2019 yilda 51ta sport obektida 281 milliard so‘mlik qurilish ta'mirlash ishlari amalga oshiriladi

Sport 16:42 / 02.08.2019 4801

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining joriy yil 31 iyuldagi farmoyishi bilan 2019 yilda jismoniy tarbiya va sport obektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta'mirlash bo‘yicha manzilli dasturi tasdiqlandi. 

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati xabar berishicha, mazkur qarorga ko‘ra joriy yilda 51ta obektda qurilish-ta'mirlash ishlari amalga oshiriladi. Ularning 25tasi yangi sport inshooti sifatida qad ko‘taradi, 21ta mavjud sport majmuasida rekonstruksiya va 5ta majmuada kapital ta'mirlash ishlari amalga oshiriladi. 

Mazkur dastur prezidentning hududlarga qilgan tashrifi davomida sport inshootlarini xalqaro tajribadan foydalangan holda va mamlakatimiz tabiiy-iqlim sharoitlarini hisobga olib bunyod etish bo‘yicha bergan ko‘rsatmalariga asosan shakllantirildi. Xususan, davlat rahbari tomonidan energiya tejamkor, yengil konstruksiyali, sendvich panelli kichik sport zallari qurish vazifasi topshirilgan edi. 

Joriy yilda ilk marta Jizzax viloyatining Forish, Samarqand viloyatining Nurobod, Toshkent viloyatining Bo‘ka, Toshkent shahrining Uchtepa va Mirzo Ulug‘bek tumanlarida yengil konstruksiyali sendvich pannellari asosida yangi sport inshootlari quriladi. 

Qoraqalpog‘iston Respublikasining Mo‘ynoq, Namangan viloyatining Chortoq tumanlarida yangi yopiq turdagi suzish havzalari bunyod etiladi. Navoiy viloyatining Xatirchi, Toshkent viloyatining Bo‘ka tumanlari hamda Sirdaryo viloyati markazi Guliston shahridagi basseynlar kapital ta'mirlanadi.

Shu kuni 2020-2024 yillarda respublikada bolalar va o‘smirlar sport maktablari, umumta'lim maktablarida sport obektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta'mirlash hamda ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risidagi hukumat qarori ham tasdiqlandi. 

Ushbu qarorga ko‘ra, 2020-2022 yillarda respublika bo‘yicha: 

bolalar va o‘smirlar sport maktablarida jami 178ta (2020 yil 46ta, 2021 yil 52ta va 2022 yil 80ta) sport obekti quriladi, rekonstruksiya qilinadi va kapital ta'mirlanadi. Buning uchun 1 148 700 million so‘m mablag‘ ajratiladi;

umumta'lim maktablarida jami 52ta yangi sport zali qurilib, yana 89ta mavjud sport zali rekonstruksiya qilinadi. 

Shuningdek, qaror bilan Jismoniy tarbiya va sport vazirligiga Qurilish vazirligi bilan birgalikda 2019 yil 1 oktyabrga qadar xalqaro tajriba va mamlakatning tabiiy-iqlim sharoitlarini hisobga olgan holda turli xil sport o‘yinlariga moslashuvchan (tranformer), ekologik toza materiallar va energiyaning muqobil manbalaridan foydalanib hamda ilg‘or texnologiyalar va muhandislik yechimlarini qo‘llagan holda bolalar va o‘smirlar sport maktablari namunaviy loyihalarini qayta ko‘rib chiqish va joriy etish vazifasi yuklandi. 

Ko‘proq yangiliklar: