Bugun Angliyada mavsumning ilk finali: «shaharliklar» «bezorilar»ga qarshi

Sport 16:30 / 04.08.2019 8261

Bugun Angliyada yangi mavsumning ilk o‘yini bo‘ladi. Premer-liga klublari uchun yangi mavsum boshlanadi desak, to‘g‘riroq bo‘ladi, chunki Chempionship allaqachon boshlanib bo‘lgan. Mamlakatning amaldagi chempioni «Manchester Siti» ikkinchi o‘rin sohibi «Liverpul»ga qarshi Angliya Superkubogi uchun bahs olib boradi.

Qoidaga ko‘ra superkubok oldingi mavsumda chempionat va kubokni yutgan jamoalar ishtirokida o‘tkaziladi, ammo «Manchester Siti» o‘tgan mavsumda ikkita musobaqani ham yutgani uchun «Liverpul» chempionatdagi ikkinchi o‘rin sohibi sifatida superkubok uchun maydonga tushadi. Shu bois bugungi o‘yinda «Manchester Siti» kubok g‘olibi sifatida, «Liverpul» chempionat sovrindori sifatida maydonga tushadi. Xo‘sh, bu ikki superklub ishtirokidagi superkubok oldidan jamoalarning imkoniyati qanday?

«Qurg‘oqchilik»dan qutulgan «Liverpul»

«Liverpul» Klopp kelguniga qadar oxirgi marta 2012 yilda sovrin yutgandi. O‘shanda klub o‘z afsonasi Kenni Dalglish murabbiyligida Angliya Liga kubogini qo‘lga kiritgan. Shundan so‘ng «Liverpul»da «qurg‘oqchilik» boshlanadi. Jamoa uzoq yillar hech qanday sovrin yuta olmadi va Angliyaning eng odamsiz jamoasi sifatida mazax qilina boshlandi. Ayniqsa «MYu» muxlislari tomonidan.

Ammo Klopp hammasini o‘zgartirib yubordi. Jamoa germaniyalik murabbiy bilan ikki marta Chempionlar ligasi, bir marta Yevropa ligasi finalida o‘ynadi. O‘tgan mavsumda esa YeChLda g‘olib bo‘lib, 7 yillik sovrinsiz seriyani to‘xtatdi. Endi «Liverpul» muxlislari jamoalari 30 yildan buyon Premer-ligani yutmagan bo‘lsa-da, «MYu» muxlislarini troll qilishlari mumkin. Masalan, «Chempionlar ligasini oxirgi marta 11 yil avval yutganlar musobaqaning amaldagi g‘olibini mazax qilsa, kulguli tuyularkan», deb.

Xullas, Klopp «Liverpul» muxlislarining yuzi yorug‘ bo‘lishiga erishdi. Uning «bezori yigitlari» endi har qanday raqibni yanchib tashlay oladi. O‘tgan mavsumlarda ham Saloh yetakchiligidagi «Liverpul»ning o‘yini juda zo‘r edi, ammo o‘sha sovrinsizlik ruhiyatda kichik muammolarni keltirib chiqarayotgandi. Hozir esa dunyoning klublar o‘rtasidagi eng zo‘r musobaqasi amaldagi g‘olibi sifatida maydonga tushadigan «Liverpul» har qanday raqib bilan o‘yinda ruhiy ustunlikka ega bo‘ladi.

Markazni mustahkamlagan «Siti», Angliyani «o‘ziniki qilgan» Gvardiola

«Manchester Siti» mavsumlar oralig‘ida katta va ko‘p transferlar amalga oshirishiga odatlanganmiz. Ammo o‘tgan mavsumlarda «shaharliklar» transfer uchun shunchalik ko‘p pul sarflashdiki, bu mavsum oldidan faqat bitta yirik transferni amalga oshirishdi. Ammo o‘sha bitta transfer eng muhim bo‘shliqni to‘ldirdi. «Atletiko»dan sotib olingan Rodri maydon markazini mustahkamladi. Bu futbolchi uchun «Siti» 75 million yevro sarfladi.

Shundog‘am o‘yini yaxshi chiqayotgan jamoaga yangi futbolchilar hadeganda qo‘shilaverishi o‘yinni izdan chiqarishi mumkin deb hisoblagan Gvardiola ortiqcha o‘zgarishlar qilmadi.

Jamoaning jarohatdagi futbolchilari safga qaytishining o‘zi katta tranfer bozoriga aylanadi desak bo‘ladi, chunki o‘tgan mavsum davomida «Siti»ning juda ko‘p futbolchilari jarohat olishdi.

Gvardiola hech bir jamoada 4 mavsumdan ortiq ishlamagan, hatto «Barselona»da ham. Ammo murabbiy «Siti»da bu an'anaga chek qo‘yishi mumkin. Yangi mavsum «Siti»da Pep uchun aynan to‘rtinchisi bo‘ladi va murabbiy qo‘pol qilib aytganda Angliyani «o‘ziniki qilib oldi». Dunyoning eng zo‘r ligasida Fergyusondan keyin ilk marta ketma-ket ikki marta chempion bo‘lgan (oxirgi marta «MYu» ketma-ket ikki marta APLni yutgandi) murabbiyga aylanishi Gvardiolaning Albionda uzoq vaqt qolishiga turtki bo‘lishi mumkin.

Pepning «Siti»sida endi asosiy motivatsiya Chempionlar ligasini yutish bo‘ladi, ammo bu jamoa ichki musobaqalarga e'tibor bermaydi degani emas. Gvardiola «shaharliklar»ni har yili ko‘plab sovrinlar yutishga o‘rgatib qo‘ydi. Darvoqe, «Manchester Siti» Angliya Superkubogining amaldagi sohibi hisoblanadi. Gvardiola shogirdlari o‘tgan mavsumda «Chelsi»ni yengib, sovrinni qo‘lga kiritishgandi. O‘sha o‘yin Mauritsio Sarri uchun Angliyadagi debyut bo‘lgandi.

Ustunlik kim tomonda?

Bugungi o‘yin oldidan ustunlik biror jamoa tomonida desak, balki to‘g‘ri bo‘lmas, ammo superkubokda «Liverpul»ning imkoniyati yuqoridek ko‘rinmoqda. Garchi «Siti» amaldagi chempion va superkubokning amaldagi sohibi bo‘lsa-da. Chunki o‘tgan mavsumni o‘ta yuqori notada tugatgan Saloh va jamoadoshlari endilikda dunyoning eng zo‘r jamoasiga aylanishdi. Dunyoning eng zo‘r musobaqasini yutgandan keyin ularga yana qanday ta'rif berish mumkin? Shu bois «Uembli»da o‘tadigan superkubok bahsida Klopp shogirdlari kichik bo‘lsa-da, ruhiy ustunlikka ega bo‘lishadi.

«Liverpul» superkubokni 13 yildan buyon yutmagani esa Kloppning «bezori yigitlar»iga qo‘shimcha motivatsiya berishi mumkin. «Qizillar» ustunligining yana bir jihati shundaki, bugun Klopp jamoasida nozik tomon ko‘rinmayapti. Masalan, «Siti» markazda Rodrining moslashishini kutishga majbur, chap qanot doimgidek kimga topshirilishi noaniq, hujumda Aguero o‘ynaydimi, Jyezusmi – bu ham aniq emas. «Liverpul»da esa tarkib mukammal ko‘rinishga kelgan, shu bois Klopp transferga zo‘r bermadi.

«Liverpul»ga xalaqit berishi mumkin bo‘lgan jihat shuki, jamoa yetakchilari yozda kam dam olishdi. Masalan, Alisson va Firmino Amerika kubogida qatnashishdi, Saloh va Mane Afrika kubogida, Van Deyk Millatlar ligasi finalida. Bu esa jamoa o‘yiniga ta'sir qilishi mumkin. «Siti»da ham Aguero, Jyezus kabi futbolchilar Amerika kubogida o‘ynadi, ammo Gvardiolada variantlarning ko‘pligi «Siti»ga bu borada ustunlik beradi.

6ta o‘zgarish qilish mumkin. Qo‘shimcha vaqt bo‘lmaydi

Angliyada futbol o‘yinlari ideal tarzda tashkillashtiriladi. Jumladan, superkubok ham. APL jamoalari mavsumga aynan superkubok o‘yini orqali kirib kelishini inobatga olib, o‘yin davomida 3ta emas, 6ta o‘zgarish qilishga ruxsat beradi. Bundan tashqari, 90 daqiqa ichida g‘olib aniqlanmasa, qo‘shimcha vaqt bo‘lmaydi va jamoalar birdaniga penaltilar seriyasiga o‘tishadi.

Bugunga qadar bu musobaqada «Liverpul» 15 marta g‘olib bo‘lgan. Shundan 5 martasida sovrin ikkita jamoaga berilgan, 10 marta «Liverpul» raqiblarni yengib, superkubokni qo‘lga kiritgan.

«Manchester Siti» esa 5 marta Angliya Superkubogida g‘olib bo‘lgan. Jumladan, o‘tgan yili ham. «Liverpul» esa oxirgi marta 2006 yilda bu sovrinni yutgan.

Superkubokda g‘olib bo‘lishda «MYu»ga teng keladigani yo‘q. Jamoa 21 marta «Komyuniti Shild»da zafar quchgan. «Arsenal» esa 17 marta, «Liverpul» bu borada uchinchi.

«Fitnes barometr»

Angliyada mavsumning ilk o‘yini hisoblangan bu musobaqaga «MYu» murabbiyi ser Aleks Fergyuson ajoyib ta'rif bergan: «Albatta, bu o‘rtoqlik o‘yini emas. Ammo Superkubokda biz futbolchilarning jismoniy imkoniyatini sinovdan o‘tkazamiz. Bu o‘yin – o‘ziga xos fitnes barometr».

Superkubokka shunday baho berganiga qaramay, ser Aleks unda 10 marta g‘olib bo‘lgan. Xosep Gvardiola «Komyuniti Shild»ga «mavsumning ilk finali» deb ta'rif bergandi. Antonio Konte esa bu musobaqani o‘rtoqlik o‘yiniga tenglashtirishganida jahli chiqqanini, bu haqiqiy rasmiy o‘yin va undagi g‘alaba butun mavsumga ta'sir qilishini aytgandi.

«Qarasam, boshqa Pep ekan...»

Har ikki jamoa murabbiylari o‘yin oldidan bir-birlari haqida iliq fikrlar bildirishdi. Jumladan, Klopp Chempionlar ligasi finalidan so‘ng Gvardiola bilan telefon orqali gaplashgani haqida aytib berdi: «O‘yindan keyin shifokorimiz Li Nobs menga telefonini uzatdi. Unda «Pep» deb yozilgandi. Men Pep Linders bo‘lsa kerak, deb o‘yladim, lekin gaplashib ko‘rsam, boshqa Pep ekan (kuladi). Biz mavsum yaxshi o‘tgani haqida gaplashdik, hazil qildik. Pep qo‘ng‘iroq qilganmi yoki u bilan «Siti»da ishlagan shifokorimizmi, bilmayman, ammo bu ajoyib suhbat bo‘lgandi», — deydi Klopp.

Gvardiola esa Kloppning jamoalariga qarshi o‘ynash u uchun o‘zgacha chorlov ekanini aytdi: «Kloppning harakatlari, quchoqlashi, uslubi, tabassumi futbolga o‘zgacha kayfiyat beradi. U ajoyib murabbiy, haqiqiy top-murabbiy va Kloppning jamoalariga qarshi o‘ynash – men uchun doim yangi chorlov. Biz o‘tgan mavsumda deyarli hamma sovrinlarni yutdik va endi hammasini yana boshidan boshlaymiz», — dedi Gvardiola.

4 avgust. Angliya superkubogi
«LIVeRPUL» — «MANCheSTeR SITI»
London, «Uembli» stadioni.
Bosh hakam: Martin Atkinson.
O‘yin vaqti (Toshkent vaqti bilan): 19:00
Translatsiya: «Futbol TV»

Ko‘proq yangiliklar: