O‘zbekiston triatlon federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Markaziy Osiyo triatlon assotsiatsiyasi vitse-prezidenti lavozimiga saylandi

Sport 21:00 / 02.08.2019 7997

2 avgust kuni Olmaota shahrida Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston milliy triatlon federatsiyalarini o‘z ichiga olgan Markaziy Osiyo Triatlon assotsiatsiyasining (CATA) ikkinchi kongressi bo‘lib o‘tdi.

CATA prezidenti Galimjan Yesenov raisligida o‘tkazilgan kongressda CATA a'zolari – O‘zbekiston triatlon federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Farrux Nosirov, Qirg‘iziston triatlon federatsiyasi prezidenti Chingiz Alkanov va CATA bosh kotibi Maksim Kryat ishtirok etdilar. Kongressga faxriy mehmonlar, shu jumladan Eron triatlon federatsiyasi prezidenti Mahdi Gudzari va Afg‘oniston milliy triatlon federatsiyasi sport masalalari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Naser Ahmadiy ham taklif etildi. Uchrashuv natijalariga ko‘ra yaqin kelajakdagi asosiy maqsadlar, aniq vazifalar belgilandi va bir qator muhim qarorlar qabul qilindi.

Assotsiatsiya rejalaridan joy olgan muhim yo‘nalish – Markaziy Osiyo mintaqasini Osiyo qit'asida triatlonni rivojlantirish va ommalashtirish bo‘yicha yetakchilar qatoriga kiritish. Buning uchun CATA faoliyatini media-makonda faol yoritib borish, mukammal me'yoriy-huquqiy baza yaratish, triatlon sport turida ishtirok qamrovini CATAga a'zo har bir mamlakatda aholining 1 foizigacha oshirish va professional triatletlar va paratriatletlarni dunyoning Top-30 va Osiyoning Top-5 reytingiga kiritish uchun tayyorlash rejalashtirilmoqda.

Afg‘oniston Milliy triatlon federatsiyasi va Eron Triatlon federatsiyasining CATAga a'zo bo‘lishi kongress a'zolari bir ovozdan qabul qilgan muhim qarorlardan biriga aylandi. Bir ovozdan qo‘llab-quvvatlangan taklif bilan O‘zbekiston triatlon federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Farrux Nosirov CATA vitse-prezidenti etib saylandi. Chingiz Alkanov CATA yetakchi vitse-prezidenti lavozimiga saylandi. Delegatlar, shuningdek, Assotsiatsiya tizimida Huquqiy, Media, Raqobat va Paratriatlon qo‘mitalarini yaratishga doir qaror qabul qildilar.  

Shuningdek, CATA shafeligida o‘tkaziladigan triatlon bo‘yicha birinchi start 2019 yil 5 oktyabrga belgilandi. Ushbu tarixiy startning asosiy xususiyati shundaki, u transmilliy bo‘ladi, ya'ni poyga Chimkent shahrida 1,1 km suzish masofasidan boshlanadi, keyin sportchilar Chimkentdan O‘zbekiston poytaxtiga qadar 121 km masofani bosib o‘tib, musobaqa oxirida Toshkent ko‘chalarida 11 km yuguradilar. Ushbu start O‘zbekistonda Qozog‘iston yiliga bag‘ishlanadi.

Paratriatlon bo‘yicha CATA birinchi starti esa joriy yilning 22 sentabr kuni Qozog‘istondagi Aktau shahrida bo‘lib o‘tgan birinchi Osiyo kubogi doirasida o‘tkaziladi.

Ko‘proq yangiliklar: