Bugun, 11 avgust kuni soat tonggi 05:35 dan 06:25 gacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida O‘zbekiston mintaqalari kesimida ado etilgan Iyd al-Adho – Qurbon hayiti namozida Respublika bo‘yicha 1 ming 985 ta masjidda 2 million 239,5 ming nafar fuqarolar qatnashdi. Tadbirni joylarda tartibli, tinch-osoyishta o‘tishini ta'minlash maqsadida 22 ming 450 nafar ichki ishlar xodimlari jalb etildi. 1 ming 985 ta tibbiyot punktiga 1 ming 150 dan ortiq tez yordam mashinasi biriktirildi. Bu haqda bugun Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tomonidan Milliy matbuot markazida o‘tkazilgan brifingda ma'lum qilindi, deb xabar bermoqda “Kun.uz” muxbiri.
![](https://storage.kun.uz/source/4/dRMxAR-RzhseznYGjE6zNvhyJlcYc91J.jpg)
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Muzaffar Komilovning aytishicha, O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi “Vaqf” xayriya jamoat fondi tomonidan Qurbon hayiti arafasida aholiga 15,5 tonnaga yaqin yoki 739 million 680 ming so‘mlik go‘sht mahsuloti tarqatildi. Fondga bayram sharofati bilan 5 milliard 990 million 217 ming so‘m mablag‘ kelib tushdi. Mazkur pullarning tasarrufi shaffoflik asosida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
![](https://storage.kun.uz/source/4/QsipsOqtyMGcd2Rgu1lDQJ9vxkHvockg.jpg)
Tadbirda ta'kidlanishicha, joriy yilning 9-10 avgust kunlari bo‘lib o‘tgan hasharlarda O‘zbekiston hududidagi 441 ta qadamjo va ziyoratgohlar, 836 ta yodgorlik va obidalar hamda 8 ming 659 ta qabristonlarda obodonlashtirish ishlari o‘tkazildi. 73 ming 87 nafar nogironlar, boquvchisini yo‘qotgan fuqarolar, kam ta'minlangan oilalar, 88 ta “Mehribonlik”, “Muruvvat” va “Saxovat” uylari, 9 ming 570 nafar Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari, mehnat faxriylari va keksalarga jami 9 milliard 268 million 700 ming so‘mlik moddiy yordam ko‘rsatildi va bu kabi ishlar davom etmoqda.
![](https://storage.kun.uz/source/4/1wcSGku1O6x2OEQCRSkRIm7A18Y9tLmk.jpg)
![](https://storage.kun.uz/source/4/MxLTaNYS6dsjcEo9KG_3XYy82Rt3lb_T.jpg)
Shu o‘rinda qayd etish joizki, ayni paytda Haj ibodatini ado etayotgan 7 ming 200 nafar o‘zbekistonlik ziyoratchilar sog‘-salomat. Ular uchun barcha sharoitlar muhayyo qilingan. Ziyoratchilar Haj safaridan 17 avgust - 1 sentabr kunlari maxsus jadvalga muvofiq qaytishlari rejalashtirilgan.