Bir daqiqada 70 ming dollar - Bloomberg dunyoning eng boy oilalari nomini e'lon qildi

Jahon 23:32 / 10.08.2019 19840

Bloomberg dunyoning eng boy oilalari reytingini taqdim etdi. O‘tgan yilgi kabi bu yil ham Walmart do‘konlar tarmog‘ini nazorat qiluvchi Uoltonlar oilasi reyting peshqadami bo‘ldi. Bu oilaning boyligi 190,5 mlrd dollar deb baholanmoqda.

Bloomberg ekspertlarining hisob-kitoblariga ko‘ra, o‘tgan 12 oy davomida Uoltonlar oilasining boyligi daqiqasiga 70 ming, soatiga 4 mln va kuniga 100 mln dollarga ko‘paygan.  

Ikkinchi o‘ringa Mars kompaniyasi asoschisi Frenk Marsning merosxo‘rlari joylashishdi. Mars Inc. kompaniyasi hali-hanuz to‘laligicha uning oilasiga tegishli. Oilaning boyligi 126,5 mlrd dollarni tashkil etadi.

Uchinchi o‘rin Koch Industries kompaniyasiga asos solgan Fred Koxning o‘g‘illari Charlz va Devid Koxlarga nasib etdi. Koxlarning boyligi o‘tgan bir yil davomida 25 mlrd dollarga ko‘payib, 125 mlrd dollarga yetgan.  

Saudiya Arabistonidagi Ol-Saudlar sulolasi ro‘yxatda to‘rtinchi o‘rindan joy oldi. Bloomberg qirollik oilasining boyligini 100 mlrd dollar deb baholamoqda.  

Yuqori beshlikdan shuningdek, Chanel modalar uyi asoschisi Per Vertxaymerning nabiralari aka-uka Alen va Jyerar Vertxaymerlar joy oldi. Ular Chanel parfyumeriya uyiga egalik qilishadi. Aka-ukalarning boyligi 57,6 mlrd dollar.

Eng boy oilalar o‘nligiga Hermes modalar uyiga egalik qiluvchi Dyumalar ($53,1 mlrd), Anheuser-Busch InBev pivo ishlab chiqarish kompaniyasini nazorat qiluvchi Belgiyadagi van Damm, de Mevius va de Shpelberxlar sulolasi ($52,9 mlrd), Boehringer Ingelheim farmatsevtika kompaniyasiga egalik qiluvchi Byoringer va fon Baumbaxlar sulolasi ($51,9 mlrd), hindistonlik biznesmen Dxirubxay Ambanining Reliance Industries neftni qayta ishlash majmuasiga egalik qiluvchi o‘g‘illari ($50,4 mlrd) hamda Cargill Inc kompaniyasini nazorat qiluvchi Kargill va MakMillan sulolalari kirgan.

Dunyoning eng boy 25 oilasining jami boyligi 1,4 trln dollarga baholanmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: