2019 yil 22 iyul kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Mamlakat ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy hayotining turli sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlarni huquqiy jihatdan ta'minlash maqsadida ko‘rib chiqilgan bir qator qonun loyihalari siyosiy partiyalarning parlament quyi palatasidagi fraksiyalari hamda O‘zbekiston Ekologik harakati deputatlar guruhi yig‘ilishlarida ham dastlabki tarzda qizg‘in muhokama qilingan edi.
Deputatlar «Valutani tartibga solish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonun loyihasini muhokama qilishdi. Ta'kidlanganidek, mazkur loyihada valutani tartibga solish sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirishda iqtisodiy choralarning ustuvorligini, valuta operatsiyalariga davlat organlarining noqonuniy aralashuviga yo‘l qo‘yilmasligi, valuta kursini aniqlashda faqatgina bozor mexanizmlari qo‘llanishini nazarda tutuvchi qoidalar belgilanmoqda.
Shuningdek, amaldagi qonundagi ba'zi normalar o‘zining dolzarbligini yo‘qotgani sababli tubdan qayta ko‘rib chiqilmoqda.
Deputatlarning fikricha, xorijiy valutani erkin sotib olish va sotish imkoniyati va milliy valuta ayirboshlash kursini bozor mexanizmlaridan foydalangan holda belgilanishi mamlakatda ishlab chiqarilgan mahsulotlarning ichki va tashqi bozordagi raqobatdoshligi va rentabelligini oshirish bilan bir qatorda, mamlakatda investitsiya va ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni ko‘paytirish, xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar tomonidan yangi texnologiyalar va bilimlarni jalb qilish, eksport imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.