Moliya vazirligi: 300 mlrd so‘m miqdoridagi qisqa muddatli davlat qimmatli qog‘ozlari joylashtirildi

Iqtisodiyot 12:17 / 20.07.2019 6544

2019 yil 19 iyulda O‘zbekiston respublika valuta birjasida 160 kunlik davlat qimmatli qog‘ozlarini joylashtirish bo‘yicha navbatdagi elektron savdolar o‘tkazildi. Bu haqda Moliya vazirligi xabar bermoqda.

Auksion savdolarida umumiy nominal qiymati 300 mlrd. so‘m bo‘lgan davlat qimmatli qog‘ozlari birlamchi moliya bozorlarida joylashtirilib, ularni sotib olish uchun 435 mlrd. so‘m hajmdagi buyurtmalar kelib tushdi. 

O‘tkazilgan auksion natijasiga ko‘ra qisqa muddatli davlat qimmatli qog‘ozlari bo‘yicha o‘rtacha tortilgan daromadlilik yillik 14,89 foizni tashkil etdi.

Qayd etilishicha, auksionda dilerlar tomonidan berilgan buyurtmalar hajmi savdoga qo‘yilgan qisqa muddatli davlat qimmatli qog‘ozlarining umumiy qiymatidan (300 mlrd. so‘m) salkam bir yarim barobar ortiq ekanligi mazkur moliyaviy instrumentlarga bo‘lgan talabning yuqori darajada saqlanayotganini ko‘rsatadi.

Shu bilan birga, qisqa muddatli davlat qimmatli qog‘ozlari daromadliligining yillik 14,89 foizgacha oshishi asosan, joriy oyda 700 mlrd. so‘m hajmda davlat qimmatli qog‘ozlarining chiqarilishi, shuningdek, pul-kredit siyosatining qat'iylashtirilishi natijasida bank tizimidagi likvidlikning sezilarli darajada kamayganligi bilan izohlanadi.

Kelgusida davlat qimmatli qog‘ozlarini chiqarish bo‘yicha Moliya vazirligining qarorlari davlat qarzini diversifikatsiyalash va uni samarali boshqarish hamda mahalliy moliya bozorlarini rivojlantirish maqsadlaridan kelib chiqib qabul qilinadi. 

Ko‘proq yangiliklar: