SilkJet kompaniyasi xorijiy investitsiyalar va jahon tajribasiga ega aviatsiya mutaxassislarini jalb etgan holda O‘zbekistondagi birinchi loukosterni ochishga tayyor. Uning asoschisi Alisher Annazarov Kun.uz’ga bergan intervyusida yangi aviatashuvchining paydo bo‘lishi bozordagi vaziyatni qanday o‘zgartirishi, bundan nafaqat yo‘lovchilar, balki «O‘zbekiston havo yo‘llari» MAK va davlat yutishi mumkinligi haqida so‘z yuritdi.
— Mahalliy loukoster paydo bo‘lishi MAK uchun xavfli degan fikrga qo‘shilasizmi?
— Hukumatda biz parvozlarni boshlaganimizda MAK raqobatga dosh berolmaydi degan xavotir bo‘lishi mumkin. Jahon tajribasining ko‘rsatishicha, bozorda loukoster-aviakompaniyalar (Lowcoster carriers, LCC) paydo bo‘lishi to‘liq servis aviakompaniyalarining (Full Service) tashuv va moliyaviy ko‘rsatkichlari o‘sishiga olib keladi. Vaqt o‘tishi bilan LCC va Full Service biznes-model tushunchalari birikishi yuzaga keldi, Yevropa va Shimoliy Amerikada esa Full Service tashuvchisidan LCC tashuvchisini farqlab olishning imkoni yo‘q. Bu bozorlarda aksariyat aviakompaniyalar allaqachon gibrid hisoblanadi (to‘liq servis va loukoster unsurlari aralashgani) va yuk, yemak, joy tanlash, qo‘nish ustuvorligi uchun to‘lov oladi. Natijada bu ikki model o‘rtasida unchalik katta farq qolmagan. Buyuk Britaniyada British Airways RYANAIR va easyJet kabi gigant loukosterlar bilan yonma-yon faoliyat ko‘rsatmoqda, Vetnamda Vietnam Airlines VietJet va JetStar loukosterlari paydo bo‘lganidan so‘ng muvaffaqiyatli rivojlanmoqda. Bunday misollar yetarlicha topiladi.
Biz parvozlarni boshlaganimizda, bu MAK foydasiga bo‘ladi. Voqelik shunday, mahalliy loukoster tomonidan raqobat bo‘lishi O‘zbekistonda MAK uchun xorij aviakompaniyalari bilan raqobatga tayyorlanish uchun eng yaxshi narsa. Moslashish va o‘zgarish zarurati MAK personalining barcha darajalariga taalluqli bo‘ladi. Yaqinda e'lon qilingan gibrid biznes-modeliga o‘tish – bu to‘g‘ri yo‘nalishdagi qadam hisoblanadi. Ko‘plab davlatlar buni boshdan kechirgan va O‘zbekiston ham bundan muvaffaqiyatli o‘tishiga ishonchim komil. Bizda aviakompaniyalar qancha ko‘p bo‘lsa, raqobat va tashuvlar hajmi shuncha yuqori bo‘ladi. Mos ravishda, aholining aviatsion harakatchanligi va servis darajasi oshadi, chiptalar narxi esa pasayadi.
Orzular qanotida
— Transport vazirligi bilan muloqotingiz qanday kechmoqda? Vazirlik bozorda yangi o‘yinchining paydo bo‘lishidan faqat xursand bo‘lishini ta'kidlamoqda.
— Bizga hech kim «yo‘q» demayapti, ammo oldinga tashlangan qadamni ham ko‘rmayapmiz. Aviatsiya sohasidagi islohotlar tomon aniq qadamlarni va qonunchilikdagi o‘zgarishlarni ko‘rganimizdan so‘ng ekspluatant sertifikatini olish uchun hujjat topshiramiz, xodimlar shtatini shakllantiramiz va samolyotlar uchun lizing shartnomalari tuzamiz. Agarda hech qanday o‘zgarish bo‘lmasa, biz tavakkal qila olmaymiz va loyihaga pul tikishni davom ettirmaymiz. Balki bizdan islohotlarni kutib o‘tirmasdan faol harakat qilishimizni kutishayotgandir, ammo yirik kompaniyalar bunday tashkil qilinmaydi. Loukoster yoki boshqa biznes-modeldagi aviakompaniya ishini yo‘lga qo‘yish uchun bozordagi barcha o‘yinchilar, jumladan MAK ham bir xil huquqqa ega bo‘lishi kerak. Hozirda esa bunday emas va ko‘p narsani o‘zgartirish zarur.
— Bu aviakompaniya tashkil etish inqiroz yoqasida ekanligini bildiradimi?
— Men bunday demagan bo‘lardim. Hozircha bunday alomatlar yo‘q. Baribir islohotlar bo‘lishi kerak deb o‘ylayman.
— Investorlar bilan muammo yo‘qmi?
— Salohiyatli investorlar guruhi mavjud. Bular turli mamlakatlardagi aviakompaniyalarni moliyalashtiradigan ixtisoslashgan investitsion fondlardir. Markaziy Osiyo aviatsiya bozori juda jozibador va investorlar bizda rivojlanish uchun ulkan salohiyat borligini bilishadi. Ular hozirda aviatsiya sohasidagi islohotlar va huquqiy o‘zgarishlarni diqqat bilan kuzatmoqda.
— Biznes-reja ishlab chiqayotganingizda qanday muammo va tahdidlarga duch keldingiz? Bugungi voqelikda xususiy, buning ustiga budjet aviakompaniya tuzishning iloji bormi?
— SilkJet loyihasi uchun asosiy tahdid — MAK kelajagi uchun xavfsirashi bois davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning bo‘lmasligi. Aviakompaniya ochish uchun asosiy to‘siq sohada yuqori tariflar, aeroportlar, yonilg‘i quyish komplekslari va aeronavigatsion ta'minot xizmatiga ega yagona monopoliyachi aviakompaniya mavjudligi. Bundan tashqari, bizda havo kemalariga yerda xizmat ko‘rsatish va yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish sohalarida raqobat yo‘q. Shuningdek, yonilg‘i narxi va aeroport hamda boshqa yig‘imlarning narxi yuqoriligi, loukost-aviakompaniya biznes-modelini amalga oshirish uchun tegishli qonunchilik yo‘qligi ham xalaqit beradi.
Loyiha davlat investitsiyalarini talab qilmaydi, barcha moliyaviy xatarlar investorlar va lizing kompaniyalari zimmasiga tushadi. Bu loyihada O‘zbekiston uchun xatar minimal darajada. Biz juda kuchli va professional xalqaro jamoaga egamiz. U O‘zbekiston aviatsiya bozorini ko‘tarishga qodir. Bundan tashqari, SilkJet boshqa aviakompaniyalar yoki davlatlar qo‘llab-quvvatlovisiz ochilishini inobatga olish lozim.
— SilkJet bozorda paydo bo‘lsa qanday o‘zgarishlar bo‘lishi mumkin?
— Jahon tajribasiga ko‘ra, aviatsiya rivojlanmasa turizm rivojlanmaydi (jadvalga qarang), aviatsiya esa bozorda raqobat bo‘lmasa rivojlanmaydi. O‘z navbatida xususiy aviakompaniyalar ishtirokisiz halol raqobat bo‘lmaydi.
* VIP tashuvlar va kichik aviatsiya hisobga olinmagan holda tijorat foydalanuvida bo‘lgan samolyotlar. Manba: Planespotters.net.
**Manba: WTTC (Jahon turizm va sayohat kengashi)
O‘zbekiston YaIMda turizm ulushini oshirish uchun samolyot parki sezilarli darajada oshishi va tashuvlar uchun past tariflar paydo bo‘lishi lozim. Atigi bitta aviakompaniya bilan bularning barchasini amalga oshirishning imkoni yo‘q.
Hozirda reyslar soni (chastotasi) O‘zbekiston va boshqa davlatlar o‘rtasida paritet asosda taqsimlangan. Masalan, Rossiyani olaylik. Chastotalarni Rossiyadagi aviakompaniyalar o‘zaro bo‘lishib olishlari mumkin, O‘zbekiston tomonidan esa faqatgina MAK oladi. Agarda Rossiya yoki boshqa biror davlat O‘zbekistonga chastotalar sonini aytaylik, ikki martaga oshirishni taklif etadigan bo‘lsa, MAK bortlar yo‘qligi sababli buni amalga oshira olmaydi va reyslar sonini oshirishni rad etadi. Chiptalar narxini belgilashda ham vaziyat shunga o‘xshash. Hukumatlararo imzolangan kelishuvlarga muvofiq, chiptalar tarifida ham paritetga rioya qilinishi lozim. Mamlakat aviatsiya rahbariyati O‘zbekistonga parvozlarni amalga oshiruvchi aviakompaniyalar chiptalarni MAKnikidan arzon sotmasligini kuzatib turadi. Chastota va narx belgilash aviatsiya bozori rivojini sezilarli ravishda to‘xtatib turibdi – reyslar soni oshmayapti va narxlar pasaymayapti.
Bozorda SilkJet paydo bo‘lishi bilan O‘zbekiston chastotalar miqdorini oshira oladi, chunki hozirda MAK bir o‘zi ko‘psonli xorij tashuvchilari bilan raqobat qilishiga to‘g‘ri kelmoqda. Taklif oshadi va bozor qonuniyatiga ko‘ra, barcha tashuvchilarda chiptalar narxi pasayadi. Ha, bu MAK uchun qiyin, ammo oldimizga jahon darajasidagi raqobatbardosh sohani yaratish maqsadini qo‘yadigan bo‘lsak, rivojlanishning eng to‘g‘ri yo‘li. Yaqinda e'lon qilingan gibrid biznes-modelga o‘tish maqbullashtirishga yo‘l demakdir, u kompaniyaga kelgusida samarador bo‘lish va raqobatlar kelishidan xavfsiramaslik imkonini beradi.
Tranzit maqomi
— Siz bir necha bor O‘zbekiston yirik aviatsion xab bo‘lishi mumkinligini aytgandingiz.
— Ha, buni tushuntiraman. Emirates, Etihad va Qatar Airways aviakompaniyalari o‘tgan yili Yevropadan Osiyoga 32 mln yo‘lovchi tashigan. Toshkent bu yo‘nalishda 1200 kilometrli geografik ustunlikka ega, bu esa parvoz vaqtini 2 soatga qisqartiradi. Bu katta ustunlik va odamlarga bizning mamlakatimiz orqali uchish qulay va foydali bo‘ladi.
Tranzit yo‘lovchi aeroport terminalida 2-3 soat o‘z reysini kutar ekan, u pul sarflaydi, mamlakatimiz turistik salohiyatini reklama qilish to‘g‘ri tashkil etiladigan bo‘lsa, u O‘zbekistonga qiziqib qolishi ehtimoli yuqori bo‘ladi. Balki kelasi safar bu yo‘lovchi bir necha kunga yurtimizda qolishni rejalashtirar. Turistlar bizdagi imkoniyatlar bois bizda qolishi, shahar aylanishi, diqqatga sazovor maskanlar va restoranlarga borishi mumkin. Ularga yoqishi uchun biz hamma narsani qilishimiz lozim. Turistlar oqimi oshadi va zanjirli reaksiya boshlanadi. Aeroportlar terminallarning o‘tkazish qobiliyatini kengaytira va infrastrukturani rivojlantira boshlaydi. Buning ortidan mehmonxona biznesi va turizm rivojlanadi, bu esa minglab yangi ish o‘rinlari degani.
— Qanday samolyotlar sotib olishni rejalashtirgansiz?
— Biz samolyot sotib olishni rejalashtirmayapmiz, balki operatsion lizingdan foydalanamiz. Aviaparkimizda zamonaviy va xavfsiz Airbus A320neo va Airbus A321neo LR bo‘ladi (2025 yilga kelib flot 41ta samolyotdan iborat bo‘ladi – tahririyat izohi). Aviakompaniya past budjetli bo‘lsa, uning samolyotlari eski bo‘ladi degan qarash bor. Bu noto‘g‘ri qarash. Aksincha, loukosterlar bir tip va bir konfiguratsiyadagi yangi samolyotlardan foydalanadi. Bu texnik xizmat ko‘rsatish xarajatini pasaytirish va yuqori o‘rtacha sutkalik parvoz imkonini beradi. Bularning bari ekipajlar va kompaniya personalidan samarali foydalanish bilan jam bo‘lib kam xarajat qilish va chiptalarga past narx belgilash imkoniyatini taqdim etadi. Loukosterlar muntazam ravishda xarajatlarni maqbullashtirish va chiptalar narxini arzonlatishga harakat qilib tashuvlar hajmini oshiradi. Ularning daromadi aynan mana shuning evaziga o‘sib boradi.
— Oldingizda uchuvchilar topish vazifasi turibdi. Buni qanday hal qilmoqchisiz?
— Boshqa davlatlarda ishlayotgan yurtdoshlarimiz ko‘p. Ularning aksariyati qaytishni xohlaydi. Biz ular uchun vatanda ishlash va yaxshi maosh olish uchun sharoitlar yaratishni rejalashtirmoqdamiz. Birinchi bosqichda xorijlik uchuvchilarni jalb etishimizga to‘g‘ri keladi, ammo uzoq muddatli istiqbolda o‘zimiznikilarni o‘qitishni mo‘ljallaganmiz.
— Qanday ko‘rsatkichlarga erishishni rejalashtirgansiz?
— O‘zbekistonda SilkJet aviakompaniyasi tashkil etilishi 125 mln dollar miqdoridagi xorijiy investitsiyalarni jalb etish imkonini beradi. Biz 5 yil davomida turistik eksportdan 2 mlrd dollardan ortiq daromad kelishini taxmin qilmoqdamiz. 2 mingta ish o‘rni va turdosh sohalarda 22 mingdan ortiq ish o‘rni yaratiladi. 2025 yilga borib 20 mln nafardan ortiq yo‘lovchini tashishni mo‘ljallamoqdamiz, ularning 40 foizi aviatsiya transportidan foydalanmagan. O‘zbekistondan 20ta yangi marshrut ochiladi va 2025 yilning o‘zida Yevropadan Osiyoga 1,4 mln tranzit yo‘lovchi tashiladi. Bu O‘zbekistonning hozirgi ko‘rsatkichlaridan 3,5 baravar yuqori degani.
20 mln nafar yo‘lovchi tashish rejasiga alohida to‘xtalmoqchi edim. Yangi kompaniyaning samarali xarajatlar strukturasi tufayli tariflarning asosli pasayishi bozorni jonlantiradi. Jahon amaliyotining ko‘rsatishicha, yangi aviakompaniyaning asossiz ravishda oshirilgan tariflar mavjud yo‘nalishga kirib kelishi yo‘lovchilar oqimini 200-300 foizga oshirish imkonini beradi. Gap ilgari yerusti transportidan foydalanganlar aviatsiyadan foydalana boshlashidagina emas, balki odamlar arzonroq tariflarda ko‘proq ucha boshlashida ham.
O‘zbekistonda prezident vazifa qilib qo‘ygan turizmni rivojlantirish maqsadiga erishish va bozorda teng huquqli sharoitlar yaratib va raqobatga yo‘l ochib yetakchi mamlakatlar yo‘liga tushib olish uchun real imkoniyatlar mavjud. Bu yo‘lovchilar oqimini va YaIMda turizm ulushini sezilarli oshirishga imkon beradi. Raqobatga duch kelgan MAK faoliyatini maqbullashtirish va samaradorligini oshirishni boshlaydi, bu unga daromadni oshirish va mamlakat budjetiga yuklamani pasaytirish imkonini beradi.
Aviatsiya sohasini rivojlantirish uchun mamlakatga xorij kapitali kirib kelishi va ilg‘or aviakompaniya biznes-modelini joriy etish talab etiladi. Ikki unsur: pul mablag‘lari va mahoratli aviatsiya investorlaridan iborat xorij kapitali nafaqat iqtisodiyotga xorijiy investitsiyalar kengroq kirib kelishiga olib keladi, balki daromad olish va zamonaviy texnologiyalar, blokcheyn va sun'iy ongdan foydalanib kompaniyaning dinamik bozor talablariga moslashgan holda o‘z ishini yaxshilashiga turtki bo‘ladi.
Mintaqada o‘xshashi yo‘q loyihaning ishga tushirilishi O‘zbekiston iqtisodiyotini modernizatsiya qilish va yoshartirish kabi maqsadlarga mos keladi. Loyihani amalga oshirish mamlakat o‘zining iqtisodiyotdagi strategik sektorini ochayotgani - SilkJet xususiy xorijiy kapitali orqali havo tashuvlarini yo‘lga qo‘yayotganini ko‘rsatadi.