Toshkent va Sirdaryo viloyatlaridagi DVB-T standartida efirga berilayotgan teleeshittirishlar 15 avgustdan to‘xtatilib DVB-T2 standartida uzatiladi

Fan-texnika 18:47 / 06.08.2019 6011

O‘zbekistonda yer usti raqamli televideniyening Yevropa standarti qabul qilingan. Ya'ni DVB-T standarti. DVB-T bu, DVB - inglizcha Digital Video Broadcasting (raqamli video uzatish), T/T2-inglizcha Terrestrial (yer usti) ya'ni raqamli videodasturlarni efir orqali uzatish standarti demakdir.

Mamlakatimizda raqamli televideniyega o‘tishning ilk davrlarida raqamli televideniyening DVB-T standarti qo‘llanilgan edi. Ushbu standart orqali 12 ta teledastur efirga uzatilgan. Yillar davomida televideniye rivojlanib, raqamli televideniyening DVB-T standarti takomillashtirilib, DVB-T2 standarti yaratilishi bilan mamlakatimizda ham ushbu standartdagi teleuzatkichlar o‘rnatildi. DVB-T2 standartining DVB-T standartidan eng asosiy afzalliklari signalning xalaqitbardoshliligi va uzatiladigan kanallar sonini 17-18 tagacha yetkazish mumkinligidadir.

Qayd etib o‘tish kerakki, 2017 yildan bugungi kunga qadar respublikada O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi teledasturlari (“O‘zbekiston”, “Yoshlar”, “Toshkent”, “Sport”, “Navo”, “Dunyo bo'ylab”, “Madaniyat va ma'rifat”, “Bolajon”, “Kinoteatr”, “Oilaviy”, “Mahalla”, “O'zbekiston 24”) 2 ta standartda, ya'ni ham DVB-T va ham DVB-T2 standartlarida parallel ravishda uzatib kelinmoqda. Bu esa telekanallarning bir-birini takrorlashi, ortiqcha resurs va sarf-xarajatlarga olib kelayotgandi.

Shu munosabat bilan, “Radioaloqa, radioeshittirish va televideniye” davlat unitar korxonasi tomonidan Toshkent va Sirdaryo viloyatlaridagi 2012-2013 yillarda o‘rnatilgan DVB-T standartida ishlovchi raqamli teleuzatkichlarni (Sirdaryo viloyati hududida 32 TV kanal (chastotasi 562 MGs), Toshkent viloyatining Angren hududida 44 TV kanal (chastotasi 658 MGs), Bekobod hududida 27 TV kanal (chastotasi 522 MGs), Ohangaron hududida 35 TV kanal (chastotasi 586 MGs)) 2019 yil 15 avgustdan DVB-T2 standartiga o‘tkaziladi.

Shu o‘rinda ta'kidlab o‘tish kerakki, DVB-T standartidagi raqamli signallarni qabul qilishga moslashtirilgan televizor va tyuner qurilmalari
DVB-T2 standartida uzatilayotgan teledasturlarni qabul qila olmaydi. Hozirda Respublika hududlariga uzatilayotgan nodavlat (“Mening Yurtim”, “Milliy TV”, “Uzreport TV”, “Zo’r TV”, “Futbol TV”, “Sevimli TV”) telekanallari dasturlari DVB-T2 standartida uzatilmoqda. Ushbu nodavlat telekanallarni televizoringiz ko‘rsatayotgan bo‘lsa, bilingki, Siz DVB-T2 standartida ko‘rayotgan bo‘lasiz. Kelgusida ishga tushiriladigan yangi telekanallar ham DVB-T2 standartida uzatib beriladi.

Shu sababli, DVB-T standartida uzatilayotgan raqamli teledasturlarni ko‘rib kelayotgan aholi DVB-T2 standartini qo‘llab-quvvatlovchi qurilmalarni (tyuner yoki zamonaviy rusumdagi televizor) o‘rnatishlari lozim bo‘ladi. Natijada yangidan-yangi ishga tushirilayotgan telekanallarni tomosha qilishlari mumkin. Eski avlod televizorlari yoki DVB-T standartidagi signallarni qabul qilishga moslashtirilgan televizordan foydalanuvchilar DVB-T2 standartidagi raqamli tyuner qurilmasini ulagan holda qo‘shimcha telekanallarni ko‘rishlari mumkin.

Tavsiya: Yangi televizor xarid qilayotganda, ushbu televizorda DVB-T2 standartida ishlaydigan tyuner bor-yo‘qligiga e'tibor qaratish lozim. Mahsulotning texnik tavsifida bu haqida batafsil axborot berilgan bo‘ladi. Bunday televizor raqamli televideniyega ulanish uchun ortiqcha qurilmalarni talab qilmaydi. Bugungi kunda mamlakatimiz va xorijda ishlab chiqarilayotgan aksariyat televizorlarda DVB-T2 standartida ishlaydigan tyunerlar mavjud.

Eski rusumdagi televizorlardan foydalanuvchilar televizorga DVB-T2 standartidagi raqamli telesignallarni qabul qiluvchi tyuner va standart antennani o‘rnatgan holda raqamli teledasturlarni ko‘rishlari mumkin.

Respublikamizda bugungi kunda raqamli televideniyening DVB-T2 ctandartida uzatilayotgan ochiq to‘plami tarkibida O‘zMTRKning 12 ta tele, 4 ta radio va 6 ta nodavlat telekanallar teledasturlari o‘rin olgan. Ochiq to‘plam tarkibidagi teledasturlarni ko‘rish bepul.

Ko‘proq yangiliklar: