Bugun, 22 iyul kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi anjumanlar zalida Iqtisodiyot va sanoat vaziri Botir Xo‘jayev ishtirokida OAV vakillari bilan muloqot bo‘lib o‘tdi.
Tadbir davomida jurnalistlar vazir Botir Xo‘jayevdan yuqori darajadagi inflatsiya tufayli denominatsiya (pul qiymatini kichraytirish, hisob-kitobni soddalashtirish uchun bir necha nollarni olib tashlash - tahr.) rejalashtirilayotgani yoki yo‘qligi haqida so‘raldi.
«Denominatsiya masalasi Markaziy Bank vakolatida. Iqtisodiyot va sanoat vazirligining bunga aloqasi yo‘q.
Inflatsiyaga kelsak, bizda inflatsiya darajasi yuqori emas (shu o‘rinda Repost.uz nashri muxbiri inflatsiya darajasi 10 foizdan oshishi yuqori hisoblanishini eslatdi).
To‘g‘ri, inflatsiya yuqori, lekin bizdan ham yuqori davlatlar ham bor – masalan Venesuela. Bizda inflatsiyaning asosiy sababchisi so‘mning devalvatsiyasi. Shunga qaramay biz inflatsiya darajasini tushirish ustida ishlayapmiz», deya vazirning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
Ma'lumot uchun, Venesuela iqtisodi qatorasiga oltinchi yil qulashni boshdan kechirmoqda. Ahvol avvalgi holatiga qaytishiga umid yo‘q. Mamlakatning tashqi qarzi 100 milliard dollarga yetgan, valutaning yagona manbai bo‘lmish neft qazib olish hajmi esa yildan yilga pasaymoqda.
O‘tgan yilda Venesuelada inflatsiya 1 million foizni tashkil etib, 1920-yillardagi Veymar respublikasi hamda 2000-yillardagi Zimbabvening natijalari yangilandi.
Giperinflatsiya tibbiy xizmat, energiya ta'minoti, ichimlik suvi ta'minoti, transport sohalarida ham vaziyatni keskin yomonlashtirgan, oziq-ovqat mahsulotlari taqchilligi yuzaga kelgan.