat 6da bo‘lgan). O‘shanda so‘z berishganida aytganman: «O‘rtoqlar, alvido, yaxshi-yomon gapirgan bo‘lsak kechiringlar, ammo-lekin o‘zbek futboli 50 yilga o‘ldi», deganman. «50 yilda o‘ziga kela olmaydi, bunaqa bolalar qaytib tug‘ilmaydi», deganman.

Mana, 40 bo‘lyapti, haligacha o‘zimizga kela olmayapmiz. Bu – haqiqat. Buni bekitib bo‘lmaydi. Hozir arab davlatlaridan qo‘rqyapmiz futbol o‘ynagani. Mana o‘sha «uroven». O‘sha balandlik-pastlik. Shundan mulohaza qilib olsanglar bo‘ladi.

O‘yinlarimizga 60 ming aholi kirardi. Faqat o‘rindiqlarda emas, yo‘laklarda ham o‘tirishardi, projyektorlarga chiqib tomosha qilishardi. Demak, o‘sha payt yaxshi o‘ynashgan ekan-da. Men hozir aytaman bolalarga: «Ey bolalar, sizlarning o‘zinglarda ayb. Nimaga bunaqa, nimaga xalq kirmayapti? Demak, o‘yininglar yomon ekan», ­­- deb ta'kidladi To‘lagan Isoqov.

O‘zbek futboli afsonasi suhbat davomida, shuningdek, o‘sha kuni «Paxtakor» bilan Minskka uchmagani sababi, halokat haqida qachon va kimdan eshitgani, eshitib qay holatga tushgani va umuman fojia xotiralarini yodga oldi.

Intervyuda To‘lagan Isoqov «Paxtakor»da nega har yili murabbiy almashavergani, bu jamoada 14 yil o‘ynab 14 murabbiyni ko‘rgani va ulardan o‘zbek futboliga eng katta xizmat qilgan ikki murabbiy kim bo‘lgani, o‘sha «Paxtakor»ning birorta ham o‘yini videoyozuvlari saqlab qolinmagani, o‘zi o‘ynagan paytlardagi futbol bilan zamonaviy futbol orasidagi tafovutlar haqidagi fikrlari bilan ham o‘rtoqlashdi.

Sobiq hujumchi o‘zbek futbolidagi hujumchilar muammosiga to‘xtaldi, farzandi el nazaridagi futbolchi bo‘lishini istagan ota-onalarga va futbolchilik kasbini tanlagan bolalarga maslahatlar berdi.

Qolaversa... futbol va teatrni nima bog‘lab turadi? Xalq artisti Soyib Xo‘jayev kimning o‘yinini ko‘rish uchun «Paxtakor» o‘yinlari vaqtiga to‘g‘ri kelib qolgan eng zo‘r spektaklni ham boshqa kunga ko‘chirar edi? To‘lagan Isoqov Nabi Rahimovning qaysi o‘gitidan katta saboq olgan? U Shukur Burxonovning qaysi spektaldagi rolidan qattiq ta'sirlanib, hatto yig‘lagan ham?

Suhbat asnosida shu kabi savollarga ham javob olasiz. Intervyuni to‘liq ravishda Tribuna.uz`ning YouTube`dagi kanalida tomosha qilishingiz mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: