9 avgust ─ Butunjahon kitobsevarlar kuni: ashaddiy kitobxonlar uchun layfhaklar

Light 20:48 / 09.08.2019 15305

Har yili 9 avgust kuni butunjahon kitobsevarlar kuni sifatida nishonlanadi. Bu bayram dastlab AQShda kitobsevarlar tomonidan norasmiy tarzda nishonlanib kelingan. Bora-bora bu an'ana ommalashib, dunyoning turli nuqtalaridagi kitobxonlar o‘rtasida tarqaldi. Butunjahon kitobsevarlar kuni munosabati bilan quyida barcha kitobxonlarga asqotadigan tavsiyalarni keltirib o‘tamiz.

Qanday qilib tez o‘qish mumkin?

Imkon qadar qisqa fursatda ko‘proq mutolaa qila olish ─ har bir kitobsevar egallashni istaydigan ko‘nikma. Chunki dunyoda o‘qilishini kutib yotgan durdona asarlar son-sanoqsiz. Ularning imkon qadar ko‘prog‘idan bahramand bo‘lishga tez o‘qish ko‘nikmasini shakllantirish orqali erishish mumkin.

Insonning o‘rtacha o‘qish tezligi bir daqiqada 120-80ta so‘zni tashkil qiladi. Bir qator layfhaklardan foydalanish orqali bu ko‘rsatkichni daqiqasiga 700tagacha so‘zga yetkazish mumkin. Quyida Maksim Gorkiy, Teodor Ruzvelt, Albert Eynshteyn, Napoleon Bonapart kabi buyuk “kitobxo‘r”larning tez o‘qish uchun foydalangan texnikalari bilan tanishish mumkin.

Subvokalizatsiyadan voz keching

O‘qishni endi o‘rganayotgan kichkintoylar jumlalarni o‘zi uchun pichirlab, lablarini qimirlatib talaffuz qilishadi. Subvokalizatsiya deb ataluvchi bunday jarayon aksariyat yoshi kattalarda ham saqlanib qolinadi. Bu o‘qish tezligini keskin pasaytiradi. O‘qish jarayonida miya va ko‘z ishlashi kerak, lablar ishtiroki jarayonga xalaqit beradi xolos. Shuning uchun mutolaa chog‘ida jumlalarni talaffuz orqali emas, balki vizual tarzda jonlantirishga, butun diqqatni ko‘zga jamlashga harakat qiling.

Jumlalarni takrorlamang

Aksariyat ixtiyorsiz tarzda mutolaa chog‘ida o‘qib bo‘lingan qatorning ustidan qayta ko‘z yugurtiradi. Bu mutolaa uchun talab etilganidan ikki hissa ko‘proq vaqt sarflashga sabab bo‘ladi. Bunga yo‘l qo‘ymaslik uchun oddiy qalam yoki chizg‘ich yordamida o‘qilayotgan so‘zlar ustidan harakatlantirish tavsiya etiladi. Bu usul mutolaada “orqaga qaytishga” yo‘l bermaydi.

Ko‘rish sohasini imkon qadar kengaytiring

Mutolaaning eng an'anaviy va primitiv usuli so‘zlarni bittalab, ketma-ket o‘qib chiqishdir. Mutolaa bo‘yicha professional bo‘lish uchun ko‘rish sohasini kengaytirish, ya'ni ko‘zlarni bir-ikkita so‘zga qaratish emas, to‘liq bir xatboshini qamrab olishga harakat qilish kerak. Buning uchun xatboshining taxminiy markaziy nuqtasini belgilab, unga tikiling. Kitobni o‘zingizdan imkon qadar uzoqroq tuting. Shunda ko‘proq so‘zlarni qamrab olishingiz mumkin bo‘ladi. Butun xatboshini yaxlit bir obekt sifatida qabul qilib, mazmunni ilg‘ashga harakat qiling. Mutolaa chog‘ida so‘zlarning bitta qatoriga emas, balki qatorlar orasidagi bo‘shliqqa qarash ham bir nigohda ko‘proq narsani ilg‘ashga yordam beradi.

Diagonal o‘qish

Diagonal tarzda o‘qish qiyin bo‘lsa-da, tezlikni sezilarli darajada oshiradi. Bunda matnning birinchi qatori oddiy, gorizontal yo‘nalishda o‘qiladi, keyingi qatorlar esa diagonal, ya'ni chap yuqori burchakdan o‘ng pastki burchakka qarab o‘qib boriladi. Bu matnning umumiy mazmunini tushunishga yordam beradi. Detallarni o‘rganish muhim bo‘lgan mutolaada bunday usul tavsiya etilmaydi.

Ko‘z yugurtirish

Bu usulda matn faqat ko‘zdan kechirib chiqiladi. Asosiy ma'lumotni tashuvchi dialoglar, raqamlarni diqqat bilan o‘qib chiqqan holda, tasvirga ajratilgan katta-katta xatboshilarni ko‘z yugurtirib chiqib tushunib olish mumkin. Har bir qahramonning soch turmagidan tortib, kiyimini qaysi chevarga tiktirganigacha batafsil hikoya qiladigan Onore de Balzak kabi mualliflarning yostiqdek-yostiqdek keladigan kitoblarini o‘qishda bunday usul ayni muddao.

Tik-tak usuli

Tik-tak texnikasi qatorning faqatgina boshidagi va oxiridagi so‘zni o‘qishni nazarda tutadi. Bunda qatordagi dastlabki va oxirgi jumla to‘liq o‘qilgani holda oraliqdagi so‘zlar ko‘z qiri bilan ilg‘ab olinishiga harakat qilinadi.

Kitobni qanday to‘g‘ri saqlash kerak?

Haqiqiy kitobsevarlargina har qanday kitobning qiymatini bilishadi. Unga bir uyum qog‘ozdek emas, balki bebaho bilimlar jamlanmasi sifatida muomala qilishadi. Bu borada kitoblarni to‘g‘ri saqlashga ham ahamiyat qaratish lozim.

Kitob varaqlarining sifatiga ta'sir qiluvchi asosiy omillar chang, quyosh nuri va namlikdir. Changdan himoyalanish uchun kitob javonini kunora nam mato bilan artish, kitoblarga muqova kiydirib qo‘yish tavsiya qilinadi.

Quyosh nurlari kitoblarga to‘g‘ridan to‘g‘ri tushmasligi kerak, aks holda sahifalar sarg‘ayib, yozuvlar xiralashib qoladi. Kitob saqlanadigan xonadagi namlik darajasini ham nazorat qilib turish muhim. Namlik ortib ketsa, kitob sahifalarining shakli o‘zgaradi, mog‘or bosadi. O‘ta quruq sharoitda esa kitob varaqlarini ushlab turuvchi yelim o‘z kuchini yo‘qotadi. Kitoblar uchun eng mos havo harorati ─ 18-22 daraja, namlik esa 60-65 bo‘lishi lozim.

Kitoblarni o‘ta zich holda terib qo‘yish ham maqsadga muvofiq emas, bu ularni olish chog‘ida shikast yetkazish ehtimolini oshiradi.

Kitoblar noto‘g‘ri saqlangan hollarda varaqlar orasida turli mayda hasharotlar paydo bo‘lishi mumkin. Ulardan xalos bo‘lish uchun kitoblarni polietilen paketga solib, sovuq va nam joyga yoki aksincha issiq joyga hasharotlar tarqab ketgunicha qo‘yish naf beradi.

Kitob muqovasida kirlanish, mog‘or izlari paydo bo‘lganda uni 2-3 foizli formalin eritmasi bilan, kuchli dog‘larni esa 3-5 foizli perekis vodorodi eritmasi bilan artib tozalash mumkin. Eritma bilan ishlov bergach, muqovaning to‘liq qurishini kutish kerak.

Kitob sahifalarida qolgan yog‘ izlarini ezilgan bo‘r kukuni bilan ishqalab tozalash mumkin.

Duch kelgan kitobni o‘qishingiz shart emas

O‘zingiz uchun kerakli va foydali bo‘lgan kitoblarni o‘qishga harakat qiling. Qiziq bo‘lsa-bo‘lmasa ham o‘zingizni majburlab, hamma maqtagani uchun ham to‘g‘ri kelgan kitobni o‘qish yaramaydi. Bu kitobxonlik shashtingizni pasaytiradi xolos. Kitoblarni saralab o‘qishga odatlaning. Buning uchun asarning qisqacha syujyeti bilan tanishing. Vikipediya, briefly.ru kabi platformalar yordamida katta hajmdagi kitoblarning mazmuni bilan sanoqli daqiqalarda tanishib chiqish mumkin.

Asarlarga yozilgan taqrizlar bilan tanishing. Ular asarning yutuq va kamchiliklarini ko‘rsatib beradi. Internetda kitobxonlarni birlashtiradigan sanoqsiz platformalar bor. Ularda o‘zingizni qiziqtirayotgan kitob haqida bildirilgan fikrlar, professional taqrizlar bilan tanishib chiqish mumkin.

Kitob yosh tanlaydi. Har bir kitobxon o‘z yoshidan kelib chiqqan holda kitob tanlashi maqsadga muvofiq. Masalan, maktab o‘quvchisi Lev Tolstoyning “Iqrornoma”sini o‘qib, hech vaqoni tushunmasligi mumkin. Bunday mutolaa dunyoqarashni kengaytirish, bilimlarni boyitishga emas, shunchaki vaqt sarflash va o‘qilgan kitoblar sonini oshirishgagina xizmat qiladi. Shu bois yoshga mos asar tanlashda tajribali kitobxonlar maslahatiga tayanish mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: