XVJ eksperti: O‘zbekistonda to‘lovchilarning sonini oshirish uchun QQSni kamaytirish mumkin bo‘ladi

Iqtisodiyot 07:47 / 23.07.2019 9332

Davlat soliq qo‘mitasida Xalqaro valuta jamg‘armasi eksperti, Buyuk Britaniyaning «Lids» universiteti «Soliq huquqi» kafedrasi mudiri, professor Rita de la Feria bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar bermoqda.

Dastlab professor Rita de la Feriaga mamlakat soliq tizimidagi oxirgi o‘zgarishlar, xususan tadbirkorlik sub'yektlari, shu jumladan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari uchun qo‘shilgan qiymat solig‘i va soddalashtirilgan QQSning joriy etilishi haqida batafsil ma'lumotlar berildi. Shundan so‘ng, QQS ma'murchiligini yanada takomillashtirish, hisobga olish va qaytarish tizimi, xavflarni boshqarish bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha o‘zaro fikr almashildi.

Ekspert tomonidan xalqaro tajribada QQS iqtisodiyotning yanada raqobatbardoshligini oshirish va faoliyatni legallashtirishning samarali vositasi ekanligi, investitsiyalarni jalb qilishning asosiy omillaridan biri sifatida sodda va biznes uchun tushunarli bo‘lishi lozimligi aytib o‘tildi.

Uchrashuvda QQSga o‘tishda aylanma mablag‘larning chegaralangan me'yori o‘rnatilishiga oid masalalarga ham alohida urg‘u berildi. Professor Rita de la Ferianing ta'kidlashicha, QQSni joriy etishning birinchi bosqichida faol ishbilarmonlik muhitiga salbiy ta'sir xavfini va soliq tizimini boshqarish bilan bog‘liq ma'muriy xarajatlarni kamaytirishga imkon beruvchi yuqori chegara belgilanishi lozim. Keyinchalik to‘lovchilarning sonini oshirish uchun uni kamaytirish mumkin bo‘ladi.

Tadbir davomida Xalqaro valuta jamg‘armasi vakili va Davlat soliq qo‘mitasi rahbariyati soliq ma'muriyatchiligi islohotlarini davom ettirishda IT-texnologiyalaridan samarali foydalanish borasida o‘zaro fikr almashdilar. Zamonaviy bosqichda QQS ma'muriyatchiligi «raqamli» shaklga o‘tishi lozimligi ta'kidlandi.

Uchrashuv yakunida yig‘ilganlarga QQS ma'muriyatchiligi sohasida IT-texnologiyalari infratuzilmasini kengaytirish, shuningdek uni qo‘llashda biznes vakillari uchun sodda va tushunarli bo‘lgan sharoitlarni yaratish zarurligi bo‘yicha kerakli tavsiyalar berildi.

Ko‘proq yangiliklar: