Ateroskleroz nima va qanday oldi olinadi?

Light 20:15 / 26.07.2019 34591

Har yili tekshiruvlardan o‘tib turmaslik ushbu xavfli kasallik juda kech aniqlanishiga olib keladi.

Ateroskleroz nima?

Qon tomirlari (arteriyalar) tananing barcha qismlariga kislorod va ozuqa moddalar yetkazib beradi. Ba'zida tomirlarda yog‘ to‘planishlari — toshmalar paydo bo‘ladi. Ular tufayli tomirlar torayib boradi, qattiqlashadi, organlarga qon va kislorod yetkazib berish qiyinlashadi. Ateroskleroz kasalligi aynan shuning o‘zidir.

Ateroskleroz qanday aniqlanadi?

Aksariyat kishilar alomatlar ko‘rinish bermagani sababli kasallikdan bexabar bo‘lishadi. Aterosklerozni ilk bosqichlarda mustaqil aniqlashning aslo iloji yo‘q. Hech bo‘lmaganda yilda bir marta organizmni to‘liq tekshiruvlardan o‘tkazib turmaslik oqibatida kasallik og‘ir darajaga yetishi va yog‘ qatlamlari qon aylanishini to‘sib qo‘ygandagina undan boxabar bo‘lish mumkin. 
O‘rta va og‘ir darajadagi ateroskleroz alomatlari aynan qaysi tomirlar zarar ko‘rganiga qarab farqlanadi. Shifokorlarning so‘zlariga ko‘ra, tez-tez uchrab turuvchi ushbu xastalik birdaniga bir necha organ qon tomirlariga ta'sir qiladi.

Yurak qon tomirlarida

Ko‘krak qafasida bosim va noqulaylikni sezish mumkin. Og‘riq orqa tomon, bo‘yin, yelka, qo‘l va tirsaklarga o‘tishi ham ko‘p kuzatiladi. Yana shuningdek nafas qisishi, aritmiya (yurak urishi tezlashishi), uyqusizlik va kuchli charchoq hissi ham paydo bo‘ladi. 

Bosh miya tomirlarida

Asosiy alomatlari — to‘satdan qotib qolish yoki qo‘l- oyoqlarda holsizlik, nutq chalkashishi, ya'ni, tushunarsiz gap-so‘z, vaqtincha ko‘rish qobiliyati sustlashishi, bosh aylanishi, yurganda noaniq qadam tashlash, kuchli bosh og‘rig‘i, hushdan ketish.

Qo‘l-oyoq tomirlarida

Organizmning bu qismlaridagi arteriyalar qisqarsa, asosan harakat davomida og‘riq va uvishish kuzatiladi.

Buyrak tomirlarida

Buyrak arteriyalaridagi yog‘ toshmalari buyrak yetishmovchiligi rivojlanishiga olib kelishi mumkin. Uning asosiy belgilari: kuchsizlik, ishtaha yo‘qolishi, ko‘ngil aynishi, juda tez yoki kam siyish, qo‘l-oyoqlarda shish, fikrni jamlash bilan muammolar, teri qichishishi.

Ateroskleroz sabablari nima?

Xastalik bolalikdayoq paydo bo‘lishi mumkin. Sababi aynan aniqlanmagan. Odatda bu endoteliyga - arteriyaning ichki qatlamiga zarar yetkazish natijasida yuzaga keladi.

Tomirlarga quyidagilar zarar yetkazishi mumkin: 

  • yuqori qon bosimi;
  • tamaki chekish;
  • xolesterin yoki triglitseridlar darajasi oshishi; 
  • diabetning birinchi toifasi;
  • vazn ortishi, semirish; 
  • jismoniy mashqlar bilan shug‘ullanish.

Ateroskleroz nimasi bilan xavfli? 

Kasallik bir necha asoratlarga ega bo‘lib, sog‘liq va hayotga tahdid soladi.

  • Agar yurakka boruvchi arteriyalar toraysa, qon oqimi sekinlashib ketadi. Bu yurak ishemik kasalligi va stenokardiyasiga olib keladi. Ba'zida miokard infarkti va o‘lim bilan ham yakunlanishi mumkin. 
  • Miyaga qon yetkazuvchi tomirlarning torayishi insultga sabab bo‘ladi.
  • Qo‘l yoki oyoq arteriyalaridagi tiqilishlar tomir tortishishiga, mushak og‘rig‘i va ba'zi holatlarda gangrenaga olib keladi. 
  • Ateroskleroz tomir devorida anevrizmani (bir yerda kengayish) keltirib chiqarishi mumkin. Bu esa ichki qon ketishi boshlanishi va qaytalanishiga sabab bo‘ladi. 

Qachon shifokorga murojaat qilish kerak?

Yuqoridagi alomatlardan birini sezishingiz bilanoq.

Avvalo terapevt qabulida bo‘ling.  U sizni tekshirib, kasallikka aynan qaysi arteriyalar sabab bo‘lganiga qarab tor mutaxassisga yuboradi. Yurak tomirlarining aterosklerozini kardiolog va kardiojarroh, miya sohasida nevropatolog, qo‘l-oyoqlarda angiolog yoki qon tomir jarrohi, buyrakni nefrolog ko‘zdan kechiradi.

Ateroskleroz qanday davolanadi?

Bu aterosklerozning rivojlanishini sekinlashtirishi va bemorning o‘zini his qilishini yaxshilashi mumkin. 

Turmush tarzini o‘zgartirish

Avvalo, shifokor sizga rejim tayinlaydi va yomon odatlardan voz kechishni maslahat beradi. Masalan:

  • Agar chekayotgan bo‘lsangiz, chekishni tashlang. 
  • Xolesterinni pasaytirish uchun sog‘lom ovqatlaning. Yog‘, tuz va shakarga boy bo‘lgan ovqatlardan saqlanishga harakat qiling. Sabzavot va mevalardan ko‘p iste'mol qiling. 
  • Faol bo‘ling. Mutaxassislar kuniga kamida 2,5 soat vaqtni jismoniy bandlikka sarflashni maslahat berishadi. Masalan, velosiped minishingiz, piyoda yurishingiz va haftada ikki marta sport mashqlarini bajarishingiz mumkin. 
  • Tana massasi indeksida (BMI) 18,5 dan 24,9gacha optimal vaznni saqlang. 
  • Alkogol ichmang. 

Vaqtida oldi olingan kasallikdan davolanish ham shart emas. 

Dori-darmon qabul qilish
Agar yuqoridagi kabi hayot tarzidagi odatlarni o‘zgartirish yordam bermasa, dorilar qabul qilishni boshlash mumkin. 

Shifokorlarning tavsiyalariga ko‘ra, hozirgi kunda aterosklerozni davolash uchun aterogen lipoproteinlarning paydo bo‘lishiga to‘sqinlik qiluvchi, ichakda xolesterin so‘rilishini to‘xtatuvchi, lipid metabolizm fiziologik jihatdan yaxshilovchi, angioprotektorlar va boshqa dori vositalari tanlanmoqda. Ammo faqatgina shifokorning qat'iy nazorati ostida. 

Jarrohlik yo‘li
Agar bemorda arteriya tiqilib qolishi jiddiylashsa, operatsiya qilinadi. Amaliyot tomir devorlaridan yog‘ qatlamlarini olib tashlash va qon oqimini tiklashga yordam beradi. 

Aterosklerozning oldini olish mumkinmi?

Yuz foiz himoya qilish imkonsiz bo‘lsa ham, ba'zi xavf omillarini nazorat qilish mumkin. 

Yuqorida aterosklerozni davolash uchun turmush tarzini o‘zgartirish bo‘yicha tavsiyalar berdik. Ular kasallikning oldini olishni istaganlar uchun ham qo‘l keladi.

Ko‘proq yangiliklar: