«Beylni oling, pul qo‘shib beriladi»: Futbolni qutqarishi mumkin bo‘lgan tizim haqida

Sport 16:27 / 01.08.2019 20069

Avvalgi transfer oynalari bilan solishtirganda, bu yozning bir jihati ko‘zga tashlanadi. Katta klublar tarkibida juda ko‘p kuchli, ammo keraksiz bo‘lib qolgan ajoyib futbolchilar yig‘ilib qolgan. Ulardan xalos bo‘lish oson bo‘lmayapti. 

Futbolchilarning likvidliligi bilan bog‘liq muammolar avval ham bo‘lgan, ammo sal boshqacha mazmunga ega edi. Qachonlardir «Liverpul» Balotellidan qutulmoqchi bo‘lgan; Antonio Kasanodan esa, u qayerda o‘ynasa, o‘sha klub qutulishga urinardi. Ya'ni o‘sha holatlarda asosiy muammo futbolchining o‘zida, uning xarakterida bo‘lgan. Hozir esa transferlar tizimi juda ko‘p vaziyatlarni boshi berk ko‘chaga olib kirib qo‘ymoqda. 

Yaxshi futbolchilarni sotishda deyarli barcha top klublar muammolarga duch kelishgan. «Arsenal» Mesut O‘zil va Shkodran Mustaini sota olmayapti. «Arsenal»ning transferlari aynan shu futbolchilarning sotilishi, bu sotuvlardan keladigan mablag‘ga bog‘liq – ammo aniq xaridorlar yo‘q. Natijada, mavsum boshlanganda, Emeri himoya markazida yana Mustafi – Papastopulos juftligiga, yagona hujumkor yarimhimoyachi rolida esa O‘zilga tayanishga majbur. 

Shu bilan birga, O‘zil – nafaqat jahon chempioni, balki klub miqyosda deyarli barcha sovrinlarni yutgan, so‘nggi olti yilda APLning eng yaxshi assisentlaridan biri, o‘tgan mavsumdan tashqari, kelganidan buyon har yili bu borada Angliyaning kuchli uchtaligidan joy olib kelmoqda. Uning o‘yin uslubi Emeriga mos kelmadi; mantiqan, transfer qilinishi kerak, ammo yetarli summani hech kim to‘lashni istamayapti. 

Boshqa klublar haqida ham xuddi shunday deyish mumkin. «Manchester Siti»da Danilo hech kimga kerak emas. To‘g‘ri, u Angliyaning eng yaxshi jamoasi uchun asosiy tarkibga mos emasdir, ammo har qanday bundayroq klubda o‘ynab keta oladi. Aleksis Sanches masalasi-ku, alohida kitob bo‘lishga arziydi. Amerika Kubogida futbolchi juda yaxshi formada ekani ma'lum bo‘ldi, ammo uni «Manchester Yunayted»da kuzatsangiz, o‘ynashni esdan chiqarib qo‘ygandek tasavvur uyg‘otadi. Ha, shuningdek, «Yunayted»dagi 125 nafar markaziy yarimhimoyachilar ham, jamoaga mos bo‘lmasa-da, top-6`dan yoki Angliyadan tashqaridagi juda ko‘p klublarni kuchaytirgan bo‘lishardi.  

Yana, «Real», Garet Beyl, uch yilga bo‘lingan 50 million maosh va shuncha soliqlar bor. Klub hatto Beylni tekinga Xitoyga qo‘yib yuborishiga ham sal qoldi, lekin oxirgi pallada fikridan qaytdi. «Barselona» esa umidsizlik bilan Filippe Koutinoga da'vogar izlayapti; uni «Manchester Yunayted», «PSJ» va «Liverpul»ga taklif qilib ko‘rdi. Neymarga almashtirish niyati ham bor, ammo hozircha hech kim rozi emas.  

«Yuventus»da Sarriga kerak bo‘lmaganlar ichidan kattagina yulduzli ramziy jamoa tuzish mumkin. Ro‘yxatga Gonsalo Iguain, Moyze Kin, Blez Matyuidi, Sami Xedira, Mario Manjukich va so‘nggi xabarlarga qaraganda, hatto Paulo Dibalani ham qo‘shish mumkin. Transfer bozori ochilganiga bir oy bo‘ldi, lekin «Yuventus»ning eng qimmat sotuvi haligacha «Roma»ga 29 millionga ketgan Leonardo Spinatssola bo‘lib turibdi. Hatto ancha kamtarona tarkibga ega «Inter» ham Perishich, Nainggolan va Ikardilarni sota olmay halak. Ular klubning rejalarida yo‘q, hatto mashg‘ulotlarda qatnashishmayapti, ammo transfer ham yo‘q.

Yuqorida sanalgan futbolchilarning Transfermarkt bo‘yicha umumiy bahosi taxminan 600 million yevro – mana bu muammoning birinchi sababi. 

Bozor shishirilgan. Bu yangilik emas va top-klublar bunga e'tibor ham bermay, o‘z yo‘nalishlarida yirik xaridlarni amalga oshirib yurishlari mumkin. «Real», «MYu», «Barselona», «PSJ», «Yuventus» kabi klublar ba'zida nolib turishsa-da, yangi qoidalar asosida ham ishlab yuraverishadi. Hatto futbolni tentak bo‘lib qolganlikda ayblagan «Bavariya» ham yaqinda 80 millionga himoyachi sotib oldi. Boy klublar haddan tashqari boy.

Lekin ko‘p pul sarflash, aqlsiz sarflash degan ma'noni bermaydi. Va shu yerda ma'lum bo‘ladiki, superklublar va boshqalar o‘rtasidagi farq ham juda katta. Yuqorida tilga olingan keraksiz yulduzlarni terib olish uchun kichikroq klublarning imkoniyatlari yetmaydi. Mana shu faktor vaziyatga jiddiy ta'sir ko‘rsatmoqda. Top-klublardagi keraksiz yulduzlarni boshqa bir top-klub istab qolishi kamdan kam holda ro‘y beradi, kichikrok klublarga esa, moliyaviy talablar halaqit beradi. 

UYeFA futbolda qandaydir adolatli tizimni yuritaman, degani bilan, baribir, top-klublarning manfaatlari bilan ham hisoblashishiga to‘g‘ri keldi, ularni xafa qilib qo‘yishni ham istamadi, natijada, kutilmagan tomondan mana shunday muammolar paydo bo‘lib qoldi. Top-klublar keraksiz aktivlardan qutula olmaydilar – gap faqat shishirilgan millionlab transfer qiymatida ham emas, ekspluatatsiyaning o‘zi ham juda qimmatga tushadi. «Manchester Yunayted» Aleksis Sanches uchun haftasiga soliqlar bilan 700 ming funt sarflaydi – yiliga 36 million. Keraksiz futbolchi uchun shuncha xarajat. Endi, uni sotishga bo‘lgan muvaffaqiyatsiz harakatlardan so‘ng, Sulsher o‘z qarashlaridan voz kechishga va matbuot anjumanlarida Sanches kerakligi, uning mavsumda 20dan ortiq gol urishga qodir deb bayonotlar berishga majbur bo‘lib qolmoqda. 

Sanches misolida, xarajatlarning aynan maoshlar sababidan ortishini kuzatish mumkin. Buni nazorat qilish yanayam qiyinroq, chunki transfer qiymati kabi, aniq chiziqli mutanosiblik bo‘lmaydi. Maoshlar boshqa faktorlar yordamida o‘zgaradi, masalan erkin agentlar kattaroq oylikka kelishuvga erishiladi yoki klub daromadining oshishi ham maoshga ta'sir qiladi. Aytmoqchimizki, qimmat futbolchi katta maosh oladi yoki kim yaxshiroq bo‘lsa, uning maoshi katta bo‘ladi, degan qoida bu yerda ishlamaydi. 

Ba'zi mamlakatlar iqtisodiyotida manfiy foizli stavkalar siyosati (MFSS) tizimi amalda ishlaydi. Aynan shu tizim futbolda ham o‘z aksini topishi mumkin. 2016 yilda Yaponiyada Markaziy bank manfiy foizda boshka banklarga kredit tarqatgan. Keyin bu amaliyot Shveytsariya, Niderlandiya kabi davlatlarda ham kuzatilgan. Hozir AQSh Federal rezerv xizmati ham bu haqida o‘ylab ko‘rayotgani haqida xabarlar bor.

MFSS aslida krizis uchun ideal davo emas. Ayniqsa, samarasiz korxonalarga yordam bo‘ladi, o‘zini o‘zi ta'minlaydigan boshqa korxonalar oldida ustunlik taqdim etadi. Ammo umumiy maqsad, ya'ni qadrsizlanayotgan pulni saqlab turishdan ko‘ra, undan qutulish uchun ham bu narsalarga ko‘z yumiladi. U qadar adolatli emas, lekin ko‘p davlatlar shu yo‘lni tutishga majbur bo‘lmoqdalar.  

Albatta, futbolda xato va oqibatlarning yuki u qadar katta emas. Bu yo‘lga murojaat qilish ham qanaqadir umumiy sabablar emas, aynan futbol va xarajatlar nuqtayi nazaridan o‘zini oqlashi mumkin. Masalan, «Sanchesni menga sotmoqchimisan, unda menga pul to‘la» deyish qanchalik mantiqsiz tuyulsa-da, aslida har ikki tomonga foyda keltirishi mumkin, demak yashashga haqli. Xaridor riskni pasaytiradi, u hali o‘ynab ketishi aniq bo‘lmagan futbolchi uchun katta transfer qiymatini to‘lashdan qutuladi. Sotuvchi klub uchun ham samarali: qandaydir transfer qiymatini olmasa ham, keraksiz futbolchiga bir yilda 36 million funt sarflashdan qutuladi. Bu ham bugungi standartlarda yomon emas.

Hozir bungacha yetib bormadi, lekin dastlabki qadamlar tashlanyapti. Masalan, futbolchi maoshning bir qismini to‘lab turish sharti bilan ijaraga berilyapti. O‘tgan mavsumda «Yuventus» Gonsalo Iguainni «Milan»ga ijaraga berdi va unga maoshining bir qismini to‘lashda davom etdi. Bu ham mablag‘ni tejadi, lekin muammo butunlay hal bo‘lmadi: Iguain yana «Yuventus»ga qaytib keldi va turinliklar yana undan qutulish choralarini qidirish bilan band.

Bunday tizim (MFSS) uzoq muddat amalga bo‘ladi, deb aytish qiyin. Chunki qaysi klub ko‘proq bunday kelishuvga murojaat qilaversa, aslida, transfer siyosatini samarasiz olib borayotganidan darak bo‘ladi. Demak, klub ham maoshlar strategiyasini qayta ko‘rib chiqishga va tug‘rilashga harakat qiladi. Masalan, yuqorida aytilgan «Manchester Yunayted» Aleksis Sanches kabi holatlar ro‘y berishidan endi ehtiyot bo‘ladi. Futbolchi bilan kelishuvda qat'iyatliroq bo‘ladi, bu shubhasiz.  

Agar shunday tekin transferlar yoki MFSS-kelishuvlar maoshlarni muvozanatga keltirmagan taqdirda ham, boshqa muammoni yechadi. Yuqorida sanab o‘tilgan futbolchilarda ham ayb yo‘q, ular bugungi tizimning qurboniga aylanishgan. Axir Garet Beyl Zidanga yoqmay qolsa, futbolchida nima ayb? U o‘zi istamagan jamoaga, maoshini bir necha barobar pasayishiga rozi bo‘lishga majbur emas-ku, to‘g‘rimi?

Biz aytib bergan tizimda esa, klublar yangi futbolchiga qo‘shib, qo‘lga kiritgan mablag‘larni aynan o‘sha yulduzning maoshiga ishlatishi ham mumkin. Albatta, bunday kelishuvlar yaxshi futbolchilarning ustidan kulishimizga (futbolchidan qutulish uchun unga pul qo‘shib berish, albatta, biroz kulgili tuyuladi, to‘g‘ri futbolda xolos, hayotimizda qizlarni sarpo-yu mebellari bilan qo‘shib uzatish oddiy qabul qilinadi-ku, darvoqe) sabab bo‘lar, ammo baribir, ularni golf maydonida emas, futbolda tomosha qilganimiz yaxshiroq.

Championat.com materiali asosida tayyorlandi

Ko‘proq yangiliklar: