Markaziy bank Boshqaruvining 2019 yil 20 iyuldagi qarori bilan qayta moliyalash stavkasi yillik 16 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirildi.
Markaziy bank Boshqaruvining mazkur qarori iqtisodiyotda inflyatsion xatarlarning saqlanib qolayotganligi hamda kreditlar uchun resurslar manbalarini shakllantirishda davlat mablag‘laridan an'anaviy bozor instrumentlariga o‘tish zaruriyati yuzaga kelgan sharoitida banklardagi uzoq muddatli jamg‘armalar va ular ulushining oshishi sur'atlarini mustahkamlash vazifalaridan kelib chiqib qabul qilindi.
Joriy yilning I yarim yilligida avval e'lon qilingan ikkita press-relizlarda nazarda tutilgan ayrim inflyatsion xatarlarning yuzaga kela boshlaganligini inobatga olib, inflatsiya prognozi 13,5-15,5 foiz oralig‘ida o‘zgarishsiz qoldirildi.
Inflatsiya va inflyatsion kutilmalar. Joriy yilning I yarim yilligida iste'mol narxlari oshishi 5,6 foizni tashkil etib, 2018 yilning mos davridagi ko‘rsatkichdan 0,6 foiz bandga past bo‘ldi.
Inflatsiya asosan oziq-ovqat tovarlari va xizmatlarning bozor narxlari oshishi ta'sirida shakllangan bo‘lsa, ma'muriy tartibga solinadigan xizmatlar tariflari va nooziq-ovqat tovarlari narxlarining yuqori darajada oshmaganligi inflatsiyaning keskin o‘sishining oldini oldi. Shu bilan birga, energiya resurslari tariflari oshirilishining oldin e'lon qilingan muddatga nisbatan keyinga qoldirilishi ham mazkur davrda inflatsiya darajasining kutilgandan past darajada shakllanishiga xizmat qildi.
Yillik hisobda inflatsiya darajasi 13,6 foizni tashkil etib, bazaviy prognoz koridorining quyi chegarasiga yaqin darajada saqlanib qoldi. Bunda, yillik inflatsiya darajasi oxirgi 5 oy davomida 13,5-13,7 foiz oralig‘ida saqlanib qoldi.
Iqtisodiyotda ishlab chiqarish hajmlariga nisbatan kreditlar ajratish va davlat xarajatlarining yuqoriroq sur'atlarda o‘sishi hisobiga ichki narxlarga yalpi talab tomonidan bosimning ortishi, aholi daromadlari ko‘payishi hamda ishlab chiqarish xarajatlarining oshishi ma'lum darajada inflatsiya darajasini pasaytirish vazifasini qiyinlashtirmoqda.
Oziq-ovqat inflatsiyasi meva va sabzavot mahsulotlari narxlari o‘zgarishini hisobga olmaganda aprel oyida o‘zining eng yuqori darajasiga yetdi. Bunga narxlarning soliq tizimidagi o‘zgarishlar hamda ishlab chiqarish xarajatlarining oshishiga moslashishi sabab bo‘ldi. Ushbu omillar ta'sirining sekin-asta kamayishi joriy yilning may-iyun oylarida mazkur mahsulotlar narxlari dinamikasining pasayishida o‘z aksini topdi.
Ayrim turdagi meva va sabzavotlar narxlarining o‘tgan davrda past bo‘lganligi hisobiga 2019 yilning II choragida ular narxlarining o‘sish sur'ati tezlashib, yillik inflatsiyaga oshiruvchi ta'sir ko‘rsatdi. Taqqoslash uchun, 2018 yil II choragida meva va sabzavot mahsulotlari narxlari 18,7 foizga pasaygan bo‘lsa, joriy yilning II choragida 8,1 foizga kamaydi.
Mazkur davrda aholi va tadbirkorlik sub'yektlarining inflyatsion kutilmalari, umuman olganda, pasayuvchi dinamikani namoyish etdi. Yuridik shaxslarning inflyatsion kutilmalarida barqaror pasayish trendi kuzatilgan bo‘lsa, ayni vaqtda, jismoniy shaxslar kutilmalarida 2019 yil yanvar-aprel oylaridagi pasayishdan so‘ng, oxirgi ikki oyda o‘sish kuzatildi.
Markaziy bank pul-kredit siyosatini yuritishda, inflatsiya darajasini 2021 yilda bir xonali raqamgacha pasaytirish vazifasidan kelib chiqadi. Bunda, bazaviy ssenariy bo‘yicha 2020 yil uchun inflatsiya prognozini 10-12 foiz darajasida saqlab qoldi.
Kelajakda inflatsiya darajasini pasaytirish vazifasi davlat xarajatlari va kreditlash hajmlari o‘sish sur'atlarini maqbullashtirishni talab etadi. Inflatsiya darajasini pasaytirishda yana bir muhim omil bo‘lib, tarkibiy islohotlar, xususan sog‘lom raqobat sharoitlarini yaratish, investitsion muhitni yaxshilash yo‘lidagi fundamental to‘siqlarni olib tashlash bo‘yicha ta'sirchan choralarning ko‘rilishi, infratuzilmani rivojlantirish, davlat korxonalarini isloh qilishni o‘z vaqtida amalga oshirish, olib borilayotgan soliq islohotlari samaradorligini oshirish kabilar hisoblanadi.
2019 yil I yarim yilligida makroiqtisodiy sharoitlar asosan, ayrim xom-ashyo tovarlari eksporti uchun qulay bozor kon'yunkturasi hamda yalpi talabning yuqori o‘sish sur'atlari ta'sirida shakllandi.
Mazkur davrda YaIM o‘sish sur'ati 5,8 foizni tashkil etdi. Bunda, yuqori iqtisodiy faollik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish (6,9 foiz), qurilish ishlari (20 foiz) va xizmatlar sohasida (12,7 foiz) kuzatildi. Shuningdek, asosiy kapitalga investitsiyalar 58,9 foizga o‘sdi.
O‘zbekiston iqtisodiyotining joriy holati o‘ziga xos hisoblanib, yillar davomida yig‘ilib kelgan investitsion “chanqoqlik”, ijtimoiy-iqtisodiy xarajatlarning kechiktirilganligi va iqtisodiyotni erkinlashtirish bilan birgalikda bugungi kunda moliyaviy va investitsiyaviy resurslarga qo‘shimcha talabni yaratmoqda. Bunda, iqtisodiyotni kreditlash hajmining kengayishi hamda budjet xarajatlarining dastlabki ko‘zda tutilgan hajmlarga nisbatan yuqoriroq sur'atlarda o‘sishi 2019 yilning I yarim yilligida talabni oshiruvchi asosiy omillar bo‘ldi.
Ushbu davrda tashqi savdo balansining salbiy saldosi 2,8 mlrd. dollarni tashkil etdi va yil oxirigacha oshishi kutilmoqda. Tashqi savdo balansi taqchilligi joriy operatsiyalar balansining birlamchi va ikkilamchi hisoblari sof daromadlari hamda moliyaviy hisoblar evaziga qoplanishi kutilmoqda. Bu milliy valutaning almashuv kursiga sezilarli bosim yaratmaydi.
2019 yil dastlabki yarim yilligida milliy valuta almashuv kursi eksport tushumlar va transchegaraviy pul o‘tkazmalari hisobiga ichki valuta bozoriga xorijiy valutaning mo‘'tadil taklifi natijasida nisbatan barqaror bo‘ldi. Yil boshidan so‘m almashuv kursi 2,7 foizga qadrsizlandi.
Iqtisodiyotda yalpi talabning sezilarli darajada oshishi 2019 yil yakuniga ko‘ra real YaIM o‘sish sur'atining dastlabki prognozlarga nisbatan biroz tezlashishiga xizmat qilishi mumkin.
Pul-kredit sharoitlari. Bank tizimida likvidlikning tarkibiy profitsit bilan shakllanishiga bog‘liq holda banklararo pul bozorida foiz stavkalari 13,7 foizdan 15,1 foizgacha oraliqda tebranib turdi. Iyul oyining o‘tgan davrida o‘rtacha tortilgan foiz stavkasi 15,4 foizgacha ko‘tarildi.
I yarim yillik yakunlari bo‘yicha tijorat banklarining kredit qo‘yilmalari 23,4 foizga (38,6 trln. so‘mga) oshgan bo‘lsa, yillik o‘sish sur'ati prognoz ko‘rsatkichlaridan 2 barobardan ziyodroq oshib, 52,8 foizgacha tezlashdi. Bunda, milliy valutadagi kreditlar yil boshidan 22 foiz yoki 16,3 trln. so‘mga (2018 yilning mos davrida 37,4 foiz yoki 16,2 trln. so‘m), yillik hisobda esa 54,0 foizga ko‘paydi.
Kredit bozorining joriy segmentlashgan holatida pul-kredit sharoitlari alohida qarzdorlar guruhi uchun turlicha bo‘lib qolmoqda. Pul-kredit siyosatining qat'iy sharoitlari bozor shartlarida kredit oluvchi biznes sub'yektlariga ko‘proq sezilmoqda.
Tahlil qilinayotgan davrda muddatli depozitlar bo‘yicha ijobiy real foiz stavkalari saqlanib qoldi. Aholi va xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarning milliy valutadagi muddatli depozitlari 32,7 foizga oshib, ularning milliy valutadagi jami depozitlar tarkibidagi ulushi 32 foizga (2018 yilning mos davrida 21 foiz) yetdi.
Joriy holatda depozitlar bo‘yicha yuqori foiz stavkalari pul-kredit sharoitlari bilan bir qatorda inflyatsion kutilmalar yuqoriligi bilan izohlanadi. Bu, o‘z navbatida, kreditlar bo‘yicha foiz stavkalarining shakllanishiga ta'sir ko‘rsatadi.
Prognoz va asosiy xatarlar. Birinchi yarim yillikda inflatsiya darajasi prognoz koridorining quyi chegarasida shakllanishiga qaramasdan, pul-kredit siyosatining 2019 yil va 2020-2021 yillar davriga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlarining muqobil ssenariysida nazarda tutilgan ba'zi bir xatarlar hali ham saqlanib qolmoqda.
Xususan, energiya resurslari narxlarining bosqichma-bosqich erkinlashtirilishi, QQS bo‘yicha imtiyozlarning bekor qilinishi, bojxona bojlari va tariflarini qayta ko‘rib chiqilishi mumkinligi, kreditlashning jadal sur'atlari, inflyatsion kutilmalarning jilovlanmaganligi va ularning nisbatan yuqoriligi kabi omillar kelgusida qo‘shimcha inflyatsion bosimning paydo bo‘lishiga olib kelishi mumkin.
Markaziy bank yuqorida ta'kidlab o‘tilgan inflyatsion xatarlarning amalga oshish ehtimolligini hisobga olib, 2019 yil oxiriga inflatsiya prognozini 13,5-15,5 foiz darajasida o‘zgartirishsiz saqlab qolmoqda.
Bunda, 2019 yil III choragida yillik inflatsiya darajasi energiya resurslari tariflari, ish haqi va pensiya to‘lovlarining kutilayotgan oshirilishi natijasida joriy ko‘rsatkichlarga nisbatan biroz yuqori bo‘lishi mumkin. Lekin, 2019 yilning IV choragida tartibga solinadigan narxlar oshirilishining yillik inflatsiyaga ta'siri kamayib, inflatsiyaning prognoz ko‘rsatkichlari doirasida bo‘lishiga yordam beradi.
Budjet xarajatlarini maqbullashtirish zaruriyatining yuzaga kelishi sharoitida banklarni o‘z resurs bazasini shakllantirishda markazlashgan resurslardan an'anaviy bozor instrumentlariga yo‘naltirishni rag‘batlantirish talab etiladi. Bu, o‘z navbatida, pul-kredit siyosatining keyingi davrdagi yo‘nalishini belgilashda inobatga olib boriladi.
Kelgusida Markaziy bank inflatsiyaning ichki va tashqi omillari ta'sirini, iqtisodiyot holatini diqqat bilan kuzatib boradi, banklarning moliyaviy barqarorligi monitoringini amalga oshiradi hamda iqtisodiyotda noaniqliklar va tarkibiy shoklarning bosqichma-bosqich kamayishidan kelib chiqib tegishli choralar ko‘rib boradi.