O‘zbekistonda muammolarni yechishda turtki berish nazariyasidan foydalanish sinovdan o‘tkaziladi

O‘zbekiston 18:55 / 20.07.2019 2968

19 iyul kuni Innovatsion rivojlanish vazirligi va O‘zbekistondagi BMT Taraqqiyot dasturi tomonidan tashkil etilgan Innovatsiyalar va boshqaruv yechimlari laboratoriyasida “Turtki berish nazariyasining davlat sektorida qo‘llanilishi” mavzuida davra suhbati o‘tkazildi.

Tadbirda fan doktori, professor, O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi sobiq elchisi Alisher Fayzullayev ma'ruza bilan chiqish qildi. Davra suhbati ishtirokchilari — qator vazirliklar va davlat idoralari vakillari turtki berish nazariyasi (ing. nudge theory)ni qo‘llagan holda yechilishi mumkin bo‘lgan muammolarni aniqlashtirishga urindilar, shu bilan bir qatorda nazariyani qo‘llash usullarini muhokama qildilar.

Turtki berish nazariyasi alohida shaxslar, guruhlar va tashkilotlar tomonidan qarorlarning qabul qilinishiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bo‘lmagan, “yumshoq” ko‘rsatmalar orqali ta'sir ko‘rsatish usulini o‘rganadi. Mazkur nazariya bo‘yicha tadqiqotlar yurtimizda Alisher Fayzullayev boshchiligida olib borilmoqda. Shu yo‘nalishdagi tadqiqotning asosiy maqsadi mazkur nazariyaning tamoyillarini amalda sinab ko‘rish orqali jamiyatimizni qiynab turgan aniq muammolarning yechilishida turtki berish nazariyasining imkoniyatlarini namoyish etishdir. O‘z navbatida Innovatsiyalar va boshqaruv yechimlari laboratoriyasida davlat idoralari va muassasalari vakillarining tadqiqot obektini aniqlash bo‘yicha fikr-mulohazalari tinglanib, umumlashtirilmoqda.

Bu nazariya amerikalik iqtisodchi Richard Taler va huquqshunos Kass Sansteynning 2008 yili chop etilgan “Nudge. Sog‘lig‘imiz, farovonligimiz va baxtimiz borasidagi qarorlarimizni qanday mukammallashtiramiz” kitobidan so‘ng ommalashdi. U shuningdek, AQSh va Buyuk Britaniya tadbirkorlik va sog‘liqni saqlash masalalari bilan shug‘ullanadigan siyosatchilari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Ta'kidlash joizki, Taler avvalgi tadqiqotlarni umumlashtirib, nazariya yaratgani uchun iqtisod bo‘yicha Nobel mukofotga sazovor bo‘ldi.

Nazariyaning ahamiyatli jihati shundaki, u biror holatni taqiqlamaydi, aksincha, jamiyat uchun foydali narsani targ‘ib qiladi. Masalan, maktab oshxonasi peshtaxtasida bolalar salomatligi uchun foydali bo‘lgan mevalar, sabzavotli salatlar, sut-qatiq mahsulotlarini ularning ko‘zlari eng tushadigan joyga joylashtirish turtki berish deyiladi, gazli shirin ichimliklar, qovurilgan qarsildoq kartoshka, dudlangan kolbasa kabi zararli mahsulotlarni taqiqlash esa turtki berish hisoblanmaydi. Ya'ni bolalarda tanlash imkoniyati bo‘lgani holda, ularni foydali taomlarni iste'mol qilishga o‘zlariga sezdirmagan holda undab turiladi.

“Maxsustrans” davlat unitar korxonasi mas'ullari chiqindilarni maxsus joylarga tashlash, ularni turlarga ajratish kabi muammolarni mazkur nazariya yordamida amalga oshirish mumkinligi haqida fikr berdilar. Bu o‘z navbatida, davra suhbati tashkilotchilari va ishtirokchilari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Xuddi shunday, odamlarga ichimlik suvini tejashga turtki berish masalasi ham ko‘tarildi.

Adliya vazirligidan tashrif buyurgan ishtirokchi davlat organlari/muassasalarida korrupsiyaning oldini olish masalasida turtki berish nazariyasini qo‘llash mumkinligini aytdi. Biroq bu sohada statistik ma'lumotlar mavjud bo‘lmagani va uni muayyan davlat idorasiga tatbiq etishga urinish noroziliklar va tushunmovchiliklarga sabab bo‘lishi mumkinligini inobatga olgan holda, bu bo‘yicha ishlarni boshqa sohalarda tadqiqot ishlari ijobiy natija bergach amalga oshirish lozimligi qayd etildi.

Ko‘proq yangiliklar: