Yozda hammadan ko‘p pul sarflagan 10ta klub

Sport 18:00 / 06.08.2019 25723

Transferlar darchasi hali yopilmadi, ammo ko‘plab klublar tarkibini yangilab, mavsum oldidan yakuniy ko‘rinishga keltirishga ulgurdi. Ayniqsa bu Angliya klublariga tegishli, Tumanli albionda chempionat shu uik-enddayoq start oladi va shundan keyin bu klublar futbolchi sotib ololmaydi. Quyida yozgi transferlar boshlanganidan buyon yangi futbolchilar uchun eng ko‘p pul sarflagan 10 klub keltiriladi, bu klublar jami bo‘lib 1,5 mlrd yevrodan ko‘proq pul sarflashgan. Bu ro‘yxatdagi ayrim nomlar futbol muxlislarini hayron qoldirishi ham mumkin.

10. «Arsenal», 117 mln yevro

Kutilmagan holat: «Arsenal» va qimmatbaho xaridlar? Ammo londonliklar ham katta xarajat qila olarkan, buni «Lill»dan 80 mln yevroga sotib olingan Nikolya Pepe transferi isbotladi. Bu kelishuvning moliyaviy jihatlari to‘liq oshkor etilmadi, ammo bu pul fransuzlarga bir necha yil davomida bo‘lib-bo‘lib to‘lanadi. «Real»dan Dani Sebalosning ijaraga olinishi ham tarkibni jiddiy kuchaytirdi. Yana 30 million yevro Vilyam Saliba uchun sarflandi, ammo o‘ng qanot himoyasida harakatlanuvchi bu futbolchi oldindagi bir mavsumni o‘zining sobiq klubi «Sent-Eten»da ijara asosida o‘tkazadi. Jamoaga hali yana himoyachi kerak, ikkita bo‘lsa yana yaxshi. Klubning faxriy futbolchilaridan biri, sardor Loran Koselni «Bordo»ga o‘tmoqda, shuningdek, Shkodran Mustafi ham klubni tark etishi mumkin.

9. «Bavariya», 118 mln yevro

«Bavariya»ning ziqna xo‘jayinlari ham pul sarflashga kirishdi va myunxenliklar ko‘p pul sarflaydigan klublar reytingidan joy oldi. Robben va Riberining ketishi bunga asosiy sabablardan biri, ularning o‘rnini to‘ldirish va yangi davrga qadam qo‘yish kerak, hozircha myunxenliklar hujumida qanotlarda faqat Kingsli Koman va Serj Gnabri bor. Lekin mudofaa chizig‘i jiddiy kuchaytirildi: Benjamen Pavar 35 mln yevroga, Lyuka Ernandes 80 mln yevroga sotib olindi, ular kamida Dortmundning «Borussiya» klubiga qaytgan Mats Hummels o‘rnini to‘ldirishi, maksimum esa – Kimmix va Alaba jarohat olgan taqdirda, ularning o‘rnini yopishi talab etiladi. Yangi futbolchilar markazda ham, qanotlarda ham harakatlana olishadi. So‘nggi xabarlarga ko‘ra, klub qanotni kuchaytirish uchun «Manchester Siti» vingeri Leroy Saneni sotib olish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Agar bu transfer amalga oshsa, myunxenliklar mazkur ro‘yxatning yuqori qismiga joylashadi: «Manchester Siti» o‘zining germaniyalik futbolchisini faqat 120 mln yevrodan ko‘proq narxga sotishga rozi bo‘ladi.

8. «Sevilya», 124 mln yevro

«Sevilya» — odatda o‘z futbolchilarini qimmatga sotib olib, kuchsiz chempionatlardan arzonroq futbolchilar sotib olish bilan shug‘ullanadigan klublardan biri edi. Ammo hozir klubda global qayta qurish davri ketmoqda: klubga sport direktori Monchi qaytgan, Ispaniya terma jamoasining sobiq bosh murabbiyi Xulen Lopetegi klub boshqaruviga olib kelingan, tarkib esa radikal darajada o‘zgarmoqda. Asosiy sotuvlar: Promes, Sarabiya va Muriel birgalikda klubga 50 mln yevroga yaqin mablag‘ keltirdi. Endi xaridlar haqida: chap qanot vingeri Lukas Okampos (15 mln yevro), ikki nafar markaziy hujumchi – Lyuk de Yong va Munas Dabbur (15 va 12 mln yevro), Xitoydan Nemanya Gudel erkin agent sifatida keldi, o‘z vaqtida «Siti»da o‘ynagan Fernando 5 mln yevroga transfer qilindi. «Sevilya»ning transfer strategiyasidagi jiddiy o‘zgarishni payqash qiyin emas: endi klub tajribali futbolchilarga ishonch bildirmoqda. Ammo talantli va yosh futbolchilar ham transfer qilindi: ikkita yosh markaziy himoyachi («Bordo»dan Jyul Konde va «Ayaks»dan Maks Veber uchun 35 mln berildi. Umuman, «Sevilya» ko‘p pul sarfladi va yangi tarkibga ega bo‘ldi. Bu tarkib qanday o‘ynarkan?

7. «Borussiya Dortmund», 127 mln yevro

Bundesliganing o‘tgan mavsumida «Borussiya» «Bavariya» bilan oxirigacha sovrin uchun kurashdi: kurash boy berildi, ammo g‘alaba yaqin edi. Aftidan, dortmundliklar, yangi mavsumga yanada kuchli tarkib bilan kirib borishmoqchi. Buning uchun «Bavariya»dan Hummelsni 30 mln yevro evaziga qaytarishdi – bu futbolchi jamoa yetakchisi bo‘la oladi. Himoyaning chap qanoti uchun «Hoffenhaym»dan Niko Shuls olib kelindi. Yulian Brandt va Torgan Azar ham jamoa bosh murabbiyi Lyusen Favrga tarkibda ko‘proq imkoniyatlar taqdim etadi, ichki chempionatdagi raqiblardan («Bayyer» va «Borussiya» M) xarid qilingan bu futbolchilar uchun jami bo‘lib 50 mln yevro to‘landi – bu transferlarni yozning omadli transferlari sifatida baholash mumkin, axir bu yozda «MYu» ikki himoyachi Uan-Bissaka va Harri Maguayr uchun jami 137 mln yevro sarfladi. Dortmundning jiddiy sotuvlari orasida bitta nomni tilga olish mumkin: Abdu Diallo «PSJ»ga 30 million yevroga (Hummels uchun shuncha sarflangandi) sotildi.

6. «Aston Villa», 149 mln

APLga qaytgan bu klub juda ko‘p pul sarfladi va deyarli bir jamoa sotib oldi. Avval ham shunga o‘xshash ish sodir bo‘lgandi - «Fulhem»da bu ish o‘xshamagandi, «Aston Villa» esa londonliklarning o‘tgan yilgi xaridlarini katta farq bilan ortda qoldirdi. 149 mln yevro – hatto APL uchun ham katta miqdor, ammo bu pullar 12 nafar futbolchi uchun sarflangan. Lekin, birmingemliklarning yangi xaridlari yangi mavsumda o‘zini ko‘rsatishi ham mumkin. «Bryugge»dan Uesli sotib olindi — u jamoaning asosiy forvardi bo‘ladi (chempionshipda o‘tgan mavsumda bu rolni bajargan va klub to‘purari bo‘lgan Temmi Abraham «Chelsi»ga qaytdi), bu futbolchi uchun belgiyaliklarga 25 mln yevro to‘landi. Shuningdek, markaziy himoya chizig‘iga bir necha futbolchi sotib olindi. Born Engels, Kortni, Haus, Ezri Konsa uchun jami 25 mln yevro sarflandi, yana 25 mln yevroga Tayron Mings sotib olindi. «Bornmut» futbolchisi bo‘lgan bu tayanch yarimhimoyachisi so‘nggi bir yarim yilni «Aston Villa»da ijara asosida o‘tkazgandi. Shuningdek, «Manchester Siti»dan Duglas Luis (18 mln), «Bryugge»dan Marvelos Nakamba (12 mln) sotib olindi, ular yarimhimoya markazini mustahkamlashi kerak, Trezege va Xota – hujum qanotlari uchun. Klubda yangi darvozabon ham paydo bo‘ldi: 33 yoshli Tom Hiton 9 mln yevro evaziga «Byornli»dan sotib olindi, holbuki klubda asosiy tarkib uchun da'vogar bo‘lgan yana ikki darvozabon bor edi: Oryan Nuland va Lovre Kalinich. Bosh murabbiy Din Smitga savol: shuncha futbolchiga maydonning qayeridan joy topib beriladi. Chempionshipdan o‘tish o‘yinlari orqali APLga chiqqan «Aston Villa» birorta futbolchi sotmadi.

5. «Yuventus», 151 mln yevro

Italiya chempionlari muammo bo‘lgan pozitsiyalarni birma-bir yopishdi. Yarimhimoya chizig‘iga Aaron Remsi va Adriyen Rabo tekinga olib kelindi (to‘g‘ri, ularning ikkisi ham juda katta maosh olishadi), himoya markazi esa Mateys de Ligt bilan kuchaytirildi – «Ayaks»ning 19 yoshli sardori mavsum kashfiyotlaridan biri bo‘lgandi va uning uchun turinliklar 85 mln yevro to‘lashdi. Katta mablag‘, ayniqsa Mino Rayola uchun komissiya to‘lovlari ham qo‘shilsa. «Yuve»ning boshqa yangi xaridlari — Luka Pellegrini, Merix Demiral va Kristian Romero – jami bo‘lib 66 mln yevroga tushdi, lekin ularga asosiy tarkibdan joy topilmasa kerak. Ammo «Yuve»ni xarajatlar uchun tanqid qilishga shoshilmaslik kerak: ular futbolchilarini omilkorlik bilan sotishmoqda ham. Leonardo Spinatssola «Roma»ga, Stefano Sturaro «Jyenoa»ga, Rikardo Orsolini «Bolonya»ga, Emil Audero «Sampdoriya»ga, Alberto Cherri «Kalyari»ga — nomlar jarangdor emas, ammo bu sotuvlar «Yuve»ga 100 mln yevro mablag‘ keltirdi! Bularga 29 mln yevro evaziga «Everton»ga transfer qilingan Moyze Kinni qo‘shish mumkin. Bu umidli futbolchi arzonga ketgandek ko‘rinmoqda, ammo bu transfer evaziga «Yuventus» transfer balansga erishdi va moliyaviy feyr-pley tufayli muammolarga duch kelmaydigan bo‘ldi.

4. «Manchester Yunayted», 159 mln yevro

Uch nafar britaniyalik futbolchi, ular orasida bitta ham superyulduz yo‘q. Deniyel Jyeyms 17 mln yevro evaziga «Suonsi»dan, Aaron Uan-Bissaka 55 mln yevro evaziga «Kristal Pelas»dan, Harri Maguayr esa 87 mln yevro evaziga «Lester»dan xarid qilindi: «Manchester Yunayted» o‘z tarixidagi transferlar rekordini yangiladi. Bir yil muqaddam Joze Mourino Maguayrni sotib olmoqchi bo‘lgan, o‘shanda bu futbolchi uchun 60 mln yevro so‘rashgandi. Ammo bu «MYu»ning uslubiga aylanib bormoqda — klub kerakli futbolchilar uchun o‘z narxidan ko‘proq to‘lashga majbur. Klub kattagina mablag‘ sarfladi, endi yangi forvard olib kelish uchun Romelu Lukakuni sotish kerak: belgiyalik futbolchi Sulsherning rejalariga kirmagan. Klub sotuvdan pul ishlamagan: Errera va Valensiya erkin agent sifatida klubni tark etishgan.

3. «Atletiko», 244 mln yevro

Shartnomasida ko‘rsatilgan 126 mln yevro to‘lab olib kelingan Joau Felish – «Atletiko»ning asosiy xaridi bo‘ldi. Bu madridliklar Antuan Grizmann uchun «Barsa» to‘lagan mablag‘dan (bu ham shartnomadagi badal puli edi) 6 mln yevroga ko‘p. Ha, fransiyalik futbolchi uchun badal puli kam belgilangandi. Ammo «Atletiko»ning o‘zi ham boshqa futbolchilarni nisbatan arzon narxlarda xarid qildi. «Portu»dan Ektor Errera — tekinga keldi, «Tottenhem»dan Kiran Tripper — 30 mln yevroga sotib olindi. Yosh qanot himoyachisi Renan Lodi Braziliyadan 20 mln yevroga, «Real» yarimhimoyachisi Lorente 30 mln yevroga sotib olindi. Ikki nafar markaziy himoyachilar — Ermoso («Espanol») va Felipe («Portu») erkin agent sifatida Milanga yo‘l olgan Godinning yo‘qligini bilintirmasligi kerak – klub ikki futbolchi uchun jami 40 mln yevro to‘ladi. Endi asosiysi: shuncha xaridlardan keyin ham «Atletiko» minusga kirgani yo‘q, balki foyda bilan chiqdi. Qanday qilib? Shunchaki sotuvdagi futbolchilarga qarang. Atigi uch futbolchi: Grizmann, Rodri va Ernandes – ular klubga sarflanganidan ko‘proq mablag‘lar keltirdi — 270 mln yevro. Bunga Lusiano Vetto va Jyelsona Martinsh transferidan tushgan mablag‘larni ham qo‘shish mumkin.

2. «Barselona», 255 mln

«Atletiko»dan farqli ravishda, «Barsa» sotuvlari evaziga plyusga kirmadi. Asosiy muammo: Filippe Koutinoga xaridor yo‘q. Klub uni sotishga urinmoqda, ammo natijasiz. Lekin boshqa futbolchilar transferidan ma'lum miqdorda mablag‘lar ishlandi: Malkom (40 mln yevroga «Zenit»ga), Sillesen (35 mln yevroga «Valensiya»ga), Gomesh (25 mln yevroga «Everton»ga), Denis Suares (13 mln yevroga «Selta»ga) va Alkaser (21 mln yevroga «Borussiya»ga) pullandi. Bu sotuvlar klub xazinasiga jami bo‘lib 126 mln yevro keltirdi, ammo bu miqdor xarajatlarni qoplay olmaydi. Chunki «Barsa» ikki nafar yulduz futbolchi sotib oldi, Frenki de Yong va Antuan Grizmann transferi jami 200 mln yevroga tushdi. Qolaversa, «Barsa» boshqa transferlar ham amalga oshirdi: «Valensiya»dan darvozabon Netu (klublar Netu va Sillesenni almashishdi, ammo ikki tomon ham bir biriga 35 mln yevrodan to‘ladi), «Betis»dan himoyachi Junior Firpo (26 mln yevro) sotib olindi.

1. «Real», 303 mln yevro

Uchlik ispan klublaridan iborat. Faqat xarajatlarni emas, sotilgan futbolchilardan tushgan mablag‘lar ayirib tashlanganida ham «Real» — eng ko‘p xarajat qilgan klub hisoblanadi. Eden Azar uchun 100 mln yevro to‘landi – belgiyalik futbolchining «Chelsi» bilan atigi bir yillik shartnomasi qolgan bo‘lgani nazarda tutilsa ham, madridliklar uchun bu zo‘r va foydali transfer bo‘ldi. Lekin boshqa futbolchilar uchun sarflangan pullarni adolatli deyish qiyin. Ferlan Mendi uchun «Lion»ga 50 mln yevro sarflandi – u asosiy tarkib uchun Marselo bilan raqobatlashishi kerak. «Santos»dan olib kelingan Rodrigo 45 mln yevroga tushdi, bu xarid istiqbol uchun. Eder Militao «Portu» xazinasini 50 mln yevroga boyitdi, Luka Yovich transferidan esa «Ayntraxt» — 60 mln yevro ishlab oldi, holbuki nemislar klubi uni «Benfika»dan atigi 7 million yevroga sotib olgan. Besh nafar yangi futbolchi uchun 300 mln yevro.

«Real» futbolchilarini sotdi ham: Teo Ernandes («Milan») va Raul De Tomas («Benfika») klubga 20 mln yevrodan keltirdi, Lorente uchun «Atletiko» 30 mln yevro to‘ladi, «Chelsi» esa Kovachichni 45 mln yevroga sotib oldi. Ammo klub hali Pol Pogbani sotib olishi mumkin va moliyaviy feyr-pley bo‘yicha muammoga duch kelmaslik uchun yana futbolchi sotish kerak. Klubdan ketishga eng asosiy da'vogarlar Xames va Beyl. Ammo ularning birinchisi uchun so‘ralayotgan narxni hech kim to‘lashni istamayapti, ikkinchisini esa hech kim o‘z safiga qo‘shib olishni istamayapti. Lekin Ispaniyada transferlar darchasi sentyabrgacha ochiq va «Real»da hali o‘zgarishlar bo‘lishi aniq.

Ko‘proq yangiliklar: