Yerga qaytmaslik ehtimoli bo‘lgan astronavtlar – inson Oyga ilk bor qadam qo‘yganiga 50 yil bo‘ldi

Light 23:19 / 20.07.2019 37424

Insoniyat tarixida unutilmas sanalar ko‘p. Ana shunday sanalardan biri 1969 yilning 20 iyuli bo‘lib, xuddi shu kuni “Apollon-11” kemasi ekipaji komandiri Nil Armstrong va uchuvchi Edvin Bazz Oldrin kema modulini Oydagi Xotirjamlik dengizining janubi-g‘arbiga qo‘ndirishdi. Ular Oy sathida 21 yarim soatdan ortiq bo‘lishdi. Astronavtlar Oy yuzasiga ham chiqishdi va 2 soat 31 daqiqa bo‘lishdi. Oyga qadam qo‘ygan ilk inson Nil Armstrong bo‘ldi. O‘n besh daqiqadan so‘ng Oldrin ham unga qo‘shildi. Astronavtlar o‘zlari tushgan joyda AQSh bayrog‘ini o‘rnatishdi va Oy tuprog‘idan 21,5 kilogramm namuna olishdi. 

Quyida ushbu voqea bilan bog‘liq qiziqarli ma'lumotlarni taqdim etamiz.

Oyga birinchi qadamni kim qo‘yishi kerak edi?

Foto: VseZnayesh.ru
Foto: VseZnayesh.ru

«Apollon-11» Oyga qo‘nishi aniq bo‘lgach, jurnalistlar va ayrim NASA xodimlari Oyga birinchi bo‘lib qadam qo‘ygan inson Edvin Oldrin bo‘lishini taxmin qila boshlashdi. Gap shundaki, ochiq fazoda faoliyat olib borish bo‘yicha mashg‘ulotlarda har doim komandir emas, uchuvchi tashqariga chiqardi. Xyustondagi kosmik parvozlar mutaxassislari ham dastlabki chizmalarda oy modulidan birinchi bo‘lib uchuvchi chiqishini bayon qilishgandi. Ammo tor kabinada skafandr va hayotni ta'minlovchi tizimda bo‘lgan uchuvchi tashqariga chiqish uchun komandirning ustidan o‘tishiga to‘g‘ri kelishi hisobga olinmagandi, zero asosiy lyuk chap tomonda bo‘lib ichkariga ochilar, komandir esa chap tomonda o‘tirardi. Ushbu manyovrni qo‘llab ko‘rishga urinishganida oy moduli maketi kabinasida kichik shikastlanishlar yuz berdi. Shundan so‘ng Oy sathiga uchuvchi emas, kema komandiri – Armstrong birinchi bo‘lib qadam qo‘yishiga qaror qilindi.

SSSR hududida Oyga inson qadam qo‘yishini bevosita translatsiya qilish taqiqlanganmidi?

Sobiq SSSR mamlakatlarida Oyga inson qadam qo‘yishi butun dunyo bo‘ylab translatsiya qilingan vaqtda SSSR markaziy televideniyesi bu voqeani ko‘rsatish o‘rniga badiiy film namoyish etgan degan fikr tarqalgan. Ammo bu voqea yuz bergan paytda, Moskva vaqti bilan ertalab soat 5:56da SSSR markaziy televideniyesi hech qanday ko‘rsatuv bermagan – 1969 yilda televideniyeda ko‘rsatuvlarni uzatish ertalab soat 8dan boshlangan.

Oydan qaytgan ekipaj a'zolari bojxona qog‘ozini to‘ldirishgan

Foto: VseZnayesh.ru

AQSh bojxonasi «Apollon-11» astronavtlari Nil Armstrong, Bazz Oldrin va Maykl Kollinzlardan 24 iyul kuni Tinch okeanida Havayi atrofiga qo‘nishlari bilan Qo‘shma Shtatlarga Oydagi tosh va tuproqlarni import qilgani uchun bojxona shaklini to‘ldirishlarini talab qilgan. Ularning parvoz yo‘nalishi Florida, Kennedi buruni, Oy va Havayi, Honolulu deb yozilgan. Apollo 11 ekipaji o‘zi bilan olib tushgan yukni «Oydagi qoya va chang namunalari» deb yozgan. 

Oydagi yodgorlik taxtasi

Nil Armstrong va Bazz Oldrin Oyda yodgorlik taxtasini qoldirishgan. Unda shunday so‘zlar bitilgan: «Yer sayyorasidan kelgan odamlar Oyga shu yerda ilk bor qadam qo‘yishdi. Iyul 1969, A. D. Biz butun insoniyat uchun tinchlik maqsadida keldik».

Prezident Nikson astronavtlarning qaytmasliklari ehtimoli uchun ham nutq tayyorlagan

Foto: VseZnayesh.ru

Prezident Richard Niksonda «Apollon-11» ekipaji qaytmasligi – xususan, Nil Armstrong va Bazz Oldrin Oyda qolib ketishi ehtimoli uchun yana bir nutq tayyor bo‘lgan. NASA «Apollon-11» kosmik kemasiga ishonsa-da, oy moduliga ishonchi komil emasdi. NASA oy moduli yarim yo‘lda qolib ketishi, komanda moduliga birika olmasligi yoki Oy sathiga qulab tushishidan xavfsirardi. U holda ekipaj a'zolari bir lahzada halok bo‘lishi mumkin edi. Maxsus nutq NASAning g‘oyasi bo‘lib, Armstrong va Oldrin Oyga qo‘nishidan bir oy avval tayyorlangandi.

Uchinchi astronavt Oyga qo‘nmagan va uning sathiga qadam qo‘ymagan

Foto: VseZnayesh.ru

Yuqorida Nil Armstrong va Bazz Oldrinning oy moduli halokatga uchrashi yoki komanda moduliga birika olmasligi xavfi haqida yozgandik. Oy moduli Oy sathida bo‘lgan vaqtda komanda moduli Oy atrofida parvoz qilib turgan. Komanda moduli ichida uchinchi astronavt Maykl Kollinz bo‘lgan. Kollinz Oyga qo‘nmagan, chunki kimdir komanda modulini boshqarishi lozim edi. Agarda Oldrin va Armstrong oyda qolib ketadigan bo‘lsa, Kollinz Yerga bir o‘zi qaytardi. 

Ekipaj a'zolari hayotini sug‘urta qildirmagan, ammo sug‘urtaning boshqacha yo‘lini topgan

Foto: VseZnayesh.ru

Aytib o‘tilganidek, Apollo 11 ekipaji Oydan qaytmasligi ham mumkin edi. Astronavtlar hayotlarini sug‘urta qildirishlari mumkin edi, ammo  bu juda qimmatga tushardi. Shuning uchun Apollo 11 ekipaji a'zolari yuzlab dastxatlar tayyorlashdi. Astronavtlar Oyga parvoz qilayotgan kunda imzolab xatjildga solib qo‘ygan dastxatlar agarda ular koinotda halok bo‘lishganida o‘ta katta pulga sotilishi mumkin edi. Ular Oydan qaytishganidan so‘ng minglab dastxatlar berishdi, ularning ayrimlari yaxshigina pulga sotilgan ham.

Ekipaj a'zolari Yerga qaytishi bilan karantinga joylangan

Foto: VseZnayesh.ru

Apollo 11 astronavtlari Oydan qaytishganidan so‘ng uch hafta davomida karantinda saqlangan. Bu ehtiyot chorasi edi. NASA Oyda halokatli mikroorganizmlar bor-yo‘qligini bilmasdi. Shuning uchun astronavtlar karantinga joylangan, ular o‘zlari bilan olib tushgan Oy tuprog‘i namunalari va skafandrlarida mikroorganizmlar bor-yo‘qligi, ekipaj a'zolari esa biror yangi infeksiyani yuqtirib olgan-olmaganligi tekshirilgan.

Ko‘proq yangiliklar: