Tesla aksiyalari quladi – kompaniya ikkinchi chorakda 400 mln dollardan ortiq zarar ko‘rgan

Fan-texnika 19:08 / 25.07.2019 7206

Amerikaning Tesla elektromobillar ishlab chiqaruvchi kompaniyasi yilning ikkinchi choragida 408 mln AQSh dollari miqdorida zarar ko‘rdi. Kompaniya o‘zining moliyaviy hisobotini e'lon qilgach, uning qimmatli qog‘ozlari narxi ham 11 foizga arzonladi, deb xabar qilmoqda CNBC. Shu bilan tahlilchilar taxminlari o‘zini oqlamagan. 

Tesla rekord miqdorda elektromobillar yetkazib bergani va Model 3 elektromobilini ko‘p sotgan bo‘lsa-da, yilning ikkinchi choragidagi zarar jiddiy bo‘lgan. Kompaniya daromadi tahlilchilar taxmin qilganidek 6,41 mlrd dollar o‘rniga 6,35 mlrd dollarni tashkil etgan. 

Umuman, kompaniya kapitallashuvi yil boshidan buyon 20 foizdan ko‘proqqa tushib, 45,43 mlrd dollarni tashkil etmoqda. Garchi hisobot natijasi yaxshi bo‘lmasa-da, kompaniyaning ko‘rsatkichi birinchi chorakdagi 702 mln dollarlik zararga qaraganda sezilarli yaxshilangan. 

Shu bilan birga, kompaniya ikkinchi chorakda 87 mingdan ortiq elektromobil ishlab chiqargan. Shu muddat vaqt mobaynida mijozlarga 95 mingdan ortiq transport vositasi yetkazib berilgan. 

Yil boshida kompaniya bosh direktori Ilon Mask birinchi chorakdan boshlab kompaniya yana foydaga chiqishini bildirgan, keyinchalik, birinchi chorak emas, ikkinchi chorakdan ishlar iziga tushib ketishini aytgandi. Endilikda, uning bor umidi uchinchi chorakdan bo‘lmoqda. Bundan tashqari, u Tesla 2019 yil yakuniga ko‘ra, 360-400 ming dona elektromobil yetkazib berish rejasini bajarishidan umidini uzgani ham yo‘q.

Ko‘proq yangiliklar: