Tokio Olimpiadasiga yo‘llanmalar soni hozircha 3ta, xorijlik 13 nafar sportchiga fuqarolik pasporti berildi

Sport 17:00 / 30.07.2019 11410

Bugun, 30 iyul kuni Oliy Majlis Senatida bo‘lib o‘tgan majlisda O‘zbekiston sportchilarini 2020 yilda Yaponiyaning Tokio shahrida o‘tkaziladigan yozgi Olimpiada o‘yinlariga tayyorlash borasida olib borilayotgan ishlar yuzasidan Jismoniy tarbiya va sport vaziri hamda O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi raisining axboroti tinglandi.

Tadbirda XXXII Olimpiya va XVI Paralimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rish uchun 196 milliard, terma jamoalarni chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishga qo‘shimcha 1,7 milliard so‘m mablag‘ ajratilgani ta'kidlandi.

Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyevning aytishicha, 2018 yili O‘zbekiston chempionatlarida g‘olib va sovrindor bo‘lgan 3 ming 119 nafar sportchidan 420 nafar nomzod saralab olindi. Shundan 97 nafari sportning 21 turi bo‘yicha (akademik eshkak eshish, badiiy gimnastika, baydarka va kanoeda eshkak eshish, boks, velosport, dzyudo, yengil atletika, karate WKF, og‘ir atletika, sport gimnastikasi, suzish, suv polosi, stol tennisi, taekvondo WTF, tennis, trampolin, futbol, erkin kurash, yunon-rum kurashi, o‘q otish, qilichbozlik) yozgi Olimpiada o‘yinlarida qatnashishi belgilangan.

Terma jamoa a'zolarining puxta tayyorgarlik ko‘rishlari uchun mulkchilik shaklidan qat'i nazar asosiy va hududiy sport bazalari biriktirilib, ularning har biriga jami 2 milliard so‘mlik farmakologik dori vositalari xarid qilindi va yetkazib berildi.

Nomzod sportchilar bilan alohida reja asosida tayyorgarlik ishlarini olib borish maqsadida Xitoy, Rossiya, Belarus, Fransiya, Estoniya, Polsha, Gruziya, Meksika va Argentina kabi rivojlangan davlatlardan 13 nafar xorijiy mutaxassis va murabbiylar jalb etildi. Shuningdek, O‘zbekiston milliy terma jamoa tarkibidan yuqori natijalarga erishgan chet ellik 13 nafar sportchi ham joy oldi va ularga fuqarolik biometrik pasportlari rasmiylashtirib berildi.

Bugungi kunga qadar tennis bo‘yicha Denis Istomin, velosport bo‘yicha Olga Zabelinskaya hamda paralimpiyaning o‘q otish sport turi bo‘yicha Server Ibragimov Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etish uchun yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Ular soni 100 nafardan oshishi kutilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: