Liviyada BMTning 3 xodimi halok bo‘ldi

Jahon 10:10 / 11.08.2019 5259

Liviyaning Bengazi shahrida BMTning 3 xodimi halok bo‘ldi va 10 ga yaqin odam yaralandi. Bu haqda Reuters axborot agentligi xabar berdi. 

Ta'kidlanishicha, savdo markazi va bank oldida avtomobilga mahkamlangan qo‘lbola portlovchi qurilma portlagan. Voqea joyida BMTning yongan mashinasini ko‘rish mumkin bo‘lgan. 

Portlash BMT Liviya poytaxti Tripolida yarashuv sulhi tuzganda yuz bergan.

BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish mashinalarning portlatilishini qoralagan.

“Bosh kotib barcha tomonlarni Qurbon hayit bayrami vaqtida gumanitar yarashuvga amal qilishga va Liviya xalqi munosib bo‘lgan tinch kelajakka erishish uchun muzokaralar stoliga qaytishga chaqiradi”, deb aytgan bosh kotib vakili Stefan Dyujarrik.

Shuningdek, bosh kotibning Afrika bo‘yicha yordamchisi Bintu Keyta BMT o‘z xodimlari halok bo‘lishidan keyin Liviyadagi missiyasini evakuatsiya qilmasligini ma'lum qilgan. 

Shu kuni feldmarshal Halifa Haftar qo‘mondonligi ostidagi Liviya milliy armiyasi Iyd al-Adha bayrami munosabati bilan 10 avgustdan 12 avgustgacha o‘t ochish to‘xtatilishini e'lon qilgandi.

Avvalroq Haftarga qarshi chiqayotgan milliy kelishuv hukumati ham Liviyada yarashuv qabul qilinganini e'lon qilgan.

Ko‘proq yangiliklar: