«Manchester Siti» yangi transferini e'lon qildi

Sport 02:00 / 08.08.2019 13806

«Manchester Siti» rasmiy saytida «Yuventus» himoyachisi Joau Kanseluni transfer qilganini e'lon qildi. Portugaliyalik futbolchi bilan  «shaharliklar» 2025 yil yoziga qadar amalda bo‘luvchi shartnoma imzolagan.

Turinliklar saytida ma'lumot berilishicha, Kanselu 65 million yevroga transfer qilingan. Kanselu yangi klubi safida yiliga 4,5 million yevro miqdorida maosh oladi.

«Manchester Siti» — ajoyib murabbiyga ega bo‘lgan fantastik klub. Bu yerdaligimdan juda xursandman. Hamisha professional darajada o‘sishga va sovrinlar yutib olishga harakat qilaman. «Manchester Siti»da ko‘p narsaga erishishimga ishonchim komil», — degan Kanselu.

Ushbu transfer doirasida «Manchester Siti» himoyachisi Danilo Turinga keldi va klub bilan 5 yillik shartnoma imzoladi. Ushbu shartnomaga ko‘ra u yiliga 3,5 million yevro miqdorida maosh oladi. Uning transferi 37 million yevroga baholangan. Klublar to‘lovlarni 3 yil davomida bo‘lib-bo‘lib amalga oshirishadi.

Kanselu «Yuventus»ga 2018 yil yozida «Valensiya»dan 40,4 mln yevro evaziga kelgandi. O‘tgan mavsumda 25 yoshli portugaliyalik futbolchi turinliklar jamoasining barcha turnirlar doirasidagi 34 uchrashuvida maydonga tushib, bir gol urgan va besh golga uzatma bergan.

Danilo 2017 yil yozida «Real»dan «Manchester Siti»ga 30 mln yevro evaziga o‘tgandi. O‘tgan mavsumda ushbu 28 yoshli braziliyalik futbolchi jamoasining barcha turnirlar doirasidagi 22 uchrashuvida maydonga tushib, bir gol urgan va bir golga uzatma bergan.

Ko‘proq yangiliklar: