Forbes nashri 2019 yilning eng serdaromad 15 ayol sportchisi reytingini e'lon qildi.
Reytingga amerikalik tennischi Serena Uilyams yetakchilik qilmoqda, uning daromadi 29,2 mln dollarga baholangan. O‘tgan yilgi reytingga nisbatan sportchi 1-o‘rinni saqlab qolgan, biroq uning joriy reytingdagi daromadi 10 mln dollarga ko‘proqni tashkil qilgan.
2-o‘rinni 21 yoshli yaponiyalik tennischi Naomi Osaka 24,3 mln dollarlik daromad bilan egallagan. Qayd etish joiz, reytingning ilk 11 pog‘onasini tennischilar egallagan hamda Uilyams va Osaka reytingda ancha farq bilan yetakchilik qilmoqda.
Yetakchi o‘ntalikdan germaniyalik Anjyelik Kerber (11,8 mln dollar), Simona Xalep (Ruminiya, 10,2 mln dollar), Sloun Stivens (AQSh, 9,6 mln dollar), Karolin Voznyatski (Daniya, 7,5 mln dollar), Mariya Sharapova (Rossiya, 7 mln dollar), Karolina Plishkova (Chexiya, 6,3 mln dollar), Elina Svitolina (Ukraina, 6,1 mln dollar), Vinus Uilyams (AQSh, 5,9 mln dollar) va Garbine Mugurusa (Ispaniya, 5,9 mln dollar) o‘rin olgan. Yana bir tennischi Medison Key 5,5 mln dollarlik daromad bilan 13-o‘rinni egallagan.
Reytingga boshqa sportlarning faqatgina 3 vakilasi kiritilgan. Ular: AQSh terma jamoasi futbolchisi Aleks Morgan (12-o‘rin, 5,8 mln dollar), hindistonlik badmintonchi Pursala Sindxu (13-o‘rin, 5,5 mln dollar) va tailandlik golfchi Ariya Jutanugarn (15-o‘rin, 5,3 mln dollar).
Iyunda Serena Uilyams Forbes talqini bo‘yicha eng serdaromad sportchilar yuztaligidan o‘rin olgan yagona ayol sportchi bo‘lgandi (63-o‘rin). Reytingga esa futbolchilar Lionel Messi (127 mln dollar), Krishtianu Ronaldu (109 mln dollar) va Neymar (105 mln dollar) yetakchilik qilgan.