Beyl «Real»ning Avstriya yig‘iniga ham olib ketilmadi

Sport 15:49 / 07.08.2019 3867

«Real» yarimhimoyachisi Garet Beyl «Redd Bull» bilan o‘rtoqlik o‘yini uchun Avstriyaga boradigan tarkibga kiritilmadi.

U avvalroq Myunxendagi «Audi Cup» turnirini ham o‘tkazib yuborgan, bosh murabbiy Zinedin Zidan bunga uning sport formasida emasligini sabab qilib keltirgandi. Keyinroq OAVda Beyl «Tottenhem»ga qarshi o‘yin vaqtida golf o‘ynash bilan band bo‘lgani haqida xabar paydo bo‘lgandi.

Klub matbuot xizmati e'lon qilgan Zalsburgga boradiganlar ro‘yxatida Xames Rodriges va Mariano Dias ham yo‘q. «Qaymoqranglilar» bu ikki futbolchini ham transfer qo‘yishgan.

Shuningdek, yarimhimoyachilar Rodrigo Goes va Takefusa Kubo Ispaniyada qolgan, ular mashg‘ulotlarni «Kastilya» bilan davom ettirishadi.

Jamoaning yana ikki xavbeki Ibrohim Dias va Marko Asensio, shu bilan birga himoyachi Ferlan Mendi ham Madridda qolib, jarohatlarini davolash bilan band bo‘ladi.

«Redd Bull» – «Real» o‘rtoqlik o‘yini bugun Toshkent vaqti bilan soat 22:00da boshlanadi. Zinedin Zidan jamoasini bu uchrashuvdan keyin 11 avgust kuni Rimda «Roma»ga qarshi nazorat o‘yini ham kutib turibdi.

Avstriyaga yo‘l olgan «Real» futbolchilari
Darvozabonlar: Tibo Kurtua, Keylor Navas, Andrey Lunin.
Himoyachilar: Dani Karvaxal, Serxio Ramos, Rafael Varan, Nacho, Eder Militao, Marselo, Alvaro Odriosola, Adri de la Fuente.
Yarimhimoyachilar: Kazemiro, Toni Kroos, Luka Modrich, Isko, Federiko Valverde, Eder Azar, Lukas Vaskes, Vinisius Junior.
Hujumchilar: Karim Benzema, Luka Yovich.

Ko‘proq yangiliklar: