Xalqaro grossmeyster Nodirbek Abdusattorov Fide World Chess Cup’da qatnashadi

Sport 15:56 / 09.08.2019 2945

Bu yil kuzda Rossiyaning Xanti Mansiysk shahrida shaxmat bo‘yicha “FIDE WORLD CHESS CUP” turniri o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Ushbu turnirda butun dunyodan kuchli shaxmat ustalari qatnashishi rejalashtirilgan.

Markaziy Osiyo 3.4 zona prezidenti Husan Turdialiyev tashabbusi bilan FIDe prezidenti Arkadiy Dvorkovich nomiga bir necha bor iltimosnoma yuborildi. Ushbu iltimosnomaning mazmuniga ko‘ra, hamyurtimiz, shaxmat bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi a'zosi, xalqaro grossmeyster, olimpiada chempioni Nodirbek Abdusattorovning so‘nggi yillarda ko‘rsatgan natijalari hamda uning imkoniyatlarini hisobga olib, “FIDE WORLD CHESS CUP”da qatnashish uchun munosib nomzod ekani aniq faktlar bilan ko‘rsatildi. 

Musobaqa mezoniga ko‘ra, belgilangan kvotalardan tashqari, FIDe prezidenti ham 5 nafar ishtirokchini mustaqil tavsiya etish huquqiga ega.  5 nafar ishtirokchidan 4 nafari allaqachon ma'lum edi, oxirgi bitta o‘rin uchun esa asosiy da'vogarlar orasida hamyurtimiz Nodirbek Abdusattorov hamda Hindiston vakili Nihal Sarinlar nomzodi ilgari surilgan. 

Qilingan harakatlar natijasi o‘laroq, xalqaro grossmeyster Yudit Polgar, xalqaro grossmeyster Vladimir Kramnik, FIDening ijrochi direktori xalqaro grossmeyster Viorel Balagan boshchiligidagi komissiya ikki yosh grossmeysterlar - Hindiston vakili Nihal Sarin hamda O‘zbekistonlik Nodirbek Abdusattorovning natijalarini ko‘rib chiqib, hamyurtimiz Nodirbek Abdusattorovni “FIDE WORLD CHESS CUP” turnirida ishtirok etishga tavsiya qilishdi. Shu tariqa, vatandoshimiz ushbu nufuzli bellashuvda qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi. 

O‘zbekiston Shaxmat federatsiyasining xabar berishicha, musobaqa 9 sentyabrdan 4 oktyabrgacha Rossiya federatsiyasi, Xanta-Mansiysk shahrida bo‘lib o‘tadi. Bu nufuzli turnirda O‘zbekiston nomidan shaxmat bo‘yicha 17-jahon chempioni, xalqaro grossmeyster Rustam Qosimjonov ham ishtirok etadi.

Ko‘proq yangiliklar: