22 iyul kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi anjumanlar zalida Iqtisodiyot va sanoat vaziri Botir Xo‘jayev ishtirokida «Mamlakatdagi ijtimoiy-iqtisodiy ahvol, shuningdek, iste'mol savatchasi hisobi hamda tirikchilik uchun zarur eng kam miqdor» mavzusida OAV vakillari bilan muloqot bo‘lib o‘tdi.
2030 yilgacha mo‘ljallangan Milliy rivojlanish konsepsiyasi bilan tanishtirarkan vazir tariflar masalasiga alohida to‘xtalib o‘tdi.
«Hozirgi narxlar bilan iqtisodiyotda o‘sishni rejalashtirib bo‘lmaydi. Misol uchun, biz ming kubometr gazni xorijga 128 dollardan eksport qilyapmiz, aholiga esa xuddi shu gaz 41 dollardan yetkazib berilyapti. Shuningdek, bizda gaz qazib olish tannarxi ham juda baland. 2030 yilgacha sanoat hajmi rejamizga ko‘ra har yili 4 foizdan oshib borsagina biz belgilangan maqsadimizga erishamiz», deya vazirning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
Sanoat korxonalariga yuqori tariflar belgilay turib, qanday qilib ishlab chiqarish hajmini oshirish mumkinligi haqidagi savolga Botir Xo‘jayev shunday javob berdi: «Iqtisod qilish orqali. Menga televizor orqali namoyish qilinadigan bir rolik juda yoqadi. Bir xonadonda barcha chiroqlar, gaz yonib turibdi, jo‘mrakdan suv behuda oqib yotibdi. Shunda barcha narsa o‘chirilib, iqtisod qilish zarurligi uqtiriladi. Tariflar oshishi aynan energotejamkor texnologiyalar qo‘llanishiga sabab bo‘ladi. Biz 2022 yilgacha energiya tejamkorligi konsepsiyasini ishlab chiqarish ustida ishlayapmiz. Lekin energoresurslar narxlari keskin oshib ketishini kutish to‘g‘ri bo‘lmaydi. Sababi, biz aholining imkoniyatlarini ham unutmasligimiz lozim. Bu bosqichma-bosqich amalga oshiriladi».
Energoresurslar tariflarini belgilash nimalarga asoslanishi to‘g‘risidagi savolga vazir «iqtisodiyot vazirligi bu jarayonda ishtirok etmaydi» degan javob bilan cheklandi.