Sport murabbiylari uchun maxsus sirtqi bo‘limlar tuzish topshirig‘i bajarilmagan

Sport 15:25 / 30.07.2019 3832

O‘zbekiston Jismoniy tarbiya va sport vazirligiga 2019 yil uchun davlat budjetidan qo‘shimcha 200 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan. Bu – 2017 yildagiga nisbatan uch barobardan ham, o‘tgan yilga qaraganda esa salkam ikki baravarga ko‘pdir. Bu haqda Oliy Majlis Senatining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi majlisida ma'lum qilindi.

Kun.uz muxbiri xabar berishicha, hisobot davrida xalqaro sport musobaqalarida O‘zbekiston sportchilari tomonidan jami 357ta medal, shu jumladan, 125ta oltin, 114ta kumush va 127ta bronza medali qo‘lga kiritilgani qayd etilgan. Sportning 23ta turi bo‘yicha o‘tkazilgan xalqaro o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlarida 60 nafar murabbiy hamda 199 nafar sportchi qatnashgan. 2018 yilda sportchilar xalqaro arenalardagi ishtiroki bilan 1652ta medalga ega chiqqan bo‘lsa, 2019 yil yakuniga qadar mazkur ko‘rsatkichni 1820taga yetkazish vazifasi belgilangan. Shuningdek, shu yil jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug‘ullanuvchilar sonini 2,7 mln. nafarga, ommaviy jismoniy va sport tadbirlari sonini 15 mingtaga yetkazish rejalashtirilgan.

Majlisda amalga oshirilgan ishlar barobarida vazirlik tomonidan ayrim topshiriqlar bajarilmay, ba'zi vazifalar ijrosini ta'minlashda sustkashlikka yo‘l qo‘yilganiga ham to‘xtalib o‘tildi. Ayni paytda sport muassasalaridagi murabbiylar 11 ming 197 nafarni tashkil etadi. Ularning faqat 5 ming 206 nafari yoki 46,5 foizi oliy ma'lumotga ega ekanligi tufayli 2019 yilda bu ko‘rsatkichni 8 ming 330 nafarga yoki 60 foizga yetkazish vazifasi belgilangan edi. Shu maqsadda 2019/2020 o‘quv yilida O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti hamda uning Nukus filialida o‘rta maxsus bilimga ega murabbiylar uchun maxsus sirtqi bo‘limlar tuzish topshirig‘i berilgan. Ammo vazirlik tomonidan ushbu topshiriq bajarilmagan.

Ko‘proq yangiliklar: